Qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi mavzusini yoritishda davom etamiz. Ushbu xizmat Amerikada qanday taqdim etilishi haqida materialimizda o‘qing.
Davlat tomonidan ko‘mak ko‘rsatilishi sug‘urta dasturlarini yanada rivojlantirmoqda. Qishloq xo‘jaligi sug‘urtasini joriy qilishda sug‘urta kompaniyalari asosan mahsulot tarkibi va sug‘urta shartlariga e’tibor qaratadilar. Hozir aksariyat mamlakatlar ta’lim, marketing va targ‘ibot-tashviqot tadbirlariga ko‘proq e’tibor bergan holda “dasturiy yondashuv”dan foydalanmoqda.
Shimoliy Amerikada (AQSh va Kanada) sug‘urta dasturlarining o‘ziga xos xususiyati shundan iboratki, u yerda barcha xavflardan yoki aksariyat xavflardan sug‘urta qilinadi. Bu shuni anglatadiki, sug‘urta hosilning yo‘qotilishini sabablardan qat’i nazar qoplaydi. Sug‘urtalangan xatarlar odatda sug‘urta shartnomalarida aks ettiriladigan bo‘lsa-da, ular shunchalik xilma-xilki, hisobga olinmagan xatarlarni ajratib ko‘rsatish juda qiyin. Kompensatsiyalar haqiqiy hosil va belgilangan maqsadli hosil o‘rtasidagi farq sifatida hisoblab chiqariladi, ya’ni ular haqiqiy yo‘qotishlarga asoslangan va ishlab chiqarish xarajatlarini hisobga olgan holda qoplanmaydi.
Amerika Qo‘shma Shtatlarida qishloq xo‘jaligi sug‘urta tizimini joriy etish amaliyoti Senat tomonidan 1922-yilda yo‘lga qo‘yilgan. Birinchi davlat sug‘urtalash dasturi 1939-yilda ishga tushirilgan. Dasturni amalga oshirish uchun Ekinlarni sug‘urtalash Federal korporatsiyasi (FCIC) tashkil etilgan. O‘shandan beri sug‘urta dasturida ko‘plab o‘zgarishlar ro‘y berdi. 1994-yilgacha Ekinlarni sug‘urtalash Federal dasturi tabiiy ofatlarni qoplash dasturlaridan mustaqil ravishda amalga oshirilgan. Bu Sug‘urta dasturida fermerlarning kam ishtirok etishiga olib keldi, chunki ular sug‘urtasiz ham tovon pulini olishlari mumkin edi.
1994-yilgi Federal sug‘urta islohoti to‘g‘risidagi dalolatnomada fermer faqat Falokatdan sug‘urtalash dasturida (CAT) ishtirok etgan taqdirdagina halokatli yo‘qotishlarni qoplash nazarda tutilgan. Shu qatorda fermerlar ushbu dasturning ma’muriy xarajatlarini to‘lashlari shart.
Tabiiy ofatlar va falokatlar sodir bo‘lganda, dastur hosil yo‘qotilishining 50 fozini (o‘tgan 10 yildagi hosildorlik asosida hisoblangan – APH) va narx o‘zgarishi bilan bog‘liq ziyonning 55 foizini qoplashi ko‘zda tutilgan. 1996-yildan boshlab fermerlar ushbu dasturda ixtiyoriy ravishda ishtirok etishlari mumkin (RMA – AQSH Qishloq xo‘jaligi vazirligining Xatarlarni boshqarish agentligi). Bundan tashqari, ular ko‘plab xatarlardan sug‘urtalash sxemalari (MPCI) bo‘yicha qo‘shimcha sug‘urta polislarini sotib olishlari mumkin.
Kanadada qishloq xo‘jaligi sug‘urta bozorining rivojlanishi sohaning AQSHdagi taraqqiyoti bilan juda ko‘p o‘xshash jihatlarga ega edi. Biroq barcha xavflardan sug‘urtalash bu yerda ancha keyinroq, 1960-yilda taklif qilingan. 1991-yilda Kanada Yalpi daromadni sug‘urtalash dasturini (GRIP) boshladi. Rejani amalga oshirish xarajatlarini Federal hukumat, viloyatlar hukumatlari va fermerlar o‘z zimmalariga oldi, bunda fermerlar sug‘urta mukofotining atigi 33 foizini to‘lar edi.
Kanada hozirda barqarorlashtirilgan depozit hisoblar dasturini subsidiya qilmoqda. Dasturning mazmun-mohiyati shundan iboratki, fermerlar o‘z daromadlarining 2 foizigacha bo‘lgan qismini o‘tkazadigan zaxira hisob raqamini ochish huquqiga ega. Hukumat, o‘z navbatida, fermerning hissasi bilan bir xil miqdordagi mablag‘ni ushbu hisob raqamiga subsidiya tarzida to‘laydi. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari zaxira hisobvarag‘idagi bu mablag‘larni faqat juda noqulay kelgan yillardagina talab qilib olish huquqiga ega. Bunda yalpi daromad hajmi omil bo‘lib xizmat qilishi mumkin: korxonaning yalpi daromadi oxirgi 5 yildagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan yoki fermerning minimal daromadidan past bo‘lishi kerak.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: