2022-yil 13-iyul kuni Toshkent shahrida BMT Taraqqiyot Dasturi (BMTTD) va O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamkorligida o‘quv seminar bo‘lib o‘tdi. Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtiriladigan “Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sektorining “yashil iqtisodiyot”ga inklyuziv o‘tishini qo‘llab-quvvatlash va iqlimga yo‘naltirilgan qishloq xo‘jaligi bilimlari va innovatsion tizimini rivojlantirish” loyihasi doirasidagi ushbu seminar treningni xalqaro maslahatchi, qishloq xo‘jaligi sohasini rivojlantirish bo‘yicha 40 yillik tajribaga ega mutaxassis buyuk britaniyalik Devid Kaxan olib bordi.
Tadbirda AKIS agroxizmatlar markazining Farg‘ona, Qashqadaryo va Toshkent viloyatlaridagi markazlari, qishloq xo‘jaligi sohasidagi ilmiy-tadqiqot institutlari va ularning viloyatlardagi ilmiy-tajriba stansiyalari, mahalliy qishloq xo‘jaligiga ixtisoslashgan oliy va professional taʼlim muassasalari xodimlari, fermer xo‘jaliklari vakillari qatnashdi.
Devid Kaxan o‘z chiqishida qishloq xo‘jaligini rivojlantirishda “Innovatsion guruhlar” tushunchasi, sohada mahsulotlarni ishlab chiqarishdagi mavjud muammo va kamchiliklarni aniqlash va barataraf etilishi ularning tadqiqotlariga tayangan holda amalga oshirilishi haqida maʼlumotlar taqdim etdi.
BMTTD loyihasining milliy koordinatori Ulug‘bek Islamov esa, loyihaning asosiy maqsadi ilm-fan, tadqiqotlar, xizmat ko‘rsatish sohasida va ishlab chiqarish o‘rtasidagi munosabatlar samaradorligini taʼminlashdan iboratligini taʼkidlab, respublikada agrar sohadagi ishlab chiqarish samaradorligini oshirish, suv resurslaridan foydalanishda davlat va xususiy sektor tashkilotlari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish lozimligini qayd etdi.
Shuningdek, seminar trening davomida ishtirokchilar guruhlarga bo‘linib, g‘alla-paxta, chorvachilik, bog‘dorchilik sohalaridagi, suv resurslari bilan bog‘liq muammolarni amaliy mashg‘ulotlar yordamida tahlil qilishdi. Aniqlangan muammoning atrof-muhit va tabiiy resurslarga taʼsirini o‘rganib, muammolar yechimiga doir taqdimotlar o‘tkazishdi.
Tadbirda ta’kidlanganidek, “Innovatsion guruhlar” qishloq xo‘jaligida iqlim o‘zgarishiga moslashib, uning salbiy oqibatlarini yumshatishga qaratilgan ilmiy-amaliy yechimga ega innovatsion loyihalarni ishlab chiqib, so‘ngra uni amalga oshirishadi. Guruhlar fermer dehqon xo‘jaliklari, tadqiqotchi, ashrobiznes vakillari, tadbirkorlar va boshqa sohaga aloqador tashkilot vakillaridan tashkil topadi. Eng yaxshi va innovatsion loyihalar shaffof tanlov asosida mazkur loryihaning maxsus grantlari bilan taqdirlanishadi.
Spelling error report
The following text will be sent to our editors: