5-6-iyul kunlari Toshkent shahrida Iqtisodiy hamkorlik tashkilotiga (IHT) aʼzo davlatlar qishloq xoʻjaligi vazirlarining VII yigʻilishi doirasida uchrashuvlar boʻlib oʻtdi. Toshkent shahridagi tadbirlar O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan tashkil etildi.
5-iyul kuni IHTga a’zo davlatlar qishloq xo‘jaligi vazirlarining VII yig‘ilishi arafasida IHTga a’zo mamlakatlar Qishloq xo‘jaligi vazirliklari ekspertlaridan iborat ishchi guruhning yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Ishchi guruh yig‘ilishining asosiy mavzusi oziq-ovqat xavfsizligi va IHTga a’zo davlatlar o‘rtasida savdo-sotiqni yengillashtirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratishdan iborat bo‘ldi. Qishloq xo‘jaligining oziq-ovqat xavfsizligi bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan urug‘chilik sohasini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi.
6-iyul kuni Toshkentda IHTga a’zo davlatlar qishloq xo‘jaligi vazirlarining VII yig‘ilishi o‘tkazildi. Yig‘ilishda qishloq xo‘jaligi sohasidagi hamkorlikning bugungi holati tahlil qilinib, yangi istiqbolli yo‘nalishlar belgilandi, shuningdek, qishloq xo‘jaligi bo‘yicha Deklaratsiya loyihasi muhokamasi bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkiya, O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi vazirlari, Pokiston Islom Respublikasi Qishloq xo‘jaligi milliy markazi direktori, Eron Islom Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi elchisi ishtirok etdi.
Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligi vaziri Jamshid Xodjayev timsolida raislik qilgan mezbon tomon BMTning Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO) bilan hamkorlikda IHTga a’zo davlatlarning strategik sherikligi boʻyicha qator tashabbuslarni ilgari surdi:
O‘zbekiston Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti mamlakatlari bilan jadal rivojlanib borayotgan munosabatlarni yuksak qadrlaydi. IHT davlatlari qishloq xo‘jaligi va chorvachilikni rivojlantirishning eng qadimgi markazlari hisoblanadi. Ishonchimiz komilki, o‘zaro savdoni yanada faollashtirish, uning tuzilmasini maqbullashtirish va yangi o‘sish nuqtalarini topish biz uchun nihoyatda muhim. Shuningdek, yangi savdo uslublarini rivojlantirishni ham ahamiyatli deb hisoblaymiz.
Iqlim o‘zgarishi, aholi sonining ko‘payishi, atrof-muhit holatining yomonlashuvi kabi ba’zi global omillar qishloq xo‘jaligining rivojlanishiga to‘sqinlik qilmoqda.
Shu munosabat bilan BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) bilan hamkorlikda IHTning oziq-ovqat xavfsizligi sohasida hamkorlik strategiyasini ishlab chiqish zarur deb hisoblaymiz”, — dedi O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vaziri Jamshid Xodjayev.
Ma’lumot:
Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti (IHT) 1985-yilda Markaziy Osiyo va Yaqin Sharq mamlakatlari tomonidan tashkil etilgan mintaqaviy davlatlararo iqtisodiy tashkilotdir. 1992-yildan boshlab 7 ta yangi davlat – Qozog‘iston, Ozarbayjon, Afg‘oniston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekistonning ixtiyoriy ravishda a’zo bo‘lishi tufayli IHT faoliyati sezilarli darajada faollashdi. 1995-yilda BMT Bosh Assambleyasining 50-sessiyasida IHT bilan hamkorlik to‘g‘risida rezolyutsiya qabul qilindi va shundan beri IHT BMTda kuzatuvchi maqomiga ega. IHT, shuningdek, Islom hamkorlik tashkilotida (IHT) kuzatuvchi maqomiga ham ega. IHT mamlakatlari o‘rtasidagi munosabatlarda iqtisodiy jihatlar ustunlik qiladi va siyosiy yo‘nalish kamroq namoyon bo‘ladi. IHT faoliyatining asosiy siyosiy va iqtisodiy parametrlari IHT Nizomining 4-moddasiga muvofiq har ikki yilda bir marta o‘tkaziladigan IHTga a’zo mamlakatlar davlat rahbarlarining sammitlarida belgilanadi.
Spelling error report
The following text will be sent to our editors: