Ijtimoiy tarmoqlarda Qirg‘izistonning Aksiy tumanidagi qishloq xo‘jaligi ekinlari maydonlarida Marokko chigirtkasining ko‘payib ketgani haqida xabar berildi.
Chigirtkaning O‘zbekistonga kirib kelish xavfi bormi? Unga qarshi kurashish usullari qanday va ekinlar zararlanishini oldini olish mumkinmi?
Ushbu savollarga O‘zR Qishloq xo‘jaligi vazirligining o‘simliklarni himoya qilish va agrokimyo boshqarmasi mutaxassisi Baxtiyor Muhammadev javob berdi.
O‘zbekiston sharoitida zararli chigirtkalar xavfini bartaraf etish yuzasidan har yili kuz oylarida kuzgi, erta bahorgi kuzatuv nazorat ishlari olib boriladi, chigirtkalarning qishlov muddati tugashi, tuxumdan chiqish muddatlari to‘g‘risida ko‘p yillik kuzatuv asosida kimyoviy kurash tadbirlari rejalashtiriladi va o‘z vaqtida tashkil etish choralari ko‘riladi. O‘zbekistonda afrika chigirtkalari bosib ketishi xavfi to‘g‘risida xabarlar kuzatilmagan.
Respublikamizda hozirgi paytda chigirtkalarga qarshi kurash tadbirlari davlat byudjetidan taʼminlanadigan O‘zbekiston Respublikasi O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi tarkibidagi Chigirtkalarga qarshi kurash xizmatlari tomonidan amalga oshiriladi.
Har yilgidek qo‘shni davlatlarning chegaradosh hududlaridan O‘zbekiston hududiga zararli chigirtkalarning uchib o‘tish xavfi mavjud bo‘lib kelgan.
Masalan, joriy yilda 50-60 ming gektar maydonga uchib o‘tish xavfi mavjud. Shunday holat yuzaga kelganda, barcha texnika vositalari mobilizatsiya qilinib, keng qamrovli kimyoviy ishlovlar o‘tkazilib, ularning keng maydonlarga tarqalishi xavfini bartaraf etish choralari ko‘riladi. Texnikalar yetarli, moddiy resurslar YOMM, kimyoviy vositalar zaxirasi mavjud.
2022-yilning aprel-may oylarida Favqulodda vaziyatlar vazirligi bilan, hududiy hokimiyatlar ishtirokida Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda “Zararli chigirtkalarga qarshi kurashish” mavzusida maxsus-taktik o‘quv mashqlari hamda profilaktik tadbirlar o‘tkazilgan, chigirtkalarga qarshi kurash mavsumiga tayyorgarlik bo‘yicha bir qator amaliy tadbirlar o‘tkazilgan.
Chigirtkaga qarshi kurashish va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining zararlanishini oldini olish choralari
Zararli chigirtkalar bilan kurash bo‘yicha Respublikada tizim bor, yuqorida keltirilganidek, hozirgi paytda davlat byudjetidan taʼminlanadigan O‘zbekiston Respublikasi O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi tarkibidagi Chigirtkalarga qarshi kurash xizmatlari tomonidan amalga oshiriladi.
Kurash tadbirlari asosan yer ustki texnika vositalari, xususan, motorli qo‘l apparatlari, OVX, VP-1, ultra kichik -hajmli (UMO) purkagichli avto texnika agregatlari hamda motodeltaplan jalb qilinib kelinmoqda. Mavjud texnikalar bilan 1 kunda 10-12 ming gektar maydonda ishlovlar o‘tkazish mumkin, zaruriyat yuzaga kelganda Favqulodda vaziyatlar vazirligi bilan texnika safarbarligi bo‘yicha hamkorlik masalalari ham ko‘rib chiqilgan.
Hozirda Surxondaryo, Qashqadaryo, Samarqand va Jizzax viloyatlarida chigirtkalarga qarshi kimyoviy ishlov ishlari olib borilmoqda.
2022-yil 12-may kuniga qadar 153,8 ming gektar maydon qayta kuzatuv-nazoratdan o‘tkazilib, jami 118,6 ming gektar maydonda kimyoviy kurash ishlari o‘tkazilgan.
Respublika viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda qo‘shni davlatlar bilan chegaradosh hududlarda zararli chigirtkalarning paydo bo‘lishi va tarqalishi bo‘yicha kuzatuv ishlari yo‘lga qo‘yilgan, joylardagi vaziyat nazoratga olingan.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: