Davomli yog‘ingarchilik, sovuq havo erta gullaydigan mevali daraxtlarga zarar yetkazishi mumkin — bunday salbiy ta’sirning oldini olish va gullagan daraxtlarni himoyalash uchun nima qilish kerak?
AOKAda o‘tkazilgan brifingda Qishloq xo‘jaligi vazirligi bosh boshqarma boshlig‘i Zafar Ortiqov mavzu yuzasidan ma’lumot berdi:
“Gidrometeorologiya” xizmati markazi ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi kunlarda kuzatilayotgan davomli yog‘ingarchiliklar bilan birga joriy yilning 17-20 mart kunlari respublikaning barcha mintaqalari, jumladan Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatining shimoliy va cho‘l hududlariga sovuq havo harorati (-2-6 darajadan -7-10 darajagacha) bo‘lishi prognoz qilinmoqda.
Ushbu holatda qishloq xo‘jaligi ekinlariga ta’siri va ularga qo‘llaniladigan ilmiy asoslangan agrotexnik tadbirlar quyidagilardan iborat.
✔ Mevali bog‘lar va uzumzorlar bo‘yicha:
Erta gullaydigan mevali – bodom, o‘rik daraxtlariga zarar yetkazadi, ba’zan, shaftoli, olxo‘ri, olcha, gilos, yong‘oqni va kech gullaydigan daraxtlardan nok va olmada ham kuzatish mumkin.
Lekin, bugungi kunda respublikaning shimoliy hududlarida mevali bog‘lar markaziy hududlarga nisbatan 15-20 kun kech uyg‘onadi ya’ni daraxtlarda kurtak, g‘uncha, gul va tugunchalar kech shakllanadi.
Bu o‘z navbatida shimoliy hududlardagi mevali bog‘larga hech qanday salbiy tasiri bo‘lmaydi.
Ma’lumot uchun: olcha, shaftoli va o‘rik gullari sovuqqa birmuncha chidamli bo‘ladi. Meva daraxtlarining gullarini 2-3 С haroratda 5 soat davomida sovuqqa qoldirilganda ularning nobud bo‘lishi quyidagicha bo‘lgan:
Xitoy xurmosi (unabi), xurmo, yong‘oq va do‘lana – 100%, o‘rik, tog‘olcha va behi – 94-96%, olcha va olma 89-90%, olxo‘ri – 77%, shaftoli -70% va nok – 65 %.
Nok, olxo‘ri, olma va yong‘oq gullari qisqa muddatli – 2,2-2,8 С, o‘rik – 4 С, shaftoli, bodom – 4,5 С haroratga bardosh beradi.
Mevali daraxtlar gullarining ayrim qismlari past haroratga chidamliligi turlicha bo‘ladi. Gulning geniseyi (urug‘chi va og‘izchali tugunchasi) sovuqqa juda ta’sirchan bo‘ladi. Ba’zan tugunchalar harorat – 1 С dan pasayganda ham zararlanadi.
Tog‘olcha, nok, olma va olxo‘rining tugunchasi past haroratlarga birmuncha chidamli bo‘ladi. Changchi tugunchalarga nisbatan ancha past haroratga ham chidaydi. Masalan, gul changi, hatto -20 С haroratda ham unuvchanligini saqlaydi.
Ob-havodagi ushbu o‘zgarishlarning mevali bog‘ va uzumzorlar salbiy ta’sirini oldini olish va gullagan daraxtlarni himoyalash maqsadida quyidagi tadbirlarni zudlik bilan amalga oshirish lozim:
🔹 mevali bog‘-tokzorlarning qator oralaridan sug‘orish ariqlari olinib, iloji boricha kam miqdorda suv oqiziladi, qator oralariga go‘ng aralash xashak, poxol, shox-shabbalar uyumlarini to‘plab, ular tutatiladi. Buning uchun bog‘ va tokzorlarga bir tekisda eni 1,25-1,5 m balandligi 0,5-0,75 m dan to‘p-to‘p qilib uyum qo‘yiladi.
🔹 daraxtlarning yoshi va qalin siyrakligiga qarab har bir gektarda 100-200 ta uyum hosil qilish kerak. Tutun bog‘ ichiga yaxshi yoyilishi uchun uyumlar bog‘ning shamol esadigan tomoniga qo‘yiladi havo harorati kuzatib boriladi.
🔹 havo ochiq bo‘lib, harorat +1 С ga tushishi bilan uyumlar tutatiladi. Bunda uyumlarning alangalanmay, tutab yonishiga alohida ahamiyat berish lozim. Sovuq takrorlanishini hisobga olib, uyumlar oralatib tutatiladi. Agar sovuq bo‘lmasa uyumlar o‘g‘it sifatida foydalaniladi.
Bog‘ va uzumzorlarda zamburug‘ va bakteriya mikroorganizmlari qo‘zg‘atadigan kasalliklarni oldini olish uchun profilaktik tarzda biologik va kimyoviy preparatlar bilan ishlov berish hamda belgilangan agrotexnik tadbirlarni sifatli o‘tkazish tavsiya etiladi.
✔ Gʻallachilik bo‘yicha: joriy yilda respublika hududlarida 1032 ming gektar maydonlarda kuzgi boshoqli don ekinlari parvarishlanmoqda. Bugungi kunda 893 ming gektarda (86%) tuplash va 139 ming gektarda (13,5%) naychalash fazalarida rivojlanmoqda.
Joriy yilda hududlarda ekilgan bug‘doyning kuz va qish oylarida tuplash fazasida 17-21 darajagacha sovuqqa chidamli navlari ekilgan.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatining shimoliy hududlarida bugungi kunda kuzgi bug‘doy tuplash fazasida rivojlanayotganligi sababli ushbu sovuq harorat hech qanday salbiy ta’sirini ko‘rsatmaydi.
Lekin, kuzgi bug‘doy tinim davridan keyin erta bahorda uyg‘onish davrida (+5 C yuqori bo‘lganda) jadal rivojlanib, tuplash fazasi davom etadi. Ushbu davrda kutilmagan qisqa muddatli -5-6 C sovuq havo harorati bug‘doy maysalarini 5-8 kungacha o‘sishini susaytirib, rivojdan orqada (stress holatiga tushishi) qolishi mumkin.
Buning uchun quyidagi agrotexnik tadbirlarni amalga oshirish tavsiya etiladi:
🔹 sovuq tushgan hududlarda birinchi navbatda g‘alla maydonlariga mahalliy o‘g‘it chiqarish va sharbat usulida sug‘orish ishlarini tashkil etish;
🔹 g‘alla maydonlarida azotli mineral o‘g‘itlar bilan qo‘shimcha me’yorda (fizik holda 100-150 kg/ga) oziqlantirish;
🔹 makro va mikro elementlar bilan boyitilgan biostumliyatorlar bilan barg orqali suspenziya usulida oziqlantirish ishlarini yo‘lga qo‘yish yaxshi samara beradi.
✔ Paxtachilikda: mart oyining birinchi o‘n besh kunligida kuzatilgan surunkali yog‘ingarchiliklar chigit ekiladigan maydonlarda erta bahorgi agrotexnik tadbirlar (yer tekislash, boronalash, mola bosish va pushta olish) va chigit ekish ishlarini erta muddatlarda amalga oshirishni bir muncha kechiktirmoqda.
Shu bois, respublikamiz hududlarida chigit ekishga hali kirishilmaganligi sababli kirib kelayotgan sovuq havo oqimining salbiy ta’siri kuzatilmaydi.
Xususan, kuzda shudgor qilib qo‘yilgan maydonlarda tuproqda tirik holda qishlab, ayni damlarda uyg‘ongan zararli hasharotlar g‘umbaklari sovuq ta’sirida nobud bo‘lib, o‘suv davrida g‘o‘zaga zararini kamaytiradi.
Shundan kelib chiqib, paxta-to‘qimachilik kalsterlari va fermer xo‘jaliklari ushbu ketma-ket yog‘ingarchilik va sovuqli kunlar o‘tishi bilan darhol, chigit ekish ishlarini boshlab yuborishlari va mavsumni qisqa muddatlarda 10-12 kunda sifatli yakunlash choralarini ko‘rish tavsiya etiladi.
Buning uchun mavsumda qatnashadigan qishloq xo‘jaligi texnikalari va agregatlarini ishchi holatga keltirish va ularni otryad usulida ishlatish, mineral o‘g‘itlar, YOMM zahirasini yaratish, urug‘lik chigitni shaxobchalarga chiqarish va chigit ivitadigan handaklarni tayyorlash ishlariga alohida e’tibor qaratishlari lozim bo‘ladi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: