O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov qishloq xo‘jaligida amalga oshirilayotgan islohotlarni ko‘zdan kechirish, joylarda amalga oshirilayotgan loyihalarning izchilligini ta’minlash maqsadida ishchi tashrif bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasiga keldi. Dastavval vazir Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar Milliy markazi – AKISning Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi filiali uchun foydalanishga taklif etilgan binosi bilan tanishdi. Aytish kerakki, yangidan qurilmagan bu bino ta’mirtalab. Tanishish chog‘ida Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar Milliy markazi filiali uchun qulay lokatsiya, bugungi kun talablariga javob beradigan ko‘rkam va zamonaviy bino tanlash kerakligi, u aynan qishloq xo‘jaligi sohasida bilim va innovatsiyalar ustida ishlash uchun mos bo‘lishi hamda barcha tumanlardan keladigan fermerlar uchun maqbul bo‘lishi lozimligi haqida fikrlar bildirildi va bu boradagi ishlarni amalga oshirish uchun mutasaddilarga topshiriqlar berildi.
Shundan so‘ng Aziz Voitov boshchiligidagi ishchi guruh a’zolari Xo‘jayli tumaniga yo‘l oldi. Tumandagi “Mild Asia tekstile” MChJning 45,8 gektar yer maydoniga paxta ekilgan. 90 gektar yerga tomchilatib sug‘orish texnologiyasi joriy qilingan. Mazkur klasterning hududiga yondosh 8 gektar yer maydonida yangi intensiv bog‘ barpo qilish rejasi aynan shu yerda ma’lum qilindi. Yangi loyiha muhokamasi chog‘ida eng so‘nggi zamonaviy texnologiyalar asosida barpo etiladigan bog‘ning Qoraqalpog‘iston iqlim sharoitiga mos bo‘lishi nuqtai-nazaridan fikrlar bildirildi.
Tashrif mobaynida vazir ayni kunda mintaqada olib borilayotgan g‘o‘za parvarishi va texnologiyasi bilan ham tanishdi. Jumladan Xo‘jayli tumanida ekilgan paxta konturlari va g‘alla maydonlarini ko‘zdan kechirdi. Fermerlar va klasterlar rahbarlari bilan paxta dalalarida amalga oshirilayotgan agrotexnologiyalar, g‘o‘za parvarishlash bilan bog‘liq masalalar yuzasidan atroflicha fikr almashildi.
Aytish joizki, Aziz Voitov ko‘zdan kechirgan dalalarning aksariyat qismida g‘o‘zaning S-4727 navi ekilgan bo‘lib, bu R-1 avlodiga mansubdir. Shu yerdagi fermerlarning fikriga ko‘ra, gektaridan 40 sentnerdan hosil olish rejasi bor. Bu mazkur hudud uchun yomon natija emas. Muloqot chog‘ida dala chetlaridan samarali foydalanish madaniyatini rivojlantirish va bu orqali manfaatdorlikni oshirish nuqtai nazaridan vazir o‘z ko‘rsatmalarini berish bilan birga, fermerlar bilan bu yo‘nalishdagi ishlar natijasi bo‘yicha fikr almashdi.
Shundan so‘ng Xo‘jayli tumanida navbatdagi tashrif lokatsiyasi 2022- yilda ishga tushirilgan “Xo‘jayli un mahsulotlari” MChJ korxonasi bo‘ldi. Mazkur korxona oyiga 6 ming tonna bug‘doyni qayta ishlab, 4,5 ming tonna un, 1,5 ming tonna ozuqa yemi ishlab chiqaradi. 90 nafar kishi doimiy ish bilan ta’minlangan.
Bu yerda Xo‘jayli dalalarida yetishtirilgan bug‘doyni keltirib undan un tayyorlash juda yaxshi yo‘lga qo‘yilgani bois manfaatdorlik juda yuqori. Tadbirkor tomonidan bugungi kunda korxonada yangi texnologiyalar asosida energiya tejamkorlik yo‘lga qo‘yilgani hamda mahsulotlarni saqlash va uning logistikasi bilan bog‘liq bo‘lgan barcha masalalarda ijobiy natijalarga erishilayotganligi qayd etildi. Shuni alohida ta’kidlash kerakki, tadbirkorga yer maydoni ham berilgan. Bu yerda tadbirkor bug‘doy yetishtirishni yo‘lga qo‘yish uchun tinmasdan ish olib bormoqda. Aziz Voitov korxona faoliyati bilan tanishuv chog‘ida tadbirkor va mutasaddi rahbarlar bilan bu boradagi masalalar to‘g‘risida atroflicha fikrlashdi hamda ularning yechimi bo‘yicha aniq takliflar o‘rtaga tashlandi. Qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitovning Qoraqalpog‘iston Respublikasiga ishchi tashrifi davom etmoqda.
Spelling error report
The following text will be sent to our editors: