Jizzax viloyatida moyli ekinlar urug‘chiligini rivojlantirish hamda ishlab chiqarishni kengaytirish masalalariga bag‘ishlangan respublika ko‘rgazmali seminari boʻlib oʻtdi.
Moyli ekinlar urug‘chiligini rivojlantirish va ishlab chiqarish hajmlarini oshirish bo‘yicha respublika ko‘rgazmali seminari qishloq xo‘jaligi sohasi rahbariyati va mutasaddilarini, butun respublikadan moyli ekinlar ekishga ixtisoslashgan xo‘jaliklar vakillarini, shu sohada ilmiy izlanishlar olib borayotgan olimlar hamda mutaxassislarni jamladi.
Tadbirda qatnashgan Qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov mamlakatda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda moyli ekinlar ekish va ishlab chiqarishni kengaytirishning ahamiyati xususida to‘xtaldi. Bu borada moyli ekinlar urug‘chiligini rivojlantirish birlamchi ustuvorlikka ega ekanligini ta’kidladi.
Seminarda kungaboqar, soya, maxsar kabi moyli ekinlarning qishloq xo‘jaligi ekini sifatida ekilishi mamlakat oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga xizmat qilibgina qolmay, fermerning o‘ziga yaxshigina foyda keltirishi ham isbotlab berildi. Chunonchi, takroriy ekin sifatida ekiladigan kungaboqarning iqtisodiy samardorligi aniq-ravshan hisob-kitoblar orqali namoyish etildi: takroriy ekin sifatida ekilgan kungaboqardan gektariga 12 mln so‘m sof foyda olinadi. Bu esa, yaxshigina qo‘shimcha daromad manbasi deganidir.
Shuningdek, bugungi kunda kungaboqarning eng samarali navlari deb e’tirof etilayotgan “Pioner” va “Aley” navlarining xarakteristikalari seminar qatnashchilarida katta qiziqish uyg‘otdi. “Pioner” navi AQSh va Ukraina olimlari tomonidan seleksiya qilingan bo‘lib, kasalliklarga, suv taqchilligiga chidamliligi va serhosilligi bilan ajralib turadi. Ertapishar navlar gektariga 2-3 tonna, o‘rtapishar turlari – 3-4 tonna, kechpishar navi esa 5-6 tonnagacha hosil beradi. U ayniqsa cho‘l sharoitiga juda yaxshi moslashgan.
“Aley” kungaboqarlari Rossiya olimlari tomonidan ishlab chiqilgan, kasalliklarga chidamli, har qanday iqlim sharoitida ham yuqor hosil beradi. Uning 90 kunda pishib yetilishi, tarkibida yog‘ miqdori 54-56% ni tashkil qilishi diqqatga sazovor.
Seminar qatnashchilari kungaboqar urug‘lari, uni parvarishlash agrotexnikasi, bu borada jizzaxlik mirishkorlar erishgan yutuqlar bilan atroflicha tanishdilar.
Spelling error report
The following text will be sent to our editors: