7-iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligida Yevropa Ittifoqi ASK Facility dasturi tashabbusi bilan audit xodimlarning imkoniyatlarini oshirishga bag‘ishlangan gibrid shakldagi (oflayn va onlayn) amaliy seminar bo‘lib o‘tdi.
Qishloq xo‘jaligi vazirligi va viloyatlardagi quyi bo‘limlarning ichki audit sohasida faoliyat yurituvchi yigirmadan ortiq rahbar va mutaxassislari ishtirok etgan tadbirni ASK dasturining ichki audit bo‘yicha xalqaro katta eksperti Joys Tyunissen (Niderlandiya) olib bordi.
Seminar davomida xalqaro mutaxassis tashkilotlardagi ichki auditning ichki nazorat va tekshiruv funksiyalaridan farqli jihati, bu borada xalqaro qabul qilingan standart va tamoyillar haqida batafsil ma’lumot berdi.
“Ayrim jamiyatlarda ichki audit atamasi “inspeksiya”, “prokuratura” va “byudjet tekshiruvi”, “jarima” kabi tushunchalar bilan yonma-yon yuradi. Ammo bu xalqaro tajribada urfdan chiqqan. Audit qilayotgan joyimizda ayblarni qidirish, xatolarni to‘g‘rilash yoki masʼullarni jazolash bizning ishimiz emas. Ichki auditor sifatida biz tizimning muvaffaqiyatiga xizmat qilishimiz kerak. Buning uchun, boshqaruv jarayonidan chetda turgan holda, tizimni xolis baholashimiz zarur. Lozim bo‘lsa, vaziyat yuzasidan tavsiyalar ishlab chiqishimiz mumkin. Bu tavsiyalarga ergashish, ularni amalda qo‘llash yoki qo‘llamaslik – boshqaruvchining masʼuliyatiga bog‘liq”, – deya ta’kidladi Joys Tyunissen.
Shuningdek, tadbirda ichki auditning xalqaro standartlarini sektorga joriy etish masalalari bo‘yicha fikr-mulohazalar almashildi. Ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga javoblar yo‘llandi.
Tadbir yakunida bugungi seminar O‘zR Qishloq xo‘jaligi vazirligi va tizim tashkilotlaridagi ichki auditning imkoniyatlarini yanada takomillashtirish, mas’ul mutasaddilarning malakasini oshirish yo‘lida navbatdagi qadam bo‘lib, kelgusida mavzu bo‘yicha yakka tartibdagi tavsiyalar olib borilishi rejalashtirilgani qayd etildi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: