Vaqtinchalik plyonkali tonnellar tuzilishi va foydalanishning soddaligi, shuningdek, yuqori samarali bo‘lishi sababli fermer va dehqon xo‘jaliklari tomonidan ertaki mahsulot yetishtirishda keng qo‘llaniladi.
Aholini ertaki mahsulotlar bilan taʼminlash maqsadida joriy yil 24-fevral holatiga ko‘ra, respublika bo‘yicha fermer va qishloq xo‘jaligi korxonalarining 2378 gektar yer maydoniga plyonka ostiga sabzavot ekinlari ekildi. Jumladan, 650 gektar atrofida sabzi, 700 gektarga yaqin karam, qariyb 700 gektar ko‘katlar, 150 gektardan ortiq osh lavlagi, 10 gektardan ziyod rediska, 113 gektar maydonda poliz ekinlari va 166 gektar maydonda boshqa sabzavotlar.
Ichki bozorlarda kartoshkaning narx-navo barqarorligini taʼminlash uchun ertaki kartoshkani ekish ishlariga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Xususan, Respublikaning janubiy mintaqalarida kartoshka ekishga barvaqt kirishilgan bo‘lib, bugungi kunda respublika bo‘yicha fermer va qishloq xo‘jaligi korxonalarida jami 1979 gektar yer maydonlariga plyonka ostiga kartoshka ekilgan.
Isitilmaydigan plyonkali qurilmalarda quyosh nurining jadalligi va davomiyligi sabab tuproq va havo harorati ochiq maydondagidan farq qiladi. Bu farq bulutli kunlarda u darajada yuqori bo‘lmaydi, havo ochiq davrda esa kunning yarmida o‘zining maksimumiga yetadi. Havo haroratining tungi soatlarda sezilarli darajada pasayishi hisobiga u ochiq yer havosi sharoitiga yaqinlashib qoladi.
Kunduzi plyonka ostida issiqlik ko‘p to‘planadi va yig‘ilgan issiqlik tungi soatlarda yaxshi saqlanadi. Buning hisobiga, tuproqning sutkalik o‘rtacha harorati 2-3°C ga ko‘tariladi. Qalinligi 0,1 mm bo‘lgan nur o‘tkazadigan plyonkalar kichik hajmli plyonkali tonnellar qurish uchun eng qulay hisoblanadi. Ular kislorod va karbonat angidrid gazlarini yaxshi o‘tkazadi, ammo suv va parni o‘tkazmaydi, shu sababli qurilma ichida havoning namligi yuqori bo‘ladi.
Plyonkali qoplamalar ostida o‘simlik ildiz qismi joylashgan tuproq qatlamining qizishi katta ahamiyatga ega. Tonnellarda bu qatlamning qizishini tezlatish uchun tuproq yuzasiga plyonka to‘shaladi. Tuproq ustiga plyonka yopish “mulchalash” deb yuritiladi. Bunda plyonka yer ustida bo‘ladi, o‘simlikning yer ustki qismi esa uning ustida joylashadi. Mulchalash uchun nur o‘tkazadigan, qora va eski plyonkalardan foydalanish mumkin.
O‘zR Qishloq xo‘jaligi vazirligi Multimedia markazi tomonidan vazirlikning Meva – sabzavotchilik, uzumchilik, polizchilik va kartoshkachilikni rivojlantirish boshqarmasi maʼlumoti asosida tayyorlandi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: