Tok boshqa madaniy o‘simliklar qatori jinsiy (urug‘idan) hamda vegetativ yo‘l bilan ko‘payadi. Urug‘idan ko‘paytirish, asosan, seleksiya ishlarida qo‘llaniladi. Amaliyotda vegetativ yo‘l bilan qalamchasidan, yashil qalamchasidan, payvandlab, parxishlab ko‘paytiriladi. Tok urug‘idan ko‘paytirilganda navning belgi va xususiyatlari o‘zgarib, ko‘pincha yovvoyi shakliga qarab ketadi, kech hosil beradi. Baʼzan ayrim mevali o‘simliklar kabi urug‘idan yetishtirilganlari madaniy navlarga yaqin hosil berishi mumkin, ammo keynchalik ular ayniydi. Vegetativ yo‘l bilan ko‘paytirilgan tok qayta tiklanish, yaʼni regenerativ xususiyatga ega. Tok organlarining qayta tiklanishi bir xil kechmaydi. Masalan, ildiz bo‘lagi, barg bandi, to‘pgul bandi ildiz chiqarishi mumkin. Ammo ularda kurtaklar yo‘qligidan novdalar rivojlanmaydi.
Qayta tiklanish jarayoni tok navining biologik xususyatlari, novdaning yoshi, undagi oziq moddalarning miqdori, tuproq nami va unumdorligi kabi omillarga bog‘liq. Tok qalamchalaridan ko‘paytirilganda bo‘lg‘usi organlar qutblilik asosida, yaʼni qalamchaning yuqori tomonida (yuqori qutbidan) novdalar, pastki qismidan (pastki qutbidan) ildiz hosil qiladi. Regeneratsiya yaxshi pishgan bir yillik novdaning o‘rta qismidan olingan qalamchalarda ko‘ngildagiday kechadi.
Aprobatsiya
Tokzorda navdor, sog‘lom tok tuplarini aniqlash usuli. Asosan toza navli va sog‘lom qalamchalar tayyorlash va ko‘chat yetishtirish hamda yetishtirilayotgan ko‘chatlarning nav jihatidan tozaligini (sofligini) belgilash maqsadida o‘tkaziladi. Aprobatsiya o‘tkazishning eng qulay vaqti – avgust. Bu vaqtda navlarni morfologik tomondan aniqlash qulay bo‘ladi. Aprobatsiya vaqtida tokning nav tarkibi belgilanadi va har bir uchastkada tok tuplarining hosildorligi, o‘sish kuchi, kasallik va zararkunandalar bilan zararlanganligi baholanadi. Shunga qarab qalamchalar tayyorlanadi. Aralashib qolgan boshqa navlar asosiy navlar bilan almashtiriladi.
Aprobatsiya odatda hosil terishdan 15-20 kun oldin tugallanishi, eng avval ertapishar, keyin o‘rtapishar, oxirida kechpishar navlarda o‘tkazilishi lozim. Aprobatsiya odatda ikki kishi tomonidan o‘tkazilib, biri faqat asosiy navlarni belgilaydi, maxsus qayd daftariga yozib boradi, ikkinchisi esa aralashib qolgan navlarni ajratib, ularga yorliq yopishtiradi yoki bo‘yoq surtib belgi qo‘yib boradi. Olingan natijalarga ko‘ra, tegishli hujjatlar tayyorlanadi. Tokzorlar navdorlik darajasiga qarab 3 guruhga bo‘linadi. Birinchisida asosiy nav uchastkadagi barcha tok tuplarining 98% dan kam bo‘lmasligi, hosildorligi yuqori, tuplari yaxshi rivojlangan, kasalliklarga chalinmagan bo‘lishi kerak. Ikkinchi guruhda asosiy nav umumiy tok tuplari sonidan 90% dan kam bo‘lmasligi, uchinchi guruhda esa 90% dan kam bo‘lib, tok tuplarining holati qoniqarli darajada bo‘lishi lozim.
Qalamchalar, asosan birinchi va ikkinchi guruhga mansub tokzorlardan, uchinchi guruh tokzorlardan esa kamyobtok navlarining tuplaridan tayyorlanadi. Intensiv yoki superintensiv ona tokzorlar aslida faqat yuqori sifatli qalamchalar tayyorlash uchun barpo qilinadi.
Navdor ona tokzorlarni tashkil etish, tok qalamchalarini tayyorlash
Bo‘lajak tokzorning hosildorligi, hosil sifati ko‘pincha o‘tqaziladigan ko‘chatning sifatiga bog‘liq. Sifatli ko‘chatlar esa maxsus ko‘chatzorlarda yetishtiriladi.
Tok ko‘chatlari, asosan, qalamchalardan yetishtiriladi. Qalamchalar esa, odatda hosilga kirgan va bir qancha navlar ekilgan tokzorlardan tayyorlanadi. Aralash navlarning ko‘pligi maʼlum qiyinchiliklarni tug‘dirib, tayyorlanadigan qalamchalarning sifati va soni talab darajasida bo‘lmaydi. Bunday tokzorlardan maydon birligi (gektar) hisobiga olinadigan qalamchalar 5-15 ming donanigina tashkil etib, ular sifatli ko‘chatlar yetishtirish imkonini bermaydi. Shuning uchun sarxil ko‘chatlar yetishtirishda maxsus xo‘jaliklar, ilmiy tadqiqod muassasalarida maxsus ona tokzorlar tashkil etiladi.
Ona tokzor
Sog‘lom va sifatli qalamchalar tayyorlashga mo‘ljallangan alohida tokzor maydoni. U aprobatsiya, ommaviy, klon va fitosanitariya seleksiyalaridan o‘tgan navdor, sarxil tok ko‘chatlaridan barpo qilinadi. Buning uchun suv bilan yaxshi taʼminlangan, unumdor, tekis joylar tanlanadi, rejalanadi, tuprog‘iga ishlov beriladi, o‘g‘itlanadi va ko‘chatlarning qator va tup oralig‘i 2,5-2,5 m qalinlikda ekiladi. Tik simbag‘azlarda o‘stirilib, ularga ko‘p zangli yelpig‘ichsimon shakl beriladi. Novdalari kuzda 3-5 kurtak qoldirib kesiladi. Har bir tok tupida o‘rtacha 140-150 kurtak qoldirilishi lozim. Barcha parvarish ishlari sifatli amalga oshiriladi. Bunday tokzorlarning bir gektaridan o‘rtacha 140-150 ming tagacha qalamchalar tayyorlash mumkin.
Tok qalamchalarini tayyorlash
Tok qalamchalari, asosan kuzda, baʼzan bahorda shira harakati boshlanmasdan oldin ham tayyorlanishi mumkin. Tok tuplari qishda ko‘miladigan yerlarda kuzda tok kesish bilan bir vaqtda, ko‘milmaydigan yerlarda esa erta bahorda tayyorlanadi. Qalamchalarning uzunligi odatda 50-60 sm, yo‘g‘onligi esa kuchli o‘sadigan xo‘raki va kishmishbop navlarda (Xusayni, Toyifi, Kattaqo‘rg‘on, Nimrang, Qizil hurmoni, Qora kishmish, Oq kishmish va h.k) 6-13 mm, o‘rtacha va kuchsiz o‘suvchi vinobop navlar (Saperavi, Bayan shirey, Pushti muskat, Asl qora, Rkatsiteli, Venger muskati, Kuldjinskiy va h.k.) da 5-10 mm, bo‘g‘im oralig‘i esa 5-15 sm bo‘lishi kerak.
Novdalarning yuqorigi, juda ingichka, pishib yetilmagan qismlaridan qalamcha tayyorlanmaydi. G‘ovlagan, hosilsiz novdalar qalamchalaridan yetishtirilgan ko‘chatlar esa talabga javob bermaydi. Tayyorlangan qalamchalar jingalak, bachki navdalardan tozalanadi va yuqori uchini bir tomonga, pastki uchini boshqa tomonga qilib 100 yoki 200 tadan ikki tomonidan bog‘lanadi. Har bir bog‘lamga oddiy qora qalam bilan navning nomi va qalamchalarning soni yozilgan yorliq bog‘lab qo‘yiladi. Tayyorlangan qalamchalarni ochiqda qoldirmaslik lozim, aks holda ular namini yo‘qotib, ekilgach tutmasligi mumkin.
Shuning uchun tayorlangan qalamchalar bahorda ekilgungacha handaq (transheya)larda saqlanadi.
Handaqlarga joylashtirishdan oldin, ular zamburug‘ kasalliklariga chalinmasligi uchun 5 soat davomida 0,5% li xinozol eritmasida saqlanadi. Handaqlarning chuqurligi 65-70 sm, eni 120-150 sm, bo‘yi esa qalamchalar soniga qarab belgilanadi (1 kv m joyga 2,5 ming qalamcha hisobidan). Qalamchalar uzoq saqlangan sari tarkibidagi oziq moddalarning kamayib borishi hisobiga ular bahorda sust rivojlanishi, ildiz chiqarish qobiliyati pasayib ketishi mumkin. Buning oldini olish uchun handaqlardagi namlik darajasi moʻtadil, harorat esa 4-6 C dan oshmasligi lozim. Ustiga 35-40 sm qalinlikda tuproq tortiladi. Qalamchalar maxsus sovutkichlarda saqlanadigan bo‘lsa harorat 0-4 C, namlik esa 80-85% atrofida ushlanadi. Bahorda qalamchalarning sifati tekshiriladi, sog‘lomlari ekish uchun ajratiladi. Qalamchalarni uzoqroq joyga tashishda ular nam poxol yoki polietilen plyonkaga o‘raladi yoki brezent bilan yopiladi.
Tok ko‘chatzorini tashkil etish
To‘laqonli standart ko‘chatlarni yetishtirish ko‘p jihatdan tanlanadigan joy hamda ekiladigan qalamchalarning sifatiga bog‘liq.
Tok ko‘chatlari uchun tekis, unumdor, sug‘orish imkoniyatlari yaxshi, begona o‘tlardan holi yerlar tanlanadi. Ko‘chatzordan foydalanish qulay bo‘lishi uchun katta yo‘lga yaqin bo‘lgani maʼqul. Tuproq unumdorligini yaxshilash maqsadida almashlab ekish joriy qilinadi. O‘tmishdosh o‘simliklar sifatida beda, ertagi sabzavot ekinlaridan foydalaniladi. Asosan 5 dalali almashlab ekish tizimi tavsiya qilinib, ikkita dala bedaga, ikkita dala ko‘chatzor uchun va bitta dala sabzavot ekinlarini ekishga ajratiladi.
Maydon kuzda plantaj plugi yordamida 50-60 sm gacha, yoki oddiy plug bilan 30-35 sm chuqurlikda haydaladi. Yer haydashdan oldin gektar hisobiga 20-25 tonna chirigan go‘ng, sof holda 120 kg azot, 90 kg fosfor va 40-45 kg kaliy solinadi. Ekishga qadar yer sathi tekislanib boronalanadi.
Qalamchalarni ekishga tayyorlash
Qalamchalarning yaxshi tutib ketishi va rivojlanishi uchun ularga o‘tqazishdan oldin ishlov beriladi. Asosiy maqsad ekilgan qalamchalarda ildiz hosil bo‘lishini tezlashtirishdir. Hech qanday ishlov berilmay o‘tqazilgan qalamchalarning bir qismi tutmasligi, yana bir qismi dastlab barg va novda chiqarib keyin qurib qolishi mumkin. Bunga sabab, asosan ildizning hali yaxshi shakllanmaganligidir. Qalamchalarning dastlabki o‘sishi ularda o‘tgan yil to‘plangan oziq moddalar va namlik hisobiga bo‘ladi. Ildiz hosil bo‘lish bilan yangi novdalarning o‘sishi o‘rtasidagi mutanosiblik buzilsa, yaʼni ildiz kechroq shakllansa qalamcha quriydi. Amaliy tokchilikda qalamchalarda ildiz hosil bo‘lishini tezlashtirishning bir qator usullaridan foydalaniladi.
Qalamchalarni kilchyovkalash
Erta bahor (mart oxiri-aprel boshlari)da qalamchalarni ekishdan 20-25 kun oldin ular ko‘milgan joyidan kovlab olinadi. Ularning holati tekshirilgach, sog‘lomlari pastki kurtagi ostidan (agar kesilgan joyida oqish bo‘rtamalar- kallyus paydo bo‘lmagan bo‘lsa) kesib yangilanadi va bir-ikki kun suvga solib qo‘yiladi, so‘ngra kilchyovkalash uchun bog‘-bog‘ qilib bog‘langan qalamchalar pastki uchini yuqoriga qaratib maxsus chuqurga (chuqurligi 60-70 sm; kengligi 1-1,5 m) bir tekis qilib joylanadi, oralari yumshoq tuproq bilan to‘ldiriladi, ustiga esa 7-8 sm qalinlikda nam va yumshoq tuproq solinadi. Kilchyovkalash jarayonini jadallashtirish maqsadida tuproq ustiga qum, chirigan go‘ng yoki qipiq va poxol solib, parnik romlari bilan yopib qo‘yiladi.
Qalamchalardagi yuqori kurtaklarning uyg‘onishini kechiktirish maqsadida kilchyovka uchun tayorlangan chuqurlar tubiga qor bosish ham mumkin.
Tuproq ostida haroratning 18-20 C gacha isishi natijasida qalamchalarning pastki kesilgan joyida sarg‘ish-oq bo‘rtiq (qadoq) kallyuslar hosil bo‘ladi. Bu jarayon ikki hafta davom etadi. Agar qalamchalar bundan ortiq turib qolsa, paydo bo‘layotgan ildizchalar nobud bo‘lishi mumkin. Kilchyovkalangan qalamchalar darhol ko‘chat yetishtiriladigan joyga o‘tqazilishi lozim.
Shuningdek, ildizchalar paydo bo‘lishini tezlashtirishda o‘stiruvchi moddalardan ham foydalaniladi. Bunda qalamchalarning tuproqqa ekiladigan qismi geteroauksining 0,15-0,20% li eritmasiga 1-2 sutka solib qo‘yiladi.
Qalamchalarni ekishga tayyorlashda oddiy usullardan ham foydalaniladi. Buning uchun qalamchalarning yerga ko‘miladigan uchi pichoq yoki boshqa moslama yordamida bo‘ylamasiga 3-4 joyidan tilinadi yoki bo‘lmasa qalamchadagi ikkita yuqorigi kurtakdan boshqa qolgan barcha kurtaklar o‘tkir pichoq bilan olib tashlanadi. Bu usullar ham qalamchalarda ildiz paydo bo‘lishini tezlashtiradi. Kilchyovkalangan qalamchalar kurtaklar bo‘rta boshlagan vaqtida, aprelning birinchi yarmida, kilchyovka qilinmaganlari ertaroq – mart oxirlarida ekiladi. Tok ko‘chatlarini yetishtirishda payvandlash usulidan ham foydalanish mumkin. Bunda payvandag va payvandust qalamchalar maxsus texnologiya asosida oldindan tayyorlanib qo‘lda yoki mashina (moslama) yordamida mart va aprel oylarida tilchali hamda yorma usullarda payvandlanadi.
Qalamchalarni ekish va parvarish qilish
Qalamchalar odatda aprel boshlarida, ob-havo iliq kelganda esa mart oyida PRVN-2,5A, KZU-0,3 agregatlariga o‘rnatilgan maxsus ish organlari yordamida olingan egatlarga ekiladi. Kichik maydonlarda qo‘lda ekish ham mumkin. Ekish chuqurligi 35-40 sm. Agregat oldiga o‘rnatilgan egat ochgich 20 sm chuqurlikda egat ochadi. Chizel panjasi esa egat tubida 45-50 sm chuqurlikda yoriq hosil qiladi. Bunda ish organlari KZU-0,3 agregatiga uchtadan yoki oddiy chizelga ikkitadan qilib o‘rnatiladi. Bular T-70 yoki T-75 traktoriga osib ishlatiladi. Tuproqqa ishlov berish hamda yetishtirilgan ko‘chatlarni mexanizatsiya yordamida qazib olish qulay bo‘lish uchun qalamchalar, asosan 70-80-90 x10-12 sm sxemada ekiladi; 1 ga maydonga o‘rtacha 125 ming qalamcha sarf bo‘ladi.
Ekilgan qalamchalarning tutib ketishi uchun ularni darhol sug‘orish lozim. Dastlabki sug‘orish qalamchalar ekib bo‘lingach aprelda, keyingilari may-iyunda (2 martadan), iyulda (2-3 marta), avgustda (2 marta), jami o‘suv davrida 10-12 marta sug‘oriladi. Har bir sug‘orish normasi 300-400 m 3 /ga. Qator oralari 3-4 marta 12-14 sm chuqurlikda kultivatsiya qilinadi, o‘suv davrida 4-5 marta chopiq qilinib, begona o‘tlar yo‘qotiladi. Qalamchalarning yaxshi rivojlanishi uchun, ular o‘suv davrida 2-3 marta oziqlantiriladi. Dastlabki oziqlantirish boshlang‘ich o‘sish davrining boshlarida amalga oshirilib, bunda gektariga sof holda 20-25 kg azot, 35-40 kg fosfor, 15-20 kg kaliy beriladi. Jadal o‘sish davrida esa, o‘g‘itlar miqdori birinchi oziqlantirishga nisbatan ikki marta ko‘p, uchinchi oziqlantirishda (novdalarning pishishi davri boshlarida) faqat fosfor va kaliy beriladi (azot o‘suv davrining cho‘zilishi, novdalarning yaxshi pishib yetilmasligiga sabab bo‘ladi).
Ko‘chatzordagi navlar sofligini aniqlash uchun avgust-sentyabrda aprobatsiya qilinadi. Aralash navlarga belgi qo‘yiladi va qazib olishda ular alohida ajratiladi.
Kuzda oktyabr oyining o‘rtalarida ko‘chatlar PRVN-2,5A plugi yordamida qazib olinadi. Standart talablariga javob bermaydigan ko‘chatlar alohida saralanadi. Odatda 1 gektar ko‘chatzordan o‘rtacha 60 ming, ayrim hollarda 70-75 mingtagacha ko‘chat olish mumkin. Ko‘chatlar 25-50 tadan bog‘lanib ko‘milgan holda ekishgacha saqlanadi. Har bir navning standart ko‘chatlari alohida chuqurlarga joylanadi va u yerga navning nomi hamda ko‘chatlar soni yozilgan yorliq osilgan qoziqlar qo‘yiladi. Birinchi yili yaxshi rivojlanmagan ko‘chatlar qazib olinmay, ko‘chatzorning o‘zida ikkinchi yilga qoldiriladi.
Akademik Mahmud Mirzayev nomidagi bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot instituti ma’lumotlari asosida tayyorlandi.
Spelling error report
The following text will be sent to our editors: