Ayni kunda yurtimiz bo‘ylab g‘alla o‘rim-yig‘imi jadal ketmoqda. O‘z navbatida g‘alla hosilidan bo‘shagan maydonlar peshma-pesh shudgorlanib, o‘rniga takroriy ekinlarni ekish ishlari boshlab yuborilgan. Qolaversa, g‘alladan bo‘shagan yerlar kam taʼminlangan oilalarga ham bo‘lib berilmoqda. Bu respublikada oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash bilan bir qatorda, qishloqlar aholisi bandligini va moddiy manfaatdorligini oshirishga ko‘maklashadi.
Biroq ayrim shaxslar bu imkoniyatdan samarali foydalanish o‘rniga shoshma-shosharlikka yo‘l qo‘ymoqda. Yaʼni paykallarni haydashdan oldin bug‘doy poyalari, somon va yovvoyi o‘simliklar qoldiqlaridan tozalashga erinib, osongina yoqib yuborish usulini qo‘llamoqda. Afsuski, buning juda ko‘p salbiy oqibatlari bor.
Boshoqli don poyasini yoqib yuborishning salbiy oqibatlari
Qishloq xo‘jaligi sohasi olimlarining taʼkidlashicha, 1 gektar yer maydonida boshoqli don poyasi yoqilganda, atmosfera havosiga 500 gramm azot oksidi, 379 gramm ulgevodorod, 3 kg kul, 20 kg is gazi va uglerod oksidi (SO) gazi chiqib ketadi. Natijada yoqilganida undan ajralib chiqqan qurum inson organizmida sil va saraton kasalliklarini keltirib chiqarishi mumkin. Shuningdek, somonning yoqib yuborilishi nafaqat atrof-muhitni ifloslantirib, tuproq unumdorligini pasaytiradi, balki chorva mollari ozuqasiga ham putur yetkazib, iqtisodiy zarar keltiradi.
Eng asosiysi, somon poyalari va ularning qoldiqlari yoqilgan hududlarda yer unumdorligining yo‘qolishi, tuproq strukturasining buzilishi hamda yong‘in natijasidagi yuqori harorat tufayli makro va mikroelementlarning yo‘q bo‘lib ketishi oqibatida ekin yerlarining ball boniteti keskin pasayadi.
Tuproq strukturasining buzilishi qator “zanjirli reaksiyalar”ni sodir etib, birinchi navbatda qishloq xo‘jaligi ekologik sharoitlarini yomonlashtiradi, eroziya jarayonlarini tezlashtiradi. Yaʼni organik moddalarning yonib ketishi tuproq strukturasining yanada tezroq buzilishiga olib kelishi bilan bir qatorda uning eroziyaga turg‘unlik qobiliyatini keskin pasaytiradi, organik moddalarning kichik biologik aylanishidan mahrum etadi.
Bug‘doydan keyingi ildiz va ang‘iz qoldiqlari qimmatli ozuqa
Dukkakli-don ekinlarning ildiz va ang‘iz qoldiqlari boshqa ekinlarning oziqlanishiga ijobiy taʼsir ko‘rsatadi. Shu sababli almashlab ekishda o‘g‘itlash tizimini tuzish jarayonida bu, albatta, hisobga olinishi kerak. Donli va dukkakli-don ekinlarning ildiz va ang‘iz qoldiqlari tarkibidagi uglerod va azot o‘rtasidagi nisbat (S:N) juda kichik bo‘lib, mazkur elementlarning go‘ngdagi nisbatiga yaqinlashib boradi.
Ildiz va ang‘iz qoldiqlarining minerallashish jarayoni ancha jadal kechadi. Shuningdek, ular tarkibidagi ozuqa moddalarining o‘simliklar tomonidan o‘zlashtirilish koeffitsiyenti ham go‘ngdagi ozuqa moddalarning o‘zlashtirilish koeffitsiyentiga yaqin. Bu birinchi navbatda azotga tegishli bo‘lib, dukkakli ekinlardan qoladigan ildiz va ang‘iz qoldiqlari tarkibidagi azot birinchi, ikkinchi va uchinchi yillarda 20-25, 15-20 va 5-10 % o‘zlashtiriladi.
Maʼlumotlarda keltirilishicha, dukkakli va dukkakli-don ekinlarning har bir tonna ildiz va ang‘iz qoldiqlari hisobiga 10-15 kg azot tuproqqa kelib tushadi. Azotdan tashqari, fosfor va kaliy moddalari ham ozuqa sifatida yig‘iladi.
Oxirgi 50 yilda respublikaning ayrim hududlarida gumus miqdori 0,4-0,5 % gacha kamayib ketgan. Tuproq tarkibidagi gumus miqdorini ko‘paytirish uchun mahalliy o‘g‘itlardan qoramol go‘ngi, shahar chiqindisi, has-xazon, siderat ekinlar bilan tuproq tarkibidagi organik qoldiqni ko‘paytirish kerak. Dalalarda bug‘doy ekinlaridan keyin qoladigan 3-4 tonna o‘simlik qoldiqlari yoqib yuborilganda esa, busiz ham talab etiladigan meʼyorlardan ancha past miqdorda bo‘lgan mikroorganizmlarga jiddiy qiron keltiriladi. Shuning uchun somonning yoqilishiga keskin qarshilik qo‘rsatish lozim.
O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi mutaxassislari ma’lumotlari asosida tayyorlandi.
Spelling error report
The following text will be sent to our editors: