Nav O‘zR Qishloq xo‘jaligi vazirligi tasarrufidagi Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot institutida yaratilgan. “Tong ifori” qulupnayi ichki bozor hamda eksport uchun mo‘ljallangan.
O‘zbekistonda qulupnay yetishtirish
Bugun respublikamizda ushbu reza mevani yil bo‘yi ochiq maydonlar hamda issiqxonalarda yetishtirish uchun barcha zarur sharoitlar mavjud. Ushbu jarayon Janubiy Koreya va Xitoy davlatlari bilan yaqindan hamkorlik asosida amalga oshirilyapti va shu tariqa o‘zaro tajriba almashish ketmoqda.
Bugungi kunda mamlakatimizda jami 690 gektar maydonda (578 gektar aholi tomorqa maydonlari, 112 gektar fermer xo‘jaliklarida) har yili o‘rtacha 7 ming tonnadan ortiq qulupnay yetishtiriladi. Toshkent, Namangan, Farg‘ona, Andijon, Samarqand viloyatlari esa yangi qulupnayni bozorlarga yetkazib berish bo‘yicha yetakchi hududlar hisoblanadi.
O‘zR Qishloq xo‘jaligi vazirligi tasarrufidagi Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot institutida qulupnayning yangi serhosil navlarini yaratish bo‘yicha faol ish olib borilmoqda. Ilgari bozorda faqat xorijiy yetkazib beruvchilardan chet el valyutasi hisobiga xarid qilinadigan yuqori hosildor import navlari bor edi. Qulupnayning “Tong ifori” navi mazkur ilmiy-tadqiqot instituti olimlarining izlanishlari natijasidir. Ushbu nav ko‘chatlarini Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot institutidan xarid qilish mumkin.
Nav haqida ma’lumot
“Tong ifori” navi issiqxonada yetishtirishga moslashtirilgan. O‘simlikning o‘suv davri 193-200 kun, birinchi terimgacha bo‘lgan muddat moʻtadil iqlim sharoitida 107-115 kunni tashkil etadi. Mevasining rangi och qizil, har birining vazni 20-25 grammgacha keladi. Mevasi tarkibida quruq modda miqdori 10,8 foiz (10,2-11,2), qand 9,5 foiz (7,2-7,8), askorbin kislotasi 100 g mahsulotda 66,98 (54,8-68,0) mg, nitrat miqdori 68 mg/kg. Hosildorlik ko‘rsatkichi 1,8-2,2 kg/m2 dan iborat.
Xorijiy davlatlarda qulupnay
Bugungi kunda dunyo miqyosida rezavor mevalar yetishtirish hajmi yiliga 7-8 mln tonna bo‘lib, shundan 4 mln tonnaga yaqinini qulupnay tashkil qiladi. Qulupnay (Fragaria spp) yetishtirish bo‘yicha jahonda AQSH yetakchilik qilib, yiliga 825 ming tonna hosil olinadi. Ispaniyada 305 ming tonna, Yaponiyada 209 ming tonna, Janubiy Koreyada 203 ming tonna qulupnay yetishtiriladi. Yevropada esa Polsha va Fransiya yetakchilik qilib, ular har yili 100-180 ming tonna mahsulot oladi.
O‘zR Qishloq xo‘jaligi vazirligi Multimedia markazi tomonidan O‘zR Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot instituti maʼlumoti asosida tayyorlandi.
Spelling error report
The following text will be sent to our editors: