O‘zR Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi sohasida strategik rivojlanish va tadqiqotlar xalqaro markazi (ISСAD) ning monitoring va tahlil guruhi hududlardagi o‘rganish ishlarini olib bormoqda. Xususan, Navoiy viloyatida 2016-2021-yillarda xalqaro moliya institutlari mablag‘lari hisobidan moliyalashtirilgan loyihalarning ayni kundagi holati tizimli monitoring qilindi. Bunda har bir loyihaning maqsadli amalga oshirilayotganligi, erishilayotgan yutuqlar, yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklarni aniqlash va muammolarni bartaraf etish, yangi tashabbuskorlarni aniqlashga eʼtibor qaratildi.
Viloyatda 2017-2022-yillar davomida jami 78 million 837 ming AQSH dollari qiymatidagi 66 ta loyiha 7 ta yo‘nalish bo‘yicha amalga oshirilgan. Xususan, Karmana tumanida 17 ta, Konimex tumanida 8 ta, Qiziltepa tumanida 11 ta, Navbahor tumanida 13 ta, Navoiy shahrida 7 ta, Uchquduq tumanida 2 ta, Xatirchi tumanida 8 ta loyiha ishga tushgan. Ularning 44 tasi zamonaviy tipdagi issiqxona bo‘lsa, bittasi meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash uchun mo‘ljallangan korxona, yana bittasi esa, muzlatgichli omborxonadir. Qolgan yo‘nalishlar bo‘yicha ajratilgan mablag‘lar chorvachilikni rivojlantirish loyihalariga yo‘naltirilgan.
Ana shunday loyiha ishtirokchilaridan Ulug‘bek Turayev rahbarligidagi “Zarafshon Grand Bog‘lari” MCHJ ga 2020-yilda Osiyo taraqqiyot bankidan 2 065 ming dollar miqdoridagi mablag‘ ajratilgan. Tadbirkor 3 gektar yerga pomidor ko‘chati ekib, 25 ta ish o‘rni yaratdi.
Xatirchi tumanilik Muzaffar Hayitov rahbarligidagi “POTATO AGROFIRMASI” MCHJga meva-sabzavotchilik yo‘nalishida gidroponika usulida zamonaviy issiqxona tashkil etish uchun Jahon taraqqiyot banki tomonidan 500 000 AQSH dollari miqdorida kredit mablag‘i ajratilgandi. Gidroponika (tomchilatib sug‘orish) usulida tashkil etilgan 1 gektar maydondagi issiqxonada 25 kishi doimiy, 100 nafarga yaqin kishilar esa mavsumiy ish bilan taʼminlandi. Ushbu fermer xo‘jaligida yiliga 360 tonna qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirilishi va shu orqali yiliga 700 000 ming AQSH dollariga teng miqdordagi qishloq xo‘jalik mahsulotlarini eksport qilish rejalashtirilgan. Tadbirkor faqatgina issiqxonada pomidor yetishtirish bilan cheklanib qolgani yo‘q. U qo‘shimcha ravishda “XATIRCHI TOMATO” MCHJ faoliyatini ham yo‘lga qo‘ydi. Umumiy qiymati 897 ming AQSH dollariga teng bo‘lgan gidroponika usulidagi 2 gektar yerga barpo etilgan zamonaviy issiqxona yiliga 300 tonna mahsulot yetishtirish quvvatiga ega. Hozirgi kunda ushbu korxonada 24 ta doimiy va 50-60 ta mavsumiy ish o‘rni yaratilgan. Har ikkala korxonada yetishtirilgan mahsulotlarning 50 %i, yaʼni 300-330 tonnasi eksportga chiqarilmoqda.
Viloyatdagi yana bir tadbirkor “NAVOIY AGRO FRESH TRADE” MCHJ rahbari Adhamjon Saidahmedov ham Jahon taraqqiyot bankidan 400 ming AQSH dollari miqdoridagi kredit mablag‘oldi. O‘zidagi 120 ming AQSH dollari va olingan kreditni maqsadli yo‘naltirib, tomchilatib sug‘orish orqali zamonaviy issiqxona yaratdi. Tadbirkor 24 ta ish o‘rni tashkil qilib, mahalladagi ishsizlarni ish bilan band etdi. Yiliga 150-200 tonna mahsulot yetishtirayotgan tadbirkor uning 10 foizini chet elga eksport qilmoqda.
ISСAD markazining monitoring va tahlil guruhi viloyatdagi ko‘plab tadbirkorlarning faoliyati bilan tanishib, ularga ajratilgan mablag‘lar haqiqatan ham maqsadli va samarali sarflanayotganiga amin bo‘ldi. Eʼtiborlisi, amalga oshirilayotgan ushbu loyihalarning har biri yuzlab insonlarning hayotini yaxshi tomonga o‘zgartirmoqda. Ular orqali qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratilib, daromadlar oshmoqda, dasturxonlar to‘kin bo‘lmoqda.
Spelling error report
The following text will be sent to our editors: