Qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov va USAIDning “Agrobiznesni rivojlantirish” loyihasi vakillari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda xalqaro maslahatchi Remir Mukumov va loyiha vakili Mansurjon Rasulev ishtirok etishdi.
Uchrashuvda Qishloq xo‘jaligi vazirligi tashabbusi va USAIDning moliyaviy ko‘magida o‘tkazilgan tadqiqot natijalari ekspertlar tomonidan taqdimot etildi.
Maʼlumki, USAIDning “Agrobiznesni rivojlantirish” loyihasi maqsadli qishloq xo‘jaligi tovarlari uchun qo‘shimcha qiymat yaratishning yangi texnologiyalari va butun qiymat zanjiri bo‘ylab yangicha boshqaruv usullarini joriy etish orqali O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi sohasida xususiy sektor ulushining oshishini qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan. Ushbu saʼy-harakatlar mamlakatimizda qo‘shimcha qiymatga ega bo‘lgan tovarlar ishlab-chiqarishni ko‘paytirish, yoshlar va ayollarni jalb qilish, taʼlim muassasalarini xususiy tarmoq talabi bilan bog‘lash hamda agrar soha uchun qulay muhitni yaratishga qaratiladi.
Loyihaning asosiy faoliyat yo‘nalishlari sifatida agrobiznes raqobatbardoshligi va rentabelligini oshirish uchun biznesni boshqarishning innovatsion usullarini joriy etish, qishloq xo‘jaligi korxonalariga, mahsulotlarga qo‘shimcha qiymat qo‘shish, savdo hajmi va daromadni oshirish, yangi bozorlarga chiqishni taʼminlash hamda yangi ish o‘rinlarini yaratish uchun yangi texnologiyalarga hamkorlikda sarmoya kiritish kabilar kiritilgan.
Shuni taʼkidlash joiz, ushbu loyiha doirasida o‘tgan yillarda ko‘zga ko‘rinarli ishlar amalga oshirildi. Xususan, shu kungacha 2,300 dan ortiq mahalliy agobiznes vakillarining bog‘dorchilik, baliqchilik, sutchilik, chorvachilik, moy ishlab chiqarish va asalarichilik kabi sohalarda imkoniyatlari hamda bilim, ko‘nikma va salohiyatini oshirish maqsadida treninglar o‘tkazildi. Loyihaning Agrobiznesni rivojlantirish jamg‘armasi orqali qishloq xo‘jaligi mahsulotlari va xizmatlariga qo‘shimcha qiymat qo‘shish, yangi bozorlarga kirishni osonlashtirish hamda daromad va bandlikni oshirish maqsadida kamida 30 ta xususiy korxonaga 6 million AQSh dollari miqdorida hamkorlikda sarmoya kiritilmoqda.
Taqdimotdan so‘ng, qishloq xo‘jaligida davlat-xususiy sherikchilikni joriy etishning istiqbolli yo‘nalishlari hamda aniq mexanizmlari muhokama etildi.
Ikki tomonlama muhokama va munozaralardan keyin kelgusida boshqa moliyaviy institutlarni ham jalb qilgan holda aniq harakatlar rejasini ishlab chiqishga kelishib olindi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: