Joriy yilda respublika aholisini guruch mahsulotiga bo‘lgan talabini ichki ishlab chiqarish hisobiga qoplash uchun jami 111,2 ming gektar, shundan asosiy maydonlarga 40,3 ming gektar va takroriy ekin sifatida 70,9 ming gektarga sholi ekilib, parvarishlanmoqda.
Qishloq xo‘jaligidagi boshqa yo‘nalishlar kabi sholichilikni ham zamonaviy texnologiyalarsiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Jumladan, sholi maydonlarida resurs va suv tejamkor texnologiyalarni joriy etishga katta eʼtibor qaratilmoqda. Sholi ekishga mo‘ljallangan umumiy maydonning 25,2 ming gektari lazerli tekislandi, 38,2 ming gektar maydonga ko‘chat usulida va 15,3 ming gektarga zamonaviy seyalkalar bilan sholi urug‘i qadaldi.
Sholichilikdagi yana bir o‘zgarishlardan biri shuki, ushbu yil hosili uchun ilk marotaba tegishli hududlarda urug‘lik sholi yetishtiruvchilar bo‘yicha tender tanlovlar o‘tkazildi. Bunda urug‘lik sholi yetishtiruvchi 356 ta sub’yektlar tanlab olinib, 6 ming 203 gektar maydonlarga ekish uchun yuqori avlodli mahalliy sholi navlarining urug‘liklari yetkazib berildi.
Sholi hosildorligini oshirish, yangi resurstejamkor, yuqori hosilli navlar yaratish bo‘yicha Vyetnam Qishloq xo‘jaligi Ilmiy Akademiyasidan 2 ta mutaxassis (Pham Van Nghia, Nguyen Phu Thanh) taklif etildi va 6 ta sholining ertapishar navlari olib kelinib, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida dastlabki tajriba sinovlari olib borilmoqda.
Amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida 2022-yilda respublikada 485 ming tonna yoki o‘tgan yilga nisbatan 55 ming tonna ko‘p sholi hosili yetishtirish, bundan 347 ming tonna guruch mahsulot ishlab chiqarish kutilmoqda.
Eng muhimi, resurs tejamkor texnologiyalar joriy qilingan maydonlarning har bir gektaridan olinadigan sholi hosildorligi o‘rtacha 65-70 sentnerga yetkaziladi hamda respublika aholisini guruchga bo‘lgan talabini ichki ishlab chiqarish hisobiga to‘liq taʼminlash va importni to‘xtatish imkoni yaratiladi.
Eʼtiborlisi, ushbu yilda yetishtiriladigan yuqori avlodli sholi urug‘liklari hisobidan 2023-yildan boshlab respublika bo‘yicha to‘lig‘icha sertifikatlangan urug‘lik bilan taʼminlash yo‘lga qo‘yiladi.
Ekish usullari va muddatlari. Sholi asosan 2 xil: urug‘idan va ko‘chatidan yetishtiriladi. Urug‘idan ham o‘z navbatida 2 xil: don seyalkasi yordamida qatorlab yoki chorraha usulida va ivitilgan urug‘larni qo‘lda sochib chiqish orqali ekiladi. Sholi urug‘chilikka ixtisoslashgan xo‘jaliklarga urug‘lar don seyalkasi yordamida ekish tavsiya etiladi. Bu usulda o‘simlik dalada bir tekis o‘sib rivojlanadi, yotib qolishi kamayadi, sholining hosildorligi oshadi va sifatli urug‘lik olinadi. Don seyalkasi bilan urug‘lar seyalka soshniklari tuproqqa 1,5-2 sm botadigan qilib rostlangan holda ekiladi. Sholini shaxmat usulida ekish eng foydalisi va samaralisi hisoblanadi.
Hozirgi kunda respublikamizda sholini ekishdagi eng ko‘p qo‘llanilayotgani sochma usuldir. Bundan tashqari, ushbu ekin respublikamiz sholi maydonlarining bir qismida ko‘chat usulida yerga qadaladi.
Tumanlashtirilgan sholi navlarining ekish muddatini belgilashda mintaqalarning tabiiy iqlim sharoiti hisobga olinib, sholipoyadagi suvning o‘rtacha kunlik harorati 14 darajaga yetganida buni amalga oshirish maqsadga muvofiq.
Sholini odatdagi ekish muddatidan oldin erta bahorda urug‘ini 3-4 sm chuqurlikda sochib (janubiy tumanlarda), tuproqning tabiiy namligi hisobiga undirib olish kutilgan ijobiy samarani beradi. Bu ekish usulida sholi 3-4 ta barg chiqargandan keyin gerbitsid bilan ishlov berilib, suv bostiriladi. Ekinni erta muddatda, asosan, begona o‘tlar bilan kam ifloslangan, yaxshilab tekislangan va sho‘rlanmagan maydonlarda ekiladi. Bunda sholi 10-15 kun oldin pishib yetiladi, hosildorlik oshadi va odatdagi ekish muddatiga qaraganda sug‘orish miqdori kamayadi.
Almashlab ekish. Sholini almashlab ekishni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish sug‘oriladigan yerlardan unumli foydalanish, tuproq unumdorligini va mineral o‘g‘itlarning samarasini oshiradi. Shuningdek, sholipoyalarning begona o‘tlar bilan ifloslanishi kamayadi, ekinning kasallik va zararkunandalar bilan zararlanishining oldi olinadi. Bu esa, hosidorlikni keskin oshirib, mahsulot tannarxining pasayishiga olib keladi. Hozirgi vaqtda sholini almashlab ekish injenerlik turidagi sholi sug‘orish tizimi bilan birgalikda loyihalashtirilib, qabul qilingan almashlab ekish tasviriga mos ravishda dalalarga bo‘lishdan boshlanadi. Yerni tuzish ishlari to‘liq amalga oshirilgandan so‘ng almashlab ekishga tushirildi, deb hisoblanadi. Sholikor xo‘jaliklarning vazifasi almashlab ekishni qisqa muddat ichida o‘zlashtirishdan iborat bo‘ladi.
Sholini o‘rib-yig‘ib olish. Sholi hosilini yig‘ishtirib olishda uning urug‘likka va oziq-ovqatga ishlatilishiga eʼtibor qaratish muhim. Oziq-ovqat maqsadida foydalaniladigan sholi donining 85-90% i, urug‘likning esa, 95-100% i pishib yetilganda o‘rim-yig‘im ishlari boshlanadi.
Sholining sut pishiqlik davri boshlanishi bilan dalalarga kiradigan suvni kamaytirish lozim. Mum pishish davri boshlanganda esa, kombaynlarning yaxshi yurishini taʼminlash maqsadida suv berish to‘xtatiladi. Sholi yotib qolishining oldini olish uchun daladagi suv sathi asta-sekinlik bilan kamaytirib boriladi. Bunday tadbirlar sholini yig‘ishtirib olishda dalani sifatli tayyorlash hisoblanadi.
Sholini texnika yordamida yig‘ishtirib olishni ikki usulda, yaʼni oldin jatkalar bilan o‘rib, keyin kombaynlar bilan yanchiladi va alohida yig‘iladi. To‘g‘ridan-to‘g‘ri yig‘ishtirib olishda donning namlik darajasi 18-20% bo‘lib, uni 15% namlik meʼyorgacha quritish talab etiladi. Buning uchun yig‘ib olingan hosil yuqori ish unumiga ega bo‘lgan quritish moslamalarida yoki katta xirmonlarda quritiladi va omborxonalarda saqlanadi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: