“Hamma tuxumni bir savatda saqlama” deydi qadimiy xalq maqoli. Zamonaviy biznes, ishlab chiqarishgina emas, agrariya ham mana shu tamoyil asosida yashamoqda – bir tur mahsulotgagina bog‘lanib qolishdan chetlanib, ekinlar turlarini ko‘paytirish payida bo‘lmoqda.
Bugungi fermer yaxshi biladi: bir emas, bir necha ekin turlarini yetishtirish daromadni oshiribgina qolmay, turli xatarlardan ham himoya qiladi – bir yo‘nalishda kutilgan natijaga erishilmasa (tabiiy ofatlar, ekinning kasallanishi va boshqalar sababli), boshqa yo‘nalishdagi daromad zararlarni qoplab ketadi.
Surxondaryo viloyati Angor tumanidagi “Ma’murqulov Shoqul” fermer xo‘jaligi faoliyatida ham mana shunday, zamonaviy yondashuvning guvohi bo‘ldik. Xo‘jalik paxta, g‘alla va pillachilikka ixtisoslashgan. Bundan tashqari, yaxshigina bog‘ga ham ega. Bu bilan kifoyalanmay, dala chetlariga turli sabzavotlar ekilganki, ular ishchilarning qozonini to‘ldirib, ortgani bozor rastasiga ham chiqarilmoqda.
Keling, so‘zni fermer xo‘jaligi rahbariga beraylik. Surxondaryo viloyati Angor tumanidagi “Ma’murqulov Shoqul” fermer xo‘jaligi rahbari Shoqul Ma’murqulov:
“Fermer xo‘jaligimiz asosan paxta, g‘alla va pillachilikka ixtisoslashgan. Hozirda 130 gektar yer mavjud bo‘lib, ekin maydonimiz 120 gektarni tashkil qiladi. Shundan 70 gektariga paxta, 69 gektariga g‘alla ekkanmiz. 29-30-may kunlari tovar don bo‘yicha rejani 110 foiz qilib bajarganmiz. Hozirda Rossiyadan keltirilgan “Grom” urug‘lik navli g‘allani o‘rishni boshladik. Bu nav gektariga 100 sentrnergacha hosil bermoqda, o‘rtacha hisoblaganda 70-80 sentnerdan tushyapti. Paxtaga kelsak, 70 gektar yerga “Yuksalish” navini ekkanmiz. Hozirda ikkinchi ozuqani berib, sug‘ormoqdamiz. Mahalliy go‘ng bilan o‘g‘itlab, hasharotga qarshi suspenziya berilmoqda”.
Ha, g‘alla va paxta yetishtirish – fermer xo‘jaligining asosiy yo‘nalishi. Ammo yagonasi emas. Shoqul Ma’murqulov Farg‘ona vodiysining “tashrif qog‘oz”iga aylangan olmazor va uzumzorlarni vohada ham yo‘lga qo‘yishga astoydil bel bog‘lagan. Atay vodiydan keltirilgan “Atlas” navli olma ko‘chatlari, tok ko‘chatlari yangi sharoitga moslashib, osmonga bo‘y cho‘zmoqda.
Fermer xo‘jaligining asosiy ishchilari 30 kishi bo‘lib, qo‘shimcha ravishda 70 nafar mavsumiy ishchi yollangan. Hozirgi kunda ular bir yoqadan bosh chiqarib, chopiq, yagana, chekanka ishlarini bajaryapti.
Bir tomondan ushbu ishchilarning ro‘zg‘origa harna madad deb, qolaversa, muhtaram Prezidentimizning qarori ijrosi yo‘lida dala chetlaridan unumli foydalanish maqsadida, uch gektarga yaqin qo‘shimcha yerga ishlov berib kelinmoqda. Jumladan, dala chetiga qovoq, qovun-tarvuz, pomidor, bug‘or qalampirlari ekilgan. Dala chetidan foydalanishning samaralari ko‘p,- deydi tadbirkor. Birinchi navbatda bu – obodonchilik. Qolaversa, ishchilarning dasturxonlari to‘kin bo‘ladi. Oziq-ovqat mahsulotlari arzonlashuviga xizmat qiladi.
Yerning hadisini olgan dehqon, ishning ko‘zini bilgan tadbirkor va ishchilari g‘amini yeydigan rahbar – bugungi fermerlarni mana shunday ta’riflash mumkin. “Ma’murqulov Shoqul” fermer xo‘jaligi rahbari ham shular jumlasidan. U har yilgi daromadlaridan xo‘jalikni texnik ta’minlashga, ishchilarni moddiy rag‘batlantirishga, ish sharoitini yaxshilashga mablag‘lar ajratib keladi. Bu haqda fermerning o‘zi shunday deydi:
“O‘tgan yil paxtadan 1 mlrd so‘mdan ziyod daromad olganmiz. Ushbu daromad hisobidan xorijdan “Holland” traktorini xarid qildik. Hozirda u og‘irimizni yengil qilmoqda. Bu yilgi daromad hisobiga xorijdan zamonaviy qishloq xo‘jaligi texnikalarini keltirishni, xodimlarni rag‘batlantirishni rejalashtirganmiz. Ishchilarga uy solib berish, dala shiyponi qurish niyatidamiz. 2021-yildan buyon 15 gektar yerimizda tomchilab sug‘orish texnologiyasidan foydalanib, paxtadan 40 sentnerdan hosil olib kelyapmiz. Bu yilgi daromaddan barcha yerlarimizda tomchilab sug‘orishni joriy qilish niyatidaman”.
Dehqonchilikdek azaliy kasbga zamonaviy yondashuvlarni joriy qilib, mehnat unumdorligini karrasiga oshira olgan fermerga aslo hormang, deb qolamiz.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: