Bugun qishloq xo‘jaligi sohasini ham zamonaviy texnika-texnologiyalarsiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Ekinni yerga qadashdan toki hosilni yig‘ib olgungacha bo‘lgan barcha davrda zamonaviy texnika fermerlar uchun eng yaqin ko‘makchiga aylanmoqda. Daladagi har bir yangi, zamonaviy texnika esa, albatta, O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligi texnikasi va texnologiyalarini sertifikatlash va sinash markazining nazoratidan o‘tadi. Ushbu markaz Turkiya Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligi texnikalarini sinash markazi bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yishi esa, respublikadagi agrar soha rivojiga berilayotgan yana bir imkoniyat, standartlashtirish va sertifikatlash sohasidagi samaradorlikni oshirishdir.
TAMTEST rahbari Meltem Deniz CAN boshchiligidagi Turkiya qishloq xo‘jaligi delegatsiyasi markazlar o‘rtasida o‘rnatilayotgan aloqalarni mustahkamlash va Hamkorlik memorandumini imzolash maqsadida Qishloq xo‘jaligi texnikasi va texnologiyalarini sertifikatlash va sinash markazi (QTTSM) ga kelishdi. Tashrif doirasida Qishloq xo‘jaligi vazirligi Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash va texnik modernizatsiyalash boshqarmasi boshlig‘i Qodir Ismoilov va QTTSM mutaxassislari va mehmonlar ishtirokida “Yo‘l xaritasi”da belgilangan vazifalarni ijrosini taʼminlash maqsadida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Qishloq xo‘jaligi texnikasi va texnologiyalarini sertifikatlash va sinash markazining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazish, imitatsion va tezkor sinov laboratoriyalarini qurish hamda zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlash tadbirning asosiy mavzusiga aylandi. Shuningdek, markazda oliy taʼlim muassasalari, ilmiy tadqiqot institutlaridan texnolog konsruktorlar, ishlab chiqarish korxonalaridan malakali mutaxassislarni jalb etish orqali “Maʼnaviyat va maʼrifat hamda bilimlar uyi”da tashkil etilayotgan o‘quv kurslarida o‘qitish rejalashtirilayotganiga ham to‘xtalib o‘tildi. TAMTEST rahbari Meltem Deniz CAN esa, Turkiya qishloq xo‘jaligi texnikalarini sinash markazi faoliyati haqida tayyorlab kelgan videoroligini namoyish qildi.
Uchrashuvdan so‘ng mehmonlar markaz faoliyati bilan yaqindan tanishish maqsadida hududda joylashgan O‘zbekiston qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muzeyi, texnikalarni sinash stendlari joylashgan laboratoriyalarda bo‘lishdi. Markazning asosiy faoliyati, funksiyalari va vazifalari hamda mavjud sinov uskunalari, o‘lchov vositalari metodikalari bilan yaqindan tanishidi.
Ushbu hamkorlikning eʼtiborli jihati shundaki, o‘tkazilgan muzokaradan ilg‘or xorij sinov markazlari hamda ishlab chiqaruvchilari bilan yaqindan hamkorlik o‘rnatish, xalqaro talablar asosida sinovlarni o‘tkazishga erishish rejalashtirilmoqda. Shuningdek, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtiruvchilariga tuproq-iqlim sharoitlariga mos texnikalarni tavsiya qilish, ularni agregatlash samaradorligini aniqlash hamda yangi resurstejamkor texnika va texnologiyalar joriy qilinishini taʼminlash ko‘zda tutilmoqda. Tomonlar markazni xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazish bo‘yicha bajarilishi lozim bo‘lgan vazifalar bo‘yicha ham o‘zaro tajriba almashishdi.
Spelling error report
The following text will be sent to our editors: