O‘simliklarni ko‘chat orqali o‘stirishda ular hayotining birinchi boshlanish davrida ozuqa va namlik yetarli bo‘lgan kichik oziqlanish maydonida, sunʼiy iqlimli sharoitda o‘sadi, so‘ng ochiq yoki himoyalangan yer inshoatlariga ko‘chirib o‘tqaziladi. Ochiq yerdagi sabzavot ekinlarining yarmidan ko‘pi va himoyalangan yerdagilarning taxminan 90 foizi ko‘chat bilan ekiladi.
Sabzavot ko‘chatchiligi uslubi
Ko‘chat uslubini o‘sish davrining oxirida katta oziqlanish maydonini talab qiladigan va zaruriyat bo‘lganda erta mahsulot olish uchun mo‘ljallangan ekinlarda qo‘llash maqsadga muvofiqdir. Hozirgi kunda ochiq va himoyalangan yer uchun ko‘chatlar asosan isitiladigan plyonkali issiqxonalarda, tomorqa va dala hovlilarida esa plyonkali isitiladigan kichik issiqxonalarda, plyonkali parniklarda yetishtiriladi. Himoyalangan yer uchun qishki-bahorgi aylanishda ko‘chatlar isitiladigan qishki oynavand yoki plyonkali issiqxonalarning ko‘chat bo‘limida yetishtiriladi. Boshqa aylanishlar uchun ko‘chatlar maxsus shu maqsad uchun moslangan inshootlarda yetishtiriladi.
Qovoqni ko‘chat uslubida ekishning afzalliklari
Ko‘chat uslubi odatdagicha urug‘larni to‘g‘ridan-to‘g‘ri yerga ekishga nisbatan bir qator afzalliklarga ega. Oshqovoq ko‘chati odatda 30-80 kun mobaynida o‘stiriladi. O‘simlik rivojlanishidagi erishilgan ilgarilash erta hosil olish imkonini beradi. Erta olingan hosilni yuqori baholarda sotish qo‘shimcha daromad olishni taʼminlaydi. Ilgarilash tufayli ko‘chat uslubi o‘sish davrini cho‘zish imkonini beradi. Bu oshqovoq hosildorligini oshiradi va o‘sish davri uzoq davom etadigan, ammo issiqlik yetishmaydigan hamda urug‘dan ekilganda hosilni to‘liq to‘play olishga sharoit bo‘lmaydigan shimoliy mintaqalarda issiqsevar ekinlarni yetishtirishga va u yerdagi sabzavotlar turini boyitishga imkon yaratadi.
Ko‘chat uslubi oshqovoq va boshqa poliz ekinlari hayotining boshlarida yerga bo‘lgan ehtiyojini kamaytiradi. Ularni ozuqa, namlik, issiqlik, yorug‘lik va boshqa omillar bilan yaxshiroq taʼminlash, hali zaif nihollarni zararkunandalar, kasalliklar, begona o‘tlardan yaxshiroq himoya qilish, ularga qarshi kurashda mehnat sarfini kamaytirishga imkon bo‘ladi. Ko‘chat uslubida urug‘ sarfi doimiy joyga ekilganiga ko‘ra 3-7 marta kamayadi. Himoyalangan yer sharoitida o‘simliklarni ko‘chat orqali yetishtirish mahsulot chiqish davrini uzaytirib, sunʼiy yoritish manbalaridan iqtisodiy tomondan samarali foydalanishga imkoniyat yaratadi. Tannarxining yuqoriligiga qaramay ko‘chat uslubi iqtisodiy jihatdan o‘zini oqlaydi va u sabzavotchilikda keng miqyosda qo‘llaniladi.
Oshqovoq ko‘chatlarini tayyorlash
Respublika markaziy qismidagi viloyatlarda oshqovoq urug‘larini maxsus plyonka xaltachalarga ekish 1-10 martdan boshlanadi. Janubiy viloyatlarda 10-15 kun oldin, shimoliy viloyatlarda esa 10-15 kun kech bajariladi. Ko‘chatlar maxsus ko‘chatxonalarda tayyorlanadi. Issiqxonalar yo‘q sharoitlarda ko‘chatlarni yetishtirish uchun chuqurligi 0,8 sm, kengligi 1,0-1,2 m va uzunligi ixtiyoriy ravishda xandaqlar qaziladi. Xandaqlarga 15-20 sm qalinlikda chirimagan go‘ng, uning ustiga 20 sm qalinlikda elangan tuproq solinadi va polietilen plyonka tortilib, har 10×10 sm oraliqda teshib chiqiladi.
Oshqovoq ko‘chatini yetishtirishda plyonka xaltachalar hajmi 10×10 sm bo‘lib, ularga 40% go‘ng + 40% tuproq + 20% yog‘och, sholi qipig‘i aralashmasi yoki biogumus solinadi. So‘ng stakanlar yaxshilab namlab sug‘oriladi va 2-3 donadan bir kun ivitilgan urug‘lar tashlanib, ustidan 2 sm qalinlikda chirindi solinadi. Stakanlar qo‘yilgan xandaqlar ustiga simdan tayyorlangan yoylar qadab chiqiladi va polietilen plyonka bilan yopiladi. Issiqlikni saqlash uchun 2 qavatli termos shaklida yoki plyonka ustiga to‘shamalar yopish mumkin. Plyonka qoplamalari tagiga texnika xavfsizligi choralariga amal qilgan holda yoritkich moslamalari yoki elektr isitgichlar quyib isitsa ham bo‘ladi.
Urug‘ unib chiqquncha harorat kunduzi +23-25°C, kechasi +14-15°C, urug‘ unib chiqqandan so‘ng harorat +18-20°C iliq bo‘lishi kerak. Bunda o‘simlik baquvvat bo‘lib o‘sadi. Urug‘lar unib chiqqandan so‘ng 3-4 kunlik ko‘chatlar 2 donadan qoldirilib yagana qilinadi. Ko‘chat o‘stirilayotgan jarayonda 2 marta mineral o‘g‘itlar eritmasi bilan oziqlantiriladi. Ochiq dalaga ekishga bir hafta qolganda ko‘chatxona darchalari ochilib, o‘simliklar tashqi muhitga chiniqtirib boriladi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: