Qishloq xo‘jaligi vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligi hamda Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi sohasida strategik rivojlanish va tadqiqotlar xalqaro markazining (ISCAD) mutaxassislaridan iborat guruh Yevropa Ittifoqining ASK (Qishloq xo‘jaligini qo‘llab-quvvatlash va soha bilimlarini oshirish) dasturi doirasida Polsha Markaziy statistika ofisi va Qishloq xo‘jaligi va qishloq joylarini rivojlantirish vazirligiga tashrif buyurdi.
Polshaning qishloq xo‘jaligi sohasida ro‘yxatdan o‘tkazish tajribasini o‘rganish maqsadida amalga oshirilgan ushbu o‘quv-tanishuv tashrifida bu jarayonning har bir bosqichini, xususan, rejalashtirishdan tortib, natijalarni tarqatishgacha bo‘lgan tartiblar bilan yaqindan tanishildi.
Shuningdek, jarayonning har bir yo‘nalishiga, jumladan, boshqaruv, texnik, operatsion va byudjetga bog‘liq bo‘lgan masalalarga ham eʼtibor qaratildi.
Polshada Markazlashgan rejali iqtisodiyot tizimi tugatilgach, tanlanma kuzatuvlardan olingan maʼlumotlar axborot ehtiyojlari uchun yetarli emasligi aniq bo‘ldi. Ushbu bo‘shliqni to‘ldirish uchun 1996-yildan boshlab, Polsha Markaziy statistika ofisi tomonidan milliy qishloq xo‘jaligi sohasida ro‘yxatdan o‘tkazish jarayoni amalga oshirib kelinmoqda. 2010-yildan milliy qishloq xo‘jaligini ro‘yxatdan o‘tkazishdan boshlab yangi so‘rov metodologiyasi qo‘llanila boshlandi. Unga ko‘ra, ro‘yxatga olinishi kerak bo‘lganlar o‘zini onlayn ro‘yxatlashtirishi, intervyu oluvchi tomonidan telefon orqali suhbat yoki ro‘yxatlashtirayotgan agent tomonidan o‘tkaziladigan yuzma-yuz muloqot orqali maʼlumot berishi yo‘lga qo‘yildi. Bundan tashqari, ishlatilgan atamalar ham vaqt o‘tishi bilan o‘zgardi va 1996, 2002, 2010 va 2020-yillarda o‘tkazilgan qishloq xo‘jaligini ro‘yxatdan o‘tkazish jarayonida yangilandi.
Ma’lumot o‘rnida aytish mumkinki, Polshada qishloq xo‘jaligi sohasida ro‘yxatdan o‘tkazish jarayoni oxirgi marotaba 2020-yilda (1-sentabrdan 30-noyabrgacha) bo‘lib o‘tdi. Bu Polsha Yevropa Ittifoqi aʼzosiga aylanganidan keyin mamlakatda o‘tkazilgan ikkinchi marotaba qishloq xo‘jaligini ro‘yxatdan o‘tkazish jarayoni hisoblanadi. Polsha Markaziy Statistika boshqarmasidagi bunday katta tajriba yuqorida qayd etilgan usullarning afzalliklari va kamchiliklari haqida to‘liqroq maʼlumot olishga imkon beradi.
Tashrif mobaynida o‘rganilgan Polsha tajribasi xuddi shu tayyorgarlik bosqichida turgan o‘zbekistonlik mutaxassislarga mamlakatimizdagi qishloq xo‘jaligini ro‘yxatdan o‘tkazishni rejalashtirishda talab qilinadigan usullar, atamalar va jarayonlar bilan yaqindan tanishish va jarayonni tanqidiy o‘rganishlariga yordam berdi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: