O‘zR Qishloq xo‘jaligi vaziligi huzurida Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi sohasida strategik rivojlanish va tadqiqotlar xalqaro markazi (ISCAD) joylarda XMI (Xalqaro Moliya Institutlari) mablag‘lari evaziga ish boshlagan tadbirkorlarning o‘zlashtirilgan mablag‘larni maqsadli ishlatilayotganligi yuzasidan monitoring-tahlil ishlarini olib bormoqda. Tadbirkorlar duch kelayotgan muammolar yechimini topishga harakat qilmoqda. Shuningdek, maqsadli loyihasi bor tashabbuskorlarga XMI mablag‘larini ajratishda amaliy yordam ko‘rsatmoqda.
Ushbu markaz xodimlari besh kunlik amaliy tashrif bilan Buxoro viloyatida bo‘lishdi. Viloyatdagi tadbirkor-fermerlarning faoliyatini ko‘zdan kechirib, XMI mablag‘lari nechog‘li samarali sarflanayotganini tekshirishdi. Jumladan, G‘ijduvon tumanidagi “Usmon Sher Shamshod” masʼuliyati cheklangan jamiyatida bo‘lib, uning faoliyatiga ham qiziqishdi.
2011-yilda ish boshlagan Sherzod Jumayev tadbirkorlikka eʼtibor qaratilgach, darhol faoliyatini kengaytirdi. Jumladan, 2,5 gektar maydonda agrologistika va meva-sabzavot klasterini tashkil etdi. Unda 200 dan ortiq doimiy va 1000 nafardan ortiq mavsumiy ish o‘rni yaratishni maqsad qildi. Birgina transport xizmatidan 14 mlrd so‘mdan ziyod, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksportidan esa, 20,9 mlrd so‘m sof foyda ko‘rdi. 2022-yilning 1-choragidagi transport xizmatidan topilgan daromad 726 million so‘mni tashkil etdi.
Bugungi kunda tadbirkorning Xitoydan olib kelingan qayta ishlash sexida mevalar sifat va hajm jihatidan saralansa, Avstriyadan keltirilgan uskunalarda mevalarning maxsus turidan sharbat va jemlar tayyorlanmoqda. Mahsulotlarni saqlash va manzilga yetkazib berish uchun 2000 tonnalik sovutkichli sig‘im uskunalari, 20 dona refrijeratorli tirkamalar va 40 dan ortiq yuk mashinalari ishlamoqda.
Sherzod Jumayevga klaster asosida bog‘ tashkil etishi uchun 1150 gektar yer maydoni ajratildi. Undan 300 gektar yer o‘zlashtirilib, 200 gektarida uzumzor, 100 gektarida turli meva ko‘chatlari ekildi. Yerning qolgan qismlarini ham bosqichma bosqich o‘zlashtirilib, ko‘chat ekish ishlari davom ettirilmoqda. Ekilgan ko‘chatlar zamonaviy va tejamli tomchilab sug‘orish tizimi orqali sug‘orilyapti.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: