KALINA— XUSHMANZARA O‘SIMLIK VA SURUNKALI KASALLIKLARNI DAVOLOVCHI GIYOH.
Markaziy Osiyoda sharq xalq tabobati asrlar mobaynida o‘ziga xos tarzda shakllangan. Ayniqsa, shifobaxsh o‘simlik va giyohlardan tabobatda keng foydalanish, shu orqali bemorlar dardlariga davo bo‘lib, kasalliklarning oldini olish tibbiyotdagi oily maqsad hisoblangan. Tib ilmining sultoni Abu Ali ibn Sino ham aynan dorivor giyohlar yordamida bemorlarni davolagan.
Eramizdan avvalgi davrlardayoq insonlarda shifobaxsh o‘simliklar va ular yordamida ko‘pgina kasalliklarni davolash usullari haqida maʼlumotlar bo‘lgan va ular tabiblar amaliyotida qo‘llanilgan.
O‘simliklarda organik va noorganik moddalar mavjud bo‘lib, ular uning terapevtik samarasini aniqlab beradi. Har bir dorivor o‘simlik keng spektrdagi shifobaxshlik xususiyatiga ega hamda uning bu xususiyatini tarkibidagi kimyoviy birikmalar va mikroelementlar belgilaydi.
Kalina— rezavor o‘simlik
Kalina (Viburnum l) turkumining shilvidoshlar oilasiga mansub bo‘lib, moʻtadil va subtropik mintaqalarda keng tarqalgan rezavor o‘simlik sifatida maʼlum. U dorivor va xushmanzara butalar qatoriga kiradi. Tabiatda kalinaning eng ko‘p tarqalgan turi bu – Oddiy kalina hisoblanadi. Bu tur rezavor qizil mevali buta sifatida bog‘dorchilik maydonlarida ekiladi.
Kalina odatda uzunligi 4 metrgacha bo‘lgan buta ko‘rinishda o‘sadi. Uni unumdor va namlik bilan yaxshi taʼminlangan tuproqlarda shox-shabbasi tarvaqaylangan, balandligi 6-7 metrga yetadigan daraxt sifatida ham ko‘rish mumkin.
O‘zbekistonga olib kelinishi
Kalina o‘simligi 2019-yilda O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Akademik Mahmud Mirzayev nomidagi bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot institutiga seleksioner olim Ravshan Abdullayev tomonidan olib kelindi. Uni ilmiy-tadqiqot institutiga qarashli rezavor mevalar kolleksiya maydoniga ekib, olimlar tomonidan o‘rganila boshlandi. Ayni paytda bu yerda kalina o‘simligining “Shukshinskaya” va “Tayojniy rubin” navlari hamda seleksiya yo‘li bilan yaratilgan 4 ta duragayi ustida ilmiy ishlar olib borilmoqda.
O‘simlikni yetishtirish
Kalina maydonlarga 3/1 va 3/1,5 chizma bo‘yicha ekiladi. O‘simlik ekilgach, 5-6 yil mobaynida unga shakl berib boriladi. Uni keksaygan shoxlari kesib tashlanadi va yosh novdalari qoldiriladi. Boshqa rezavor o‘simliklar singari kalinada ham yosh novdalarida hosil sifati yaxshi bo‘ladi.
O‘simlikning kurtaklar yozishi mamlakatimiz sharoitida mart oyi oxirlariga to‘g‘ri keladi, mevasi esa iyulning oxiri, avgust oylarida pishib yetiladi. Eʼtiborlisi, kalina ekilganidan so‘ng 3-4-yili hosilga kirib, uning bir tupidan 8-10 kg meva olinadi. Mevalari o‘rtacha kattalikdagi (0,5-0,6 g), qip-qizil, sharsimon shaklda bo‘ladi. Mevasining taʼmi biroz achchiq. Unda: qand – 10,16% gacha, kislota – 1,44% gacha, C vitamini – 55,9 mg% gacha, P vitamini – 902,0 mg% gacha ekanligi aniqlangan.
Rezavor o‘simlik sifatida kalina qishki sovuqqa va kasalliklarga chidamli, namlikni xush ko‘radi.
Surunkali kasalliklarni davolovchi vosita
Kalina suvini siqib, asal bilan teng miqdorda aralashtirilib, sharbat holida isteʼmol qilinganda uning shifobaxshlik xususiyati yanada ortadi. Oshqozon-ichak tizimida kasalligi bor bemorlarda yaralarni tez bitishiga yordam beradi. Shuningdek, zotiljam, yo‘tal, murtak bezi yallig‘lanishi (angina), tonzillit kabi surunkali kasalliklarni davolashda ham samarali vosita sifatida qo‘llaniladi.
Spelling error report
The following text will be sent to our editors: