Rim konferensiyasi doirasidagi uchrashuvlar, muzokaralar davom etmoqda. Navbatdagi uchrashuv Qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov va Isroil Qishloq xo‘jaligi va qishloq hududlari vaziri Avi Dixter o‘rtasida bo‘lib o‘tdi.
Isroil qishloq xo‘jaligi sohasi rivojlanishi bo‘yicha dunyoda yetakchi davlatlar safida. Shuni alohida taʼkidlash joizki, mamlakat ekinlarni iqlim sharoitiga moslashtirish, qurg‘oqchilikka yuz tutgan yerlarga ishlov berish, suv resurslaridan tejamkorlik bilan foydalanish bo‘yicha namunaviy tajribaga ega. Uchrashuvda tomonlar ushbu jihatlarga alohida eʼtibor qaratishdi, o‘zaro fikr almashildi.
Maʼlumki, Orolqum — dunyodagi eng yosh sahro bo‘lib, uning taʼsiri kelajak ekotizimiga ham tahdid soladi. Mana shu taʼsirlarni yumshatish va u yerdagi ekotizmni saqlab qolish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vaziri isroillik mutaxassislarni Orolbo‘yiga taklif qildi. Ularning cho‘l hududlaridagi yerlarga ishlov berish tajribasini yurtimizda qo‘llash asosiy maqsad ekanligi taʼkidlandi.
Bundan tashqari, suv tejovchi texnologiyalar bo‘yicha ham o‘zaro fikr almashildi. Bu borada Isroilning o‘ziga xos startap-ekotizimi mavjud. Agrotexnologiyalar esa aynan ushbu soha rivoji uchun yo‘naltirilgan.
Shuningdek, muloqot chog‘ida don va dukkakli ekinlarni yangi texnologiya bo‘yicha ekish, ilmiy salohiyat almashinuvi hamda issiqxona xo‘jaliklarini tashkil etish borasida ham hamkorlik qilishga kelishib olindi.
Spelling error report
The following text will be sent to our editors: