Bu yil paxta dalalarini kezar ekansiz, o‘zgacha ruhiyatni, yangicha muhitni his qilasiz. Mamlakat agrar sohasining asosiy tarmog‘i hisoblangan paxtachilikni isloh qilish yuzasidan olib borilayotgan tizimli ishlar samarasiga guvoh bo‘lasiz.
Bu bejiz emas. Paxta xom-ashyosiga davlat buyurtmasining bekor qilinishi, qat’iy narx belgilash amaliyotidan voz kechilishi, sohada xo‘jalik yuritishning bozor munosabatlariga mos yangi klaster tizimining joriy etilishi – xullas, paxta yetishtiruvchilarda moddiy manfaatdorlikning oshishi paxtachilikka yangicha kayfiyat olib kirdi.
Raqamlarga murojaat qiladigan bo‘lsak, joriy yilda 140 ta paxta-to‘qimachilik klasterlari va 32 mingga yaqin fermer xo‘jaliklari tomonidan 136 ta tumanda 1 mln 12 ming gektarda soha olimlari tavsiyalari asosida hududlarning tabiiy iqlim sharoitiga mos 28 ta rayonlashgan va 17 ta istiqbolli g‘o‘za navlari ekildi.
Serhosil va tola sifati yuqoriligi bilan ajralib turuvchi Mang‘it-1, Shahrisabz-1, Termiz-202 kabi 8 ta g‘o‘za navlarining maydoni 157 ming gektarga kengaytirildi va ertapishar navlar maydoni 78 foizga yetdi.
Paxtakorlarga davlat tomonidan moliyaviy ko‘mak o‘z vaqtida, to‘liq suratda ko‘rsatildi, jumladan paxta yetishtirishda agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida sifatli o‘tkazish maqsadida, paxta-to‘qimachilik klasterlariga Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tomonidan joriy yilning o‘zida qariyb 10 trln so‘m mablag‘ ajratildi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yildagiga qaraganda 20 % ga ko‘pdir.
Qolaversa, urug‘lik, mineral o‘g‘itlar, yonilg‘i-moylash materiallari va o‘simliklarni himoya qilish vositalari klasterlar tomonidan fermer xo‘jaliklariga ustama qo‘llamasdan, ya’ni o‘tgan yilga nisbatan 15-20 % past narxlarda o‘z vaqtida yetkazib berildi.
Misol uchun, fosforli o‘g‘itlar 20-25 %gacha, yoqilg‘i moylash materiallari 20-22 %gacha arzonlashtirilgan holda yetkazib berilganligi paxta yetishtirish xarajatlarini kamaytirish imkonini berdi.
Paxta xom ashyosi tannarxining kamayishi o‘z navbatida uni sotib olish bahosining 20 %gacha pasayishiga olib keldi.
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, jahon bozorida paxta tolasining kotirovka bahosi tahlil qilinganda, bugungi kunda bir tonna paxta tolasining o‘rtacha bahosi 24-25 million so‘mga to‘g‘ri kelmoqda.
So‘nggi yillarda zamonaviy texnologiyalardan foydalanishga e’tibor berildi. Chunonchi, joriy yilning o‘zida paxta maydonlarining 80 ming gektarida tomchilatib sug‘orish tizimi joriy etildi va 111 ming gektari lazerli tekislandi.
Natijada, 250 ming gektar maydonda zamonaviy suv tejovchi texnologiyalar asosida paxta yetishtirildi va 300 ming gektar maydonda yer tekislanib yuqori sifatli agrotexnika joriy etildi.
Sohaga zamonaviy agrotexnik tadbirlar hamda resurs tejamkor innovasion texnologiyalarning keng joriy etilishi natijasida, paxta hosildorligi o‘tgan yilga nisbatan 4 s/ga oshishi va o‘rtacha 38 s/ga ga yetkazilishi hisob-kitob qilindi.
Mamlakatimiz iqlimi keskin o‘zgaruvchan bo‘lib, kuzgi yog‘in-sochinli kunlar erta kelish ehtimoli yuqori. Yig‘im-terim mavsumida ob-havoning seryog‘in kelishi terim ishlarini sezilarli qiyinlashtirishi sir emas. Shuning uchun, dehqonlarning yil bo‘yi qilgan zahmatli mehnati hisoblangan paxta hosilini yog‘in-sochinli kunlarga qoldirmasdan qisqa muddatlarda sifatli yig‘ib-terib olish o‘ta muhim tadbir hisoblanadi.
Joriy yilda paxta yig‘im-terimi mavsumini uyushqoqlik bilan tizimli tashkil etish uchun, tajribali va mirishkor fermerlar yoz kunlaridan tayyorgarlik ko‘rib, ertaki paxta yetishtirish bilan birga, daladagi hosilni yig‘ib-terib olish uchun terimchilarni jalb qilishga alohida e’tibor qaratishdi. Buning uchun, Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tomonidan klasterlarga 4,9 trln. so‘m mablag‘ yo‘naltirilishi belgilandi.
Terim ishlarini jadallashtirish tizimli tarzda amalga oshirilmoqda. Xususan, keyingi uch yilda paxta xom-ashyosini mexanizasiyalashtirishga alohida e’tibor berilmoqda. Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining bir qator tegishli qarorlari qabul qilinib, paxta hosilini mashina yordamida yig‘ib-terib oluvchi fermer xo‘jaliklari va klasterlarga bir qator imtiyozlar berildi.
Mazkur qarorlar natijasida, 2020-2023 yillarda 515 ta yuqori unumli paxta terish mashinalari xarid qilindi va paxta hosilini mashinada terib olishning mexanizasiya darajasi 8 %dan 30 %ga yetdi. Natijada, joriy yilgi mavsumda 1047 ta paxta terish mashinalari bilan 1 mln tonna yoki 28 foizdan ortiq paxta xom ashyosini terib olish imkoni yaratildi.
Ayrim hududlarda mexanizator operatorlar sutkasiga 20-22 soat ishlab, 65-70 tonnagacha paxta terishmoqda. Xususan, Surxondaryo viloyatining omilkor dehqonlari respublikada birinchi bo‘lib, 268 ming tonnalik ulkan xirmonni yaratib, hosilni qisqa muddatlarda yig‘ib-terib oldilar.
Shuningdek, 10 ta tumanda fermerlar (Oltinsoy, Termiz, Qiziriq, Jarqo‘rg‘on, Qumqo‘rg‘on, Muzrabot, Bandixon, Angor, Sho‘rchi, Sherobod) o‘z rejalaridan ortiqroq hosil terib olib, hosildorlikni gektaridan o‘rtacha 38-40 sentnerga yetkazdilar. Ayniqsa, g‘o‘zadagi ko‘saklarni imkon qadar ko‘proq ochiltirib terimni tashkil etayotgan paxta-to‘qimachilik klasterlari va fermer xo‘jaliklari yuqori natijalarga erishmoqda.
Jumladan, Jarqo‘rg‘on va Qumqo‘rg‘onda “Termiz Jayhun Textile Cluster”, Sho‘rchi tumanidagi “Sho’rchi indenim cluster”, Qiziriqda “Surxon Cotton Textile Cluster”, Angorda “Zamin Angor”, Sherobodda “Fortres”, Denovda “Surxon Sifat Textile”, Bog‘otda “Kobotex”, Bandixonda “Bandixon Textile Cluster”, Muzrabotda “Muzrabot Indenim Cluster,” Baliqchida “Skorton tekstil” paxta-to‘qimachilik klasterlari gektaridan 38-40 sentner hosil olib, yuqori natijalarga erishib kelmoqda.
Shuningdek, paxta terimining aniq tizim asosida tashkil etilishi natijasida, bugungacha 31 ming nafardan ortiq fermer xo‘jaliklarining 18 mingtasi yoki 60 foizida ko‘zlangan reja ortig‘i bilan bajarilib, hosildorlik 40-45 s/ga ni tashkil etdi.Ayniqsa, 65 ta fermer xo‘jaliklarida 55-60 sentnerdan, 123 ta fermer xo‘jaliklarida 50-55 sentnerdan, 238 ta fermer xo‘jaliklarida 45-50 sentnerdan, 476 ta fermer xo‘jaliklarida 40-45 sentnerdan paxta hosili yetishtirilib, yuqori daromad olishga erishdi.
Jumladan, Oltinsoy tumanida “Botosh lochini”, Muzrabotda “Xudoyberdiev Yo‘ldosh”, Uzunda “Adolat Qudrat Timsoli”, Oltinko‘lda “Baxt imkon rivoji”, Andijonda “Hosildor zamin obod”, Baliqchida “Burxon”, Romitanda “Kozimbobo”, Vobkentda “Robiya Maryam Oybek”, Qorako‘lda “Samad Beshim”, Do‘stlikda “Eshniyoz bobo”, Paxtakorda “Sher Ulug‘ Jaxon”, Mirzacho‘lda “Arslon Sher”, Qamashida “Yigitali”, Qarshida “Maydonov Umidjon”, Karmanada “Istiqbol”, Navbahorda “Safo Sevdi”, Popda “Foziljon Muxammadjon”, Uychida “Mirishkor G‘ayrat”, Norinda “Ne’matjon qizi Gavxaroy, Narpayda “Nafisgul orzu” Kattaqo‘rg‘onda “Rashidov Sh”, Oqdaryoda “Buzruk bobo”, Boyovutda “Boyovutlik Xumoyun”, Shayzoq ota”, Sayxunobodda “Xolboy ota”, Yangibozorda “Xorazm faxri”, Xivada “Masharip o‘g‘li Sobir”, Bog‘otda “Xolmurod o‘g‘li Mansur”, Yozyovonda “Akmal Akram fayz”, Buvaydada “Nozimjon Ozodabonu” kabi fermer xo‘jaliklarida yuqori hosil yetishtirishga erishishdi.
Joriy yilda yetishtirilgan paxta hosilini sifatli qabul qilish va topshiruvchi hamda qabul qiluvchilar o‘rtasida yuzaga keladigan nizoli holatlarni adolatli hal etish yuzasidan bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, O‘zbekiston paxta-to‘qimachilik klasterlari uyushmasi, O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi, Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi, Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari sifatini baholash markazi vakillari bilan birgalikda hududlardagi 384 ta paxta tayyorlov maskanlarida paxta xomashyosini qabul qilishda nizoli holatlarni adolatli hal etish uchun 39 ta mobil arbitraj guruhlari tashkil etildi.
Natijada paxta qabul qilish punktlarida belgilangan tartibda laboratoriyalar tahlillari asosida sifatli paxta xomashyosi qabul qilishga erishildi.
Eng asosiysi, bugungi kunda terilgan paxta xomashyosining
98 foizdan ortig‘i yuqori nav va klasslarga (1-nav, 1-2- klasslarga) sotildi. Bu o‘z navbatida paxta yetishtiruvchilarning iqtisodiy manfaatdorligini yaxshilanishiga olib keladi.
Spelling error report
The following text will be sent to our editors: