Sabzi ekiladigan maydonlar. Sabzi sabzavot ekinlari orasida yetishtirishga qulayligi va o‘ta foydaliligi bilan ajralib turadi. Shu bois ham respublikaning ko‘pgina yer maydonlarida uni ekib, yaxshi hosil olinadi. Jumladan, 2022-yilda barcha toifadagi xo‘jaliklarda jami 149,1 ming gektarga, shundan, 78,1 ming gektar maydonga fermer va qishloq xo‘jaligi korxonalari tomonidan (23 ming ga asosiy, 11,2 ming ga bog‘-tok qator orasi, 43,9 ming ga takroriy) sabzi ekilgan. Ushbu yer maydonlaridan jami 3,1 mln tonna sabzi yetishtirish prognoz qilinmoqda. Sabzi ekilgan maydonlar o‘tgan yilga nisbatan 32, 0 ming gektarga ko‘proqni tashkil etadi.
Joriy yil hosili uchun 2021-yil noyabr-dekabr oylarida barcha toifadagi xo‘jaliklar tomonidan 30,9 ming gektar maydonga to‘qsonbosti usulida sabzi ekilgan.
Uni ekishda albatta, tuproq-iqlim sharoitlarini inobatga olish muhim hisoblanadi. Hozirda respublikaning Romitan, Jondor, G‘allaorol, Baxmal, Toshkent, Yuqorichirchiq, Yangiyo‘l, Mirishkor, Karmana, Chortoq, Sayxunobod, Boyovut, Oltiariq, Bag‘dod, Yozyovon, Farg‘ona, Shahrixon, Bo‘ston, Namangan, Mingbuloq, Xiva va To‘rtko‘l tumanlarida sabzi ekib, yetishtirilmoqda.
Takroriy ekin sifatida. Sabzi ekinini yetishtirish uchun asosan yengil mexanik tarkibiga ega yer maydonlari ajratiladi. Tuproqning kislotalilik darajasi neytral yoki kam miqdorda bo‘lishi kerak (pH 5,5-7).
Sabzini takroriy ekin sifatida ekilganda ham undan yuqori hosil olish mumkin. Bodring, piyoz, pomidor, ertaki kartoshka, karam kabi sabzavotlarga o‘z vaqtida organik o‘g‘itlar solingan, qishki yoki bahorgi boshoqli don ekinlardan keyin bo‘shagan yer maydonlariga sabzini takroriy ekin sifatida yetishtirsa bo‘ladi. Muhimi, bu ekinlardan keyingi dalalarda begona o‘tlar kamroq va bu sabzini yetishtirishda qulay hisoblanadi.
Ekish muddatlari. O‘zbekistonda hududlarning tuproq-iqlim sharoitlariga qarab sabzini uch muddatda ekiladi: bahorgi, yozgi va kech kuzgi (to‘qsonbosti). Erta hosil olish uchun bahorda dalaga yer yetilganda janubiy hududlarda 15–fevral–1 mart, markaziy hududlarda 1-15 mart va shimoliy mintaqalarda martning uchinchi o‘n kunligi–aprelning birinchi o‘n kunligida sabzi urug‘i sepiladi. Saqlanadigan sabzini yetishtirish uchun yozgi muddatda janubiy hududlarda 25–iyuldan 5–avgustgacha, markaziy hududlarda 15-30–iyun, shimoliy hududlarda 1-15-iyunda sabzi urug‘i sepiladi. To‘qsonbosti muddatda ekiladigan sabzinining urug‘ini ob-havo sharoitiga qarab janubiy va markaziy mintaqalarda joylashgan viloyatlarda 10–noyabr–10–dekabr va shimoliy mintaqalarda 1–noyabr–10–dekabrda sepiladi.
Navlari va o‘ziga xosliklari. Respublikada hududlarning tuproq-iqlim sharoitlariga qarab, sabzining bir nechta nav va duragaylarini ekishga tavsiya etilgan.
Sabzining “Mirzoi sariq-304” navi O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot institutida Toshkent viloyati xalq seleksiyasi namunasidan yakka tanlov usuli bilan yaratilgan. Respublika bo‘yicha Davlat reestriga kiritilgan. O‘rta-ertaki nav bo‘lgan ushbu sabzining o‘sish davri 110-130 kunni tashkil etadi. Undan gektaridan 25-27 tonnagacha hosil yig‘ishtirib olish mumkin. Asosan yozda ekishga mo‘ljallangan ushbu navli sabzidan oziq-ovqat va qayta ishlashda foydalanish mumkin.
“Mirzoi qizil-228” navi ham Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot institutida Farg‘ona vodiysi xalq seleksiyasi namunasidan yakka tanlov usuli bilan yaratilgan. Respublika bo‘yicha Davlat reestriga kiritilgan. Ertapishar nav hisoblangan bu sabzining o‘sish davri 82-92 kundan iborat. Uni asosan yozgi va qish oldi to‘qsonbosti muddatlarda ekiladi. Afsuski, hosilining 8%i yorilib ketishga moyil. Oziq-ovqat va konserva sanoatida undan foydalaniladi.
“Mshak-195” navi. Respublika bo‘yicha Davlat reestriga kiritilgan ushbu nav ham mahalliy hisoblanadi. Uni ertaki va yozgi muddatlarda ekiladi. Eʼtiborlisi, noqulay texnologiya va ob-havo sharoitlarida sabzining bu navi erkaklab ketish xususiyatiga ega. Oziq-ovqat va qayta ishlash sanoatida ishlatiladi.
Sabzining “Ziynatli” navi O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi huzuridagi Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot institutida Italiyaning “Skarlet Nantes” navidan yakka tanlash usuli bilan yaratilgan. Andijon, Namangan, Farg‘ona va Samarqand viloyatlari bo‘yicha Davlat reestriga kiritilgan. 105-110 kunda o‘sib, yetishtiriluvchi ushbu navni to‘qsonbosti va erta bahorgi, kechki muddatlarda ekish mumkin. Hosildorligi gektariga 35-40 tonnagacha bo‘ladi. Bu sabzi navini ham oziq-ovqat va konserva sanoatida ishlatish tavsiya etiladi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: