Respublikada 2022-yil holatiga barcha toifa xo‘jaliklari bo‘yicha 181 ming gektar tokzorlar mavjud bo‘lib, ulardan 1,8 mln tonna mahsulot yetishtirish prognoz qilingan.
So‘nggi yillarda ekish va parvarishlashda innovatsion resurs tejamkor texnologiyalarni ya’ni yuqori hosildor navlarni ekish, tomchilatib sug‘orish tizimini joriy qilish orqali mineral o‘g‘itlar sarfini kamaytirish, kasallik va zararkunandalarga o‘z vaqtida ishlov berish kabi agrotexnika tadbirlarni sifatli bajarilishi orqali hosildorlikni 12-13 tonnadan 14-15 tonnagacha oshirishga erishilmoqda.
Joylarda o‘rnatilgan monitoring natijalariga asosan, respublika hududlarining iqlim sharoitlaridan kelib chiqqan holda iyul oyining 1 dekadasidan uzum pishib yetilishi boshlanadi.
Respublikada uzum ishlab chiqarish va eksport hajmini oshirish maqsadida 2021-yilda 41,3 ming gektar va 2022-yil bahor mavsumida 21,6 ming gektar uzum plantatsiyalari tashkil etildi.
Bugungi kunda uzumning asosan Xusayni, Rizamat ota, Toyfi, Surxak, Kelin barmoq, Qorajanjal, Oq kishmish, Qora kishmish, Kishmish botir, Kishmish vir, Kishmish Sug‘diyona navlari shuningdek, sanoatbop navlardan Aleatika, Bayan shirey, Risling, Kaberniy, Muskat kabi navlari ekilmoqda.
Ta’kidlash lozim, pishib yetilgan uzum tarkibida, ayniqsa kishmish navlarida 28-30 %gacha organizm tomonidan tez o‘zlashtiriladigan qandlar, glyukoza, fruktoza va saxaroza bor. Shuningdek, yangi uzilgan uzum tarkibida inson salomatligi uchun zarur bo‘lgan olma, vino, limon, qahrabo, shavel, chumoli va boshqa bir qancha organik kislotalar, kaliy, kalsiy, fosfor, natriy kabi mineral tuzlar, meva po‘sti tarkibida rang beruvchi pigmentlar mavjud.
Uzun asosan, iyul oyidan noyabr oyigacha yangiligicha iste’mol qilinadi. Maxsus sovitkichlarda saqlanganlarini mart-aprel oylarida ham tansiq va shifobaxsh meva sifatida iste’mol qilish mumkin.
Tokning boshqa mevali o‘simliklarga nisbatan afzalligi yana shundaki, uni ko‘paytirish qulay, ko‘chati o‘tqazilgach, 2-3-yili hosilga kiradi va qulay sharoitda yaxshi parvarish qilinsa, yuz hatto undan ham ko‘p yil yashab hosil berishi mumkin.
Tok ildiz tizimi baquvvat bo‘lgani uchun qurg‘oqchilikka ancha chidamli. Undan tog‘ va tog‘ oldi yerlarini o‘zlashtirish, qumli yerlar va jar yoqalarini mustahkamlashda ham foydalanish mumkin. Uni boshqa mevali daraxtlar o‘sishi ancha qiyin bo‘lgan, sho‘rlangan, toshloq, yer osti suvi yaqin yerlarda ham o‘stirib, hosil yetishtirish mumkin.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: