Toshkent davlat Agrar universitetida O‘zR qishloq xo‘jaligi vazirligi va Yevropa Ittifoqining Qishloq xo‘jaligini qo‘llab-quvvatlash va soha bilimlarini oshirish dasturi (ASK Facility) hamkorligida “Integratsiyalashgan rejalashtirish va byudjetlashtirish” mavzusida xalqaro seminar bo‘lib o‘tdi. Unda YEI ASK dasturi rahbari Adrean Nil, dasturning DMB bo‘yicha katta xalqaro eksperti Nina Hajoyan, O‘zR Moliya vazirligi hamda Qishloq xo‘jaligi vazirligining qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sektori uchun moliyaviy va siyosatni rejalashtirishga masʼul mutaxassislari qatnashdi.
Uchrashuv zamonaviy byudjetlashtirishning xalqaro tendensiyalari, agrar oziq-ovqat sektorida o‘rta muddatli va samaradorlikka yo‘naltirilgan byudjetlashtirishni joriy etish va bu islohotlarni amalga oshirishda o‘tkazilishi lozim bo‘lgan zarur chora-tadbirlarga bag‘ishlandi.
Seminarda YEI ASK dasturi rahbari Adrean Nil so‘zga chiqib, “Agar biz islohotlar jarayonini qo‘llab-quvvatlash uchun pul topa olmasak, qishloq xo‘jaligi sektorini rag‘batlantirishda yangi xizmatlarni ishlab chiqa olmaymiz. Avvalo, ularni amaliyotga tadbiq etish mablag‘siz amalga oshmaydi. Bu yo‘lda biz qaysi xizmatlarga ehtiyoj borligini aniqlashimiz, ularni rivojlantirishga eʼtibor qaratib, muvofiq mablag‘ ajratilishini taʼminlashimiz kerak” deya taʼkidlab o‘tdi.
Shuningdek, tadbirda yangi xizmatlarni va tizimlarni ishlab chiqishga ko‘p vaqt talab etilishi, buning uchun esa, Qishloq xo‘jaligi vazirligida sinov tariqasida kamida uch yillik davrni qamrab oluvchi byudjetni rejalashtirish tizimini joriy etish masalalari muhokama qilindi.
Tadbir davomida YEI ASK dasturi xalqaro eksperti Nina Hajoyan integratsiyalashgan rejalashtirish va byudjetlashtirishning islohotlar kontekstidagi ahamiyati va soha bo‘yicha xalqaro tajriba yuzasidan taqdimot o‘tkazdi. Jumladan, davlat mablag‘lari to‘g‘ri ishlatilganligi va ular sektorning o‘sishi, rivojlanishiga ijobiy taʼsir ko‘rsatyaptimi yoki yo‘qmi, buni aniqlash lozimligini aytib o‘tdi. Bu borada esa, qishloq xo‘jaligi vazirligi mutaxassislari bilan sohani byudjetlashtirilishini samaradorlik va maqsadli ko‘rsatkichlariga bog‘liqligi borasida ishlanayotganligi qayd etildi. Agrar oziq-ovqat sektorida o‘rta muddatli byudjetlashtirishni joriy qilishdan oldin va keyin amalga oshirilishi zarur bo‘lgan chora-tadbirlar haqida ham maʼlumotlar berildi.
Taʼkidlash lozimki, O‘zbekistonda kelasi yildan o‘rta muddatli byudjetlashtirishni joriy etish orqali moliyaviy intizom, pul qiymati samaradorligi va strategik ustuvorlikni belgilashga erishish rejalashtirilmoqda. Moliyaviy intizomni o‘rnatish orqali daromadni oshirish va xizmat ko‘rsatishda muqobil yoki iqtisodiyot uchun bezarar qarz darajasini saqlab qolish imkoniyati bilan belgilangan chegaralar doirasida xarajatlar taʼminlanadi. Pul qiymati samaradorligiga erishish orqali dasturlar yoki xizmatlarni amalda yetkazib berishda resurslardan oqilona foydalaniladi. Strategik ustuvorlikni belgilash yordamida hukumatning strategik maqsadlariga ko‘proq hissa qo‘shadigan sohalarda resurslarni taqsimlash va sarflash mumkin bo‘ladi.
Seminarda muhokama etilgan mavzular soha vakillarining qishloq xo‘jaligida amalga oshirilishi rejalashtirlayotgan islohotlar jarayonida xabardorlik, bilim va ko‘nikmalarini oshishiga xizmat qiladi.
Spelling error report
The following text will be sent to our editors: