Mosh tarkibida oqsil, vitaminlar ko‘pligi, to‘yimliligi, tezpisharligi bilan boshqa dukkakli don ekinlari – loviya, xo‘raki no‘xot va ko‘k no‘xat singarilardan ustun turadi.
Mosh tarkibi:
oqsil – 24–28 foiz,
lizin – 8 foiz,
arginin – 7 foiz,
vitamin V1, RR va boshqalar.
Organizm uchun foydasi
Mosh tarkibidagi oqsil, ayniqsa yosh bolalar uchun foydali bo‘lib, moshdagi triptofan organizmda oqsilni sintez qilishga yordam beradi va qonda gemoglabinning hosil bo‘lishida qatnashadi.
Eng yaxshi o‘tmishdosh
Mosh respublikaning barcha hududlarida asosiy va takroriy ekin sifatida ekiladi. Ushbu ekin almashlab ekish tizimida barcha ekinlar uchun eng yaxshi o‘tmishdosh hisoblanadi. Respublikada ekilayotgan dukkakli donlardan soya, xo‘raki no‘xat, gorox, yasmiq ekinlari urug‘ligini ekish oldi innokulyantlar bilan ishlov berilmasa, ularning ildizida biologik azot hosil bo‘lmaydi. Mosh esa respublika hududlarining barcha tuproqlarida avvaldan ekib kelinayotgani tufayli tuproqlarda biologik azot to‘plovchi tuganakli bakteriyalari tabiiy shakllanadi hamda ko‘chat qalinligidan kelib chiqib, gektariga sof holda o‘rtacha 80–120 kg azot to‘playdi.
Shuning uchun ham ushbu ekin maydonlari yildan-yilga kengayib bormoqda. Jumladan, 2018-yilda mosh ekin maydonlari 213 ming gektarni tashkil etgan bo‘lsa, 2021-yilda 232 ming gektar (+20 ming ga) maydonga ekilgan. Don hosildorligi o‘rtacha 2,4 sentnerga ortib, jami 360 tonna don yetishtirildi.
Qancha mosh yeyish kerak?
O‘zbekiston Respublikasi tibbiyot xodimlarining tavsiyasiga ko’ra bir yilda bir kishi 4,3 kg mosh isteʼmol qilishi kerak. Hisob-kitob qilinsa, respublikamizning barcha aholisiga bir yilda jami 155 ming tonna mosh talab etiladi.
Yetishtirilgan 360 ming tonna mosh donining 200 ming tonnasi Avstraliya, Afg‘oniston, Belgiya, Hindiston, Xitoy, Koreya, Turkiya, Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, BAA va boshqa mamlakatlarga eksport qilish imkoniyati mavjud. Birgina 2021-yil hosilidan 128 ming tonna mosh (2020-yilga nisbatan 29 ming tonna ko‘p) o‘rtacha 0,8 $ AQSH dollaridan, jami 102,5 mln dollarga dunyoning o‘ndan ortiq mamlakatlarga eksport qilingan.
MOSHDAN YAXSHI HOSIL OLISH UCHUN NIMA KILISH KERAK?
Tuproqqa ishlov berish
Moshni ang‘izga takroriy ekin sifatida ekishda, birinchi ekin hosili tez yig‘ishtirib olinadi, yer yetilishi bilan 20–22 sm chuqurlikda haydaladi, boronalanadi, keyin mola bostiriladi. Yerda yirik kesaklar hosil bo‘lsa, og‘ir boronalar yoki halqali g‘altaklar bilan ishlanadi. Qator oralari ishlanadigan bo‘lsa, yerni haydamasdan 10–12 sm chuqurlikda kultivatsiya qilib yumshatiladi, keyin boronalab, yer ekishga tayyorlanadi.
O‘g‘itlash
Mosh fosforli, kaliyli o‘g‘itlarga talabchan takroriy ekin sifatida ekilganda gektariga 30–40 kg azot, 40–60 kg fosfor, 30–50 kg kaliy solinadi. Azot ekish oldidan kulʼtivatsiya qilinib kiritiladi. Organik o‘g‘itlardan chirigan go‘ng gektariga 10–15 tonna solinsa, urug‘ hosili sezilarli darajada oshadi.
Ekish uchun tozaligi 98,5 foiz, unuvchanligi 92 foizdan kam bo‘lmagan yuqori sinf urug‘lari tanlanadi. Ekish ang‘izda yozda o‘tkaziladi. O‘zbekistonning janubiy viloyatlarida takroriy ekin sifatida mosh ekishning eng maqbul muddati 15-iyundan 10-iyulgacha bo‘lgan davr hisoblanadi. Juda kech ekilsa, hosil sovuqdan zararlanishi yoki donlar yetilmay qolishi mumkin.
Mosh urug‘lari qator oralari 45–50 sm, 60 sm yoki lenta usulida qo‘sh qatorlab lentalar orasi 60 sm qilib ekiladi. Bunda qo‘sh qatorlar orasi 13–15 sm bo‘ladi. Begona o‘tlardan toza, yaxshi ishlangan dalalarda moshni qatorlab (15 sm) ekish mumkin.
Ekish zamonaviy pnevmatik seyalkalarda yoki SZ-3,6, SZP-3,6 don ekish seyalkalarida 3–4 sm, tuproq quruq bo‘lsa, 5–6 sm chuqurlikka ekiladi. Don uchun ekilganda qatorlab ekishda urug‘ ekish meʼyori gektariga 12–15 kg, yashil massasi yoki ko‘k o‘g‘it (siderat) uchun ekilganda ekish meʼyori 50–60 kg/ga oshiriladi va yoppasiga ekiladi. Siderat uchun mosh avgust boshlarida ekiladi va 2–3 marta sug‘oriladi.
Parvarishlash
Takroriy ekilgan mosh parvarishi qator oralarini kultivatsiya qilish, begona o‘tlardan tozalash va o‘suv davrida sug‘orishdan iborat.
Mosh o‘suv davrida, gullash va dukkak hosil bo‘lish davrida gektariga 800–1000 metr kub meʼyorda 1–2 marta sug‘oriladi. Mosh siderat ekin sifatida ekilganda, dukkaklarning hosil bo‘lishi bilan ko‘ndalangiga mola bosiladi, diskalanadi va 27–30 sm chuqurlikda haydab tashlanadi.
Hosilni o‘rib-yanchib olish
Mosh dukkaklari bir tekis yetilmaydi. Pishgan dukkaklar qorayadi, donlar o‘z naviga xos tusga kiradi. Dukkaklarning 70 foizi yetilganda o‘rim-yig‘im boshlanadi. O‘rish pichan o‘rgich, yoki JBA35 va boshqa rusumli mashinalarda o‘tkazilib, biryo‘la dastalab ketiladi.
O‘simliklar 3–4 kun mobaynida qurigandan keyin yanchib olinadi. Pichan uchun ekilganda o‘simliklar yoppasiga gullaganda yashil massasi o‘riladi. Yanchilgan, tozalangan urug‘lar namligi 15 foizdan ortiq bo‘lmagan holda qoplarda yoki to‘kilgan holda shamollatiladigan binolarda saqlanadi. Iyulda ekilganda nisbatan 3–4 s/ga ko‘p hosil olinadi.
MOSHNING EKISH UCHUN TAVSIYA ETILGAN NAVLARI
“Navro‘z” navi
2005-yilda respublika hududida ekishga tavsiya etilgan. Nav yakka tanlov yo‘li bilan yaratilgan. Pishish davri 90–95 kun, hosildorligi 14–16 s/ga, o‘simlik bo‘yi 95–100 sm, urug‘da oqsil miqdori 22–24 foiz, 1000 dona urug‘ vazni 60–65 g., poya ko‘rinishi-shtambli, guli sariq, ertapishar nav, ekish muddati takroriy ekinda 20-iyungacha, urug‘ ekish meʼyori 10–12 kg.
“Qahrabo” navi
Yakka tanlov yo‘li bilan yaratilgan. Pishish davri 80–85 kun, hosildorligi gektaridan 13–17 s, o‘simlik bo‘yi 65–75 sm, urug‘ida oqsil moddasi – 28 foiz, 1000 dona urug‘ vazni 55–60 g., poya ko‘rinishi – shtambli, guli sariq, ertapishar nav, ekish muddati 20–25 aprel, meʼyori 10–12 kg/ga.
“Durdona” navi
2011-yilda Davlat reyestriga kiritilgan. Pishish davri (o‘suv davri) 65–70 kunga to‘g‘ri keladi. Dukkaklari poyasining ustki qismida shakllanishi (25–30 dona) terim jarayonini yengillashtiradi. Hosildorlik 20,8 s/ga. 1000 ta urug‘ vazni 60 g. oqsil 18,7 foiz va kraxmal 1,7 foizni tashkil etadi.
“Marjon” navi
2008-yilda Davlat reyestriga kiritilgan. Pishish davri 90–95 kun. Don hosildorligi 25,0–28,5 s/ga tashkil etadi. 1000 dona urug‘ vazni – 87 g. Bahorda hamda yoz mavsumida ekishga va to‘liq hosil olishga yaroqli.
“Zilola” navi
2008-yilda Davlat reyestriga kiritilgan. To‘liq pishish davri 90–95 kun. Dukkaklari poyasining ustki qismida shakllanadi (20–25 dona) va terim uchun qulay. Hosildorligi 20,0–25,0 s/ga tashkil etadi. 1000 ta urug‘ vazni – 72 g. Bahorda hamda ang‘izda ekishga va to‘liq hosil olishga yaroqli.
“Turon” navi
2012-yilda Davlat reyestriga kiritilgan. Pishish davri 100 kun. Hosildorligi 29,0–31,0 s/ga tashkil etadi. 1000 ta urug‘ vazni – 82 g. Tuproq unumdorligini oshiradi. Bahorda hamda yoz mavsumida ekishga va to‘liq hosil olishga yaroqlidir.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: