Mamlakatimizda hozirgi kunda boshoqli don ekinlari 1 mln gektardan ortiq maydonlarga ekilmoqda. Mazkur maydonlarda makkajo‘xori don va silos uchun yetishtiriladi.
Boshoqli don ekinlari mum pishish davrida yengil sug‘oriladi. Hosil tez yig‘ishtirib olinib, tuproq qurib ketmasdan yer 25-30 sm chuqurlikda haydaladi va boronalanadi. Hosil yig‘ish ishlari cho‘zilib ketsa, somonlar olib chiqilgandan keyin, dala gektariga 500-600 m³ meʼyorda sug‘oriladi. Tuproq mexanik tarkibiga ko‘ra, 3-5 kunda yetiladi. Keyin chizellanib, boronalanadi, mola bosiladi. Ekish oldidan 10-15 tonna chirigan go‘ng, gektariga 150-200 kilogramm ammofos, gektariga 150 kilogramm kaliy tuzi solinadi. O‘suv davrida birinchi azotli oziqlantirish gektariga 50 kilogramm, ikkinchisi 60 kilogramm meʼyorda o‘tkaziladi. O‘suv davrida 3-4 marotaba sug‘orish ishlari o‘tkaziladi. Mavsumiy sug‘orish meʼyori esa, gektariga 2400-3200 m³ bo‘lishi kerak.
Silos uchun takroriy ekin sifatida ekilgan makkajo‘xori doni dumbul pishiqlik davrida yig‘ishtiriladi. Yetishtirilgan hosil KSK-100, Maral- 2,6, SK-2,6A mashinalarida o‘riladi. O‘zbekiston sharoitida bahorda ekilgan makkajo‘xori doni 70-75% so‘talar to‘la yetilganda o‘rim boshlanadi. Bu davrda makkajo‘xori bargi va poyalarining namligi atrofida 63-65% bo‘ladi.
Yuqori sifatli silos tayyorlash tadbiri. Bunday silosni tayyorlash uchun massani eng maqbul muddatlarda o‘rish va yig‘ishtirishni to‘g‘ri tashkil etish muhim. Ko‘k massa silos uchun shunday o‘rilishi lozimki, o‘sha kuniyoq yig‘ishtirilib, silosga bostirishga ulgurish kerak. Aks holda, o‘t to‘yimliligini yo‘qotadi, siloslanishi yomonlashadi. Uzoqroq vaqt o‘tadigan bo‘lsa, namligini yo‘qotgani uchun siloslashga yaroqsiz holga keladi.
Makkajo‘xori mum pishish fazasida 65-70% namlikka ega bo‘ladi, bu massani 2-3 sm uzunlikda maydalash va yaxshi zichlash shart.
Shuningdek, sut-mum pishiqligida makkajo‘xorining namligi
70-75% atrofida bo‘lishini hisobga olib, uni 4-5 sm uzunlikda maydalash kerak bo‘ladi. Sut-mum pishiqlik fazasiga yetmagan, tarkibidagi namlik 80% va ortiq bo‘lgan makkajo‘xoriga 8-10% maydalangan somon qo‘shib siloslanadi. Agar somon qo‘shish bilan massa namligi 75% gacha kamaymasa, unda kimyoviy preparatlar yordamida siloslash tavsiya etiladi. Ekin sovuq urgunga qadar siloslanadi.
Handaklarga zichlash tadbiri. Silos tayyorlashda o‘rilgan massani zichlash ham muhim omildir. Bu jarayon to‘xtovsiz har 20-30 sm qatlamda o‘tkazilishi talab etiladi. Har bir transheya 3-5 kunda to‘ldirilishi kerak. Transheya to‘lishi bilan qalinligi 0,12 mm dan kam bo‘lmagan polietilen plyonka bilan yoki 20-50 sm qalinlikda tuproq bilan berkitiladi.
Siloslashda protein nobudgarchiligini kamaytirish uchun quruq kimyoviy modda – natriy pirosulfit qo‘shish tavsiya etiladi. Bu preparat oq yoki sariq rangli, oltingugurt hidli, gigroskopik kukun bo‘lib 1 tonna silos massasiga 3-5 kilogramm yaxshilab aralashtiriladi. Bu preparatni qo‘llash silosdagi to‘yimli moddalar nobudgarchiligini 2-2,5 marta kamaytiradi. Tayyor silos sal nordon va yoqimli meva hidiga ega bo‘lib, uni hayvonlar yaxshi yeydi. Bunday silosni tayyorlangandan 2 oy o‘tgach, hayvonlarga yedirish mumkin.
Spelling error report
The following text will be sent to our editors: