Inson o‘zini xavfsiz va himoyalangan his qilsagina, uning ishida unum, baraka bo‘ladi. Bizning xavfsizligimiz esa nafaqat huquqiy jihatdan kafolatlanganligiga, balki biz isteʼmol qiladigan mahsulotlar, nafas olayotganimiz – toza havo va bizni qurshab turgan tabiatning sofligiga ham bog‘liq.
Ushbu mezonni bir maromda saqlab turish maqsadida esa qishloq xo‘jaligi sohasida ham bir qator himoya chora-tadbirlari amalga oshiriladi. Tabiatda biofonni boyitish va zararli organizmlar keng tarqalishining oldini olish hamda ularga qarshi biologik kurash ishlarini rivojlantirish maqsadida respublika bo‘ylab 2023-yil 29-maydan 28-iyunga qadar “Dolzarb o‘ttiz kunlik biohimoya” tadbiri e‘lon qilindi.
Agroklasterlar, fermer va dehqon xo‘jaliklari vakillari hamda tomorqa egalari ishtirokida “Biologik himoyaning afzalligi” mavzusida ko‘rgazmali seminarlarni tashkil etish bu oylikning samarali o‘tkazilishini taʼminlaydi.
Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi tizimidagi “Biosifat” respublika markazi tashabbusi bilan o‘tkazilayotgan ushbu keng qamrovli seminar tadbirlarida g‘o‘za maydonlariga biolaboratoriyalarda yetishtirilgan oltinko‘z entomofaglarini gektariga 1000-2000 donadan tarqatilishini ta‘minlash hamda kuzgi tunlam va g‘o‘za tunlamlarini aniqlash maqsadida gektariga 1 donadan feromon tutqichlarni o‘rnatish ko‘zda tutilgan. Ekin maydonida ushbu feromon tutqich yordamida hasharot yoki zararkunanda bor-yo‘qligini, uning miqdorini bilish mumkin.
Shuningdek, g‘o‘za maydonlarida trixogrammaning zamonaviy texnologiya uskunalarida tarqatish ishlari ham amalga oshiriladi.
Shu bilan birga, ushbu oylik doirasida mevali bog‘, poliz, issliqxona, dukkakli va boshqa ekinlarda uchraydigan zararkunandalarga qarshi oltinko‘z va brakon entomofaglarining gektariga 2000-3000 donadan 3 marotaba tarqatilishini ta‘minlash hamda dala va issiqxonalarda yetishtirilayotgan pomidor, bodring, bulg‘or qalampiri va sitrus ekinlarida uchraydigan zararkunandalarga qarshi biologik kurashda ularning zichligiga qarab, gektariga 3000-5000 donadan oltinko‘z entomofaglarini tarqatish ham rejalashtirilgan.
Ushbu oylikni o‘tkazish orqali respublikamiz ekin maydonlaridagi har bir o‘simlikni himoya qilish, unga zarar beruvchi zararkunanda hamda kasalliklarga qarshi kurashishga erishish mumkinligi yillar mobaynida o‘z isbotini topib kelmoqda.
Oylik davom etmoqda va unga bog‘liq tafsilotlarni yoritishda davom etamiz.
Spelling error report
The following text will be sent to our editors: