Xovos tumani mamlakatimizning yerlari hosildorligi bilan ajralib turadigan o‘ziga xos maskanidir. Sirdaryo viloyatining boshqa joylariga qaraganda bu yerda qishloq xo‘jaligi ekinlari tez pishib yetiladi. Ekinlar esa suv bilan barhayot. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, asosan toshloq yerlar suvni ko‘p talab qiladi. Joriy yilda tumanda 8 ming gektar ekin maydoniga g‘alla, 8,5 ming gektarga chigit ekildi. Bu maydonlarda 650 nafar fermer faoliyat yuritmoqda.
Suv tanqisligi inobatga olinib, joriy yilda viloyatda suvni tejaydigan texnologiyalar orqali 2600 gektarga yaqin paxta maydonlarida tomchilatib sug‘orish tizimlarini qayta ishga tushirish uchun qurilish-montaj ishlari olib borilmoqda, 1400 gektar bog‘lar tomchilatib sug‘orilmoqda hamda 400 gektar g‘alla maydonida yomg‘irlatib sug‘orishga erishildi.
“Beshbuloq Asadbek” fermer xo‘jaligi rahbari Baxtiyor Boboqulov 2011-yildan buyon yer bilan tillashib kelayotgan tajribali dehqonlardan. Fermer 73 gektar g‘alla, 66 gektar maydonga chigit ekdi. Shundan 40 gektariga tomchilatib sug‘orish texnologiyasini joriy qildi. Uzoq yillik tajribasidan kelib chiqib, tejamkorlikda bu texnоlogiyalarga yetadigani yo‘qligini bildi. Yeriga 2 kilometr masofadan elektr tarmog‘ini tortib keldi, yangi transformator o‘rnatildi. Xullas, suv kelishi qiyin bo‘lgan hudud obi hayot bilan to‘kis taʼminlanadigan bo‘ldi. Bu ham o‘z mevasini berib, dalasidagi go‘zaning rivoji yuqori hosildan darak berib turibdi. Albatta, fermer qilayotgan xarajatlari tezda o‘zini qoplashini yaxshi biladi.
“Tomchilatib sug‘orishning afzalligi bisyor. Bu, avvalo, suvni tejaydi. Berilayotgan suv faqatgina egatdagi paxtaning ildiziga boradi va ortiqcha isrof bo‘lishining oldi olinadi. Shuningdek, tomchilatib sug‘orishda vaqt tejaladi. Agar g‘o‘zani sug‘orish uchun egatlarga suv tortiladigan bo‘lsa, 15-20 kun vaqt talab etiladi. Tomchilatib sug‘orishda esa bu ishni 3-4 kunda amalga oshirish mumkin. Buning natijasida egatlardagi g‘o‘zalar bir xil rivojlanadi. G‘o‘zaga o‘g‘it berishda ham tomchilatib sug‘orishdan foydalanish juda yaxshi samara beradi. O‘g‘itlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri g‘o‘zaning ildiziga boradi” — deydi Baxtiyor Boboqulov.
Spelling error report
The following text will be sent to our editors: