Bugun kartoshkachilikni rivojlantirish sohasida ilmiy-tadqiqot institutlarida qanday ishlar amalga oshirilmoqda? Maʼlumotlarimiz shu haqda.
O‘zR Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot instituti mutaxassislari kartoshkachilik sohasiga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha bir qator ilmiy izlanishlarni olib bormoqda. Bunday yondashuv kartoshkani mahalliy sharoitga moslashtirish jarayonini faollashtirishga imkon beradi. Institut olimlari tomonidan har bir hududning tuproq-iqlim sharoitiga mos keladigan, kasallikka, issiqqa, qurg‘oqchilikka chidamli ertaki, o‘rtaki va kechki yuqori hosil beradigan kartoshka navlarini yaratishga alohida eʼtibor berilmoqda.
Navlar haqida
Bugungi kunda respublikada ekish uchun tavsiya etilgan va qishloq xo‘jaligi ekinlari davlat reestriga kiritilgan kartoshkaning 131 ga yaqin navlari bo‘lib, shundan, 19 ta navi mahalliy ilmiy-tadqiqot institutlari tomonidan yaratilgan. Ushbu 19 navdan 11 tasi Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ITI navlari hisoblanadi. Bular kartoshkaning “To‘yimli” (1995-y.), “Aqrab” (1996-y.), “Diyora” (2008-y.), “Ko‘ksaroy” (2011- y.), “Serhosil” (2011-y.), “Pskom” (2012-y.), “Sarnav” (2012-y.), “Umid 2” (2013-y.), “Baraka” (2016-y.), “Feruza” (2019-y.), “Bog‘izag‘on” (2020-y) navlaridir. Ular institut seleksioner olimlarining ko‘p yillik tadqiqotlari va hamkorligi natijasida ixtiro qilinib, ekish uchun tavsiya etilgan va Davlat reestriga kiritilgan. Shuningdek, institutning Biotexnologiya laboratoriyasida 10 dan ziyod mahalliy kartoshka navlari mikrotuganaklari in-vitro usulida yetishtirilmoqda.
Taʼkidlash kerak, bugungi kunda institutda 200 dan ortiq kartoshka genofondi tirik holatda saqlab kelinmoqda. Ushbu genofondda mahalliy navlar bilan bir qatorda Gollandiya, Germaniya, Fransiya, Janubiy Koreya, Vengriya, Xitoy, Rossiya, Belorussiya singari davlatlar navlari ham bor.
Xalqaro hamkorlik
Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ITI quyidagi tashkilotlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan:
– Rossiya Federatsiyasining A.G.Lorx nomidagi Butunrossiya kartoshkachilik xo‘jaligi ilmiy-tadqiqot instituti;
– Belorussiya Milliy Fanlar akademiyasining Kartoshkachilik va meva-sabzavotchilik ilmiy-amaliy markazi;
– Xitoyning Zhengbei bayuan potato development Co. LTD kompaniyasi;
– Vengriyaning “Hungarian University of Agriculture and Life Sciences – Potato Research Center” markazi.
Har yili dunyoning 150 dan ortiq mamlakatida 376,9 mln tonnadan ortiq kartoshka yetishtiriladi. Eng yirik ishlab chiqaruvchi davlatlar Xitoy, Hindiston, Rossiya, Ukraina, AQSH, Germaniya, Bangladesh, Polsha, Fransiya va Gollandiya davlatlari hisoblanadi. O‘zbekiston ushbu davlatlar orasida 23-o‘rinni egallaydi.
O‘zR Qishloq xo‘jaligi vazirligi Multimedia markazi tomonidan vazirlikning Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot instituti maʼlumoti asosida tayyorlandi.
Spelling error report
The following text will be sent to our editors: