Qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi direktori Shuxrat Kadirov boshchiligidagi agentlik vakillari bilan uchrashdi.
Unda “O‘zbekkosmos” agentligi respublika iqtisodiyotining turli sohalarida kosmik texnologiyalarning qo‘llanish darajasini kengaytirish, kadastr, suv, geologiya, o‘rmon, favqulodda vaziyatlar, shuningdek qishloq xo‘jaligi sohasida amalga oshirilgan ishlar va erishilgan natijalar, Qishloq xo‘jaligi vazirligi bilan birgalikda amalga oshirilgan raqamlashtirish loyihalari to‘g‘risida taqdimot qildi.
Shu bilan bilan birga, Prezidentning “Kosmik tarmoqni yanada rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Qaroriga muvofiq yerni masofadan zondlash materiallari va geoaxborot texnologiyalari asosida qishloq xo‘jaligi yerlarini o‘zboshimchalik bilan egallash holatlarini hamda noqonuniy qurilgan bino va inshootlarni aniqlash, shuningdek, qishloq xo‘jaligi sohasida yerlardan foydalanishning joriy holati, ekinlarning turlari, haqiqatda ekilgan ekin maydonlarini aniqlash borasida fikr almashildi.
Yig‘ilishda “O‘zbekkosmos” agentligi tomonidan suv resurslarini boshqarishni raqamlashtirish borasidagi tajriba, katta hajmdagi maydonlarga ilg‘or texnologiyalar yordamida ishlov berish bo‘yicha platformani joriy etish istiqbollari muhokama qilindi. Bunda, Qishloq xo‘jaligi vazirligi tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan suv manbasidan ekin joylashgan konturgacha bo‘lgan sug‘orish ishlarini monitoring qilish, ekinlarning suvga bo‘lgan ehtiyojini va sug‘orish samaradorligini baholash bo‘yicha loyihaning joriy holati ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv yakunlariga ko‘ra, tomonlar suv resurslarini boshqarishni raqamlashtirish masalalari bo‘yicha shug‘illanuvchi ishchi guruhni shakllantirish va hamkorlikda kosmik monitoringni amalga oshirishni kengaytirish masalalarini kelishib oldilar.
Spelling error report
The following text will be sent to our editors: