O‘zbekiston va Italiya so‘nggi yillarda juda ko‘p yo‘nalishlarda sinalgan hamkor sifatida hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘ymoqdalar. Yevropa Ittifoqida o‘ziga xos o‘ringa ega bo‘lgan mamlakat turli yo‘nalishlar orasida agrar tarmoqqa ham alohida e’tibor bilan yondashayotgani sir emas. Buni ikki davlat sohaga taalluqli vazirliklari hamkorligida ham kuzatish mumkin. O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi va Italiya Qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat mustaqilligi va o’rmonchilik vazirliklari o‘zaro hamkorlikda bir qancha loyihalarni muvaffaqiyatli amaliyotga tadbiq etib kelmoqdalar.
Vazirliklar o‘rtasida konstruktiv muloqot munosabatlari shakllangan. O‘simliklar genetikasi, chorvachilik genetikasi, mahsuldor navlarni joriy etish tajribasi bularning yaqqol namunasidir. Italiyalik olimlarning o‘zbek hamkasblari bilan oxirgi vaqtda amalga oshirayotgan ilmiy muloqotlari natijasida sohani rivojlantirishning ilmiy asoslari yaratilmoqda. Tajriba almashish, bilim va innovasiyalar borasidagi yangiliklar bilan o‘rtoqlashish shular jumlasidan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Italiya Respublikasi Prezidenti Serjo Mattarella taklifiga ko‘ra amalga oshirayotgan tashrifida shu kabi aloqalar yanada mustahkamlanishi bilan ahamiyatlidir. Tarixiy deya baho berilayotgan mazkur tashrif doirasida ishbilarmon doira vakillari o‘rtasida biznes forum tashkil etildi. Tadbirkorlar va tarmoq egalari o‘zbek zamini imkoniyatlari bilan atroflicha tanishtirildi. Ochig‘i, ular Yangi O‘zbekistonning yangi imkoniyatlari bilan bafurja xabardor qilindi. Yangi format va yangicha muloqot. Bu faqat qog‘ozda emas, real hayotga ko‘chadigan kelishuvlarning mahsuli aslida.
400 million yevro miqdoridagi ilk kelishuvlar. Bu o‘z ichiga yirik investisiyalar portfeli, ilmiy-tadqiqot yo‘nalishlari, quruq meva hamda za’faron yetishtirish kabi o‘nlab yo‘nalishlarni o‘z ichiga olgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Italiya Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi Jorjiya Meloni huzurida O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov va Italiya Respublikasi Qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat mustaqilligi va o’rmonchilik vaziri Franchesko Lollobridjida o‘rtasida qishloq xo‘jaligi sohasida hamkorlik to‘g‘risida rasmiy memorandum almashinuvi bo‘lib o‘tdi. Ushbu hujjat O‘zbekiston va Italiya o‘rtasida qishloq xo‘jaligi sohasida institusional hamkorlikni mustahkamlashga, O‘zbekistonda meva va sabzavotlarni qayta ishlashning innovatsion texnologiyalarini joriy qilish, intensiv bog‘larni barpo qilish va fermer xo‘jaliklarini qo‘llab-quvvatlashga qaratildi.
Yirik italyan kompaniyalari, banklari, BMT Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti va Xalqaro qishloq xo‘jaligini rivojlantirish fondi bilan O‘zbekistonda 12 ta loyihani amalga oshirish bo‘yicha umumiy qiymati 357 mln yevroga teng kelishuvlar paketi imzolandi.
Italiyada 130 mingdan ziyod chorvadorni birlashtirgan va Yevropadagi eng yirik uyushma sanaladigan Italiya Chorvadorlar uyushmasi prezidenti R.Nochentini va Quyonchilar uyushmasi prezidenti S.Pompa bilan uchrashuv o‘tkazildi.
Sirdaryo viloyatida yirik va mayda shoxli qoramolning italyan zotlarini ko‘paytirish bo‘yicha umumiy qiymati 56 mln yevroga teng yangi loyihani amalga oshirish to‘g‘risida kelishuvga erishildi. Loyiha, shuningdek, yirik va mayda shoxli qoramolning mahalliy sharoitga moslashtirilgan o‘zbek zotlarini yaratish bo‘yicha genetik laboratoriya tashkil etishni ham o‘z ichiga oladi.
Shuningdek, yaqin kelajakda Toshkent viloyatida 32,7 mln yevroga teng quyonlarni ko‘paytirish loyihasini joriy qilish va kambag‘allikni qisqartirish uchun oilaviy fermalarga quyonlarni beg‘araz asosda taqdim etish borasida Uyushmaning tajribasini tatbiq etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Sahrolashuvga qarshi kurashish uchun qishloq xo‘jaligi texnikasini ishlab chiqaruvchi dunyoda yagona “Nardi Group” kompaniyasi bilan O‘zbekistonning bir nechta mintaqasida yerlar degradasiyasini qisqartirish va sahro hududlarini o‘zlashtirish bo‘yicha tajriba loyihasi amalga oshiriladi.
Shu bilan birga, BMT Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti, Xalqaro qishloq xo‘jaligini rivojlantirish fondi bilan hamkorlik doirasida O‘zbekistonda dehqonchilikda innovatsion yondashuvlarni joriy etish, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat tarmog‘idagi pandemiya oqibatlarini yumshatish, shuningdek chorvachilikda qo‘shimcha qiymat zanjirini rivojlantirishga qaratilgan, umumiy qiymati 75 mln yevro bo‘lgan yangi loyihalar paketi hayotga tatbiq etiladi.
Parallel ravishda Italiya kompaniyalari bilan texnologik hamkorlik ham rivojlantirilmoqda – O‘zbekistondagi loyihalarni amalga oshirish uchun Italiyaning “Feder Unacoma”, “Cermac”, “Irritec”, “Rota Guido”, “Sint Tecnologie” kabi yetakchi ishlab chiqaruvchilar va konsorsiumlarning texnologiyalarini yetkazib berishni “SACE”, “Exetra” kredit agentliklari va “Unicredit” banki kreditlari asosida uzoq muddatli moliyalash to‘g‘risida kelishib olindi.
1974-yilda ta’sis etilgan va hozirda dunyoning yetakchi innovatorlaridan va qishloq xo‘jaligi uchun suvni tejash texnologiyalarini ishlab chiqaruvchilaridan biri sanaluvchi “Irritec” kompaniyasini alohida qayd etish o‘rinli. Kompaniya o‘z tizimlarini dunyoning 100 dan ziyod mamlakatlariga yetkazib beradi va butun dunyo bo‘ylab 16 ta ishlab chiqarish komplekslariga ega. Kompaniya bilan O‘zbekistonda bog‘dorchilik uchun suvni tejash texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha tajriba loyihasi amalga oshiriladi.
Tashrif va uning doirasida amalga oshirilayotgan muloqotlar Italiya hukumati va kompaniyalarining O‘zbekiston bilan hamkorlikni rivojlantirishga bo‘lgan yuksak qiziqishini qayd etmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Italiya Respublikasiga tarixiy tashrifi mamlakatlarimiz o‘rtasida, jumladan qishloq xo‘jaligi sohasidagi hamkorlikning yangi sahifasini ochadi deb, ishonch bilan ta’kidlash mumkin.
Spelling error report
The following text will be sent to our editors: