Hozirgi kunda respublika bo‘ylab g‘alla o‘rim-yig‘im mavsumi faol ketmoqda. Taʼkidlash kerak, joylarda agrotexnik tadbirlar talabga muvofiq olib borilgani tufayli baʼzi viloyatlarda bug‘doy o‘rim-yig‘imiga har yilgidan bir hafta–o‘n kun avval kirishildi. Buxoro viloyati bunga yaqqol misol.
Xususan, viloyatning Qorovulbozor tumanida dehqonlar hamda tajribali g‘allakor klasterlar besh kunda 5 ming 525 gektar maydondan 14 ming 545 tonna g‘alla hosilini yig‘ib olishdi. Bu natija davlatga don sotish rejasida belgilangan 13 ming 525 tonnaga nisbatan ming tonnadan ziyodroq ko‘rsatkichdir. Bugungi kunda Qorovulbozor dalalarida o‘rim-yig‘im ishlari shiddat bilan davom etmoqda. Mirishkorlar bu yil har gektar g‘alla hosildorligini 70 sentnerga yetkazish va umumiy xirmon salmog‘ini 18 ming tonnadan oshirish taraddudida harakat qilishmoqda.
G‘allazorda 9 ta zamonaviy kombayn va boshqa tumanlardan hasharga yetib borgan 61 ta yuqori unumli kombayn ekipaji hamda hosilni tashishda 80 dan ortiq maxsus texnika va mexanizmlar kuchidan foydalanilmoqda. Kunlik hosil hududdagi “Qorovulbozor” hamda “Jarqoq” don qabul qilish maskanlarida yig‘ilmoqda. Shu bilan birga, o‘rilgan g‘allazorlarni somondan tozalash, shudgorlash va ekin ekishni boshlash jarayonlari ham qizg‘in kechmoqda.
Joriy yil Qorovulbozor tumanidagi “Bukhara Agro cluster” hamda “Ark Eco Tekstil” MCHJ klasterlari tasarrufidagi 157 ta fermer xo‘jaligida g‘allaning “Starshina” navlari bilan birga “Asr”, “Grom”, “Alekseich” kabi istiqbolli navlari sinovdan o‘tkazildi.
Tumanda g‘alladan bo‘shagan maydonlarga takroriy ekin sifatida sabzavot, poliz, dukkakli, moyli, ozuqa ekinlari ekilmoqda. Bu hududlarga masʼullar biriktirilgan bo‘lib, ular yer maydoni ajratilgan yoshlar, ayollar va ishsiz fuqarolarga urug‘lik tanlash, takroriy ekinlarning o‘z vaqtida ekilishi va agrotexnik tadbirlarning sifatli bajarilishi, mineral o‘g‘itlarning sarflanishi yuzasidan maslahat hamda tavsiyalarini berib kelmoqda.
Spelling error report
The following text will be sent to our editors: