Bugungi kunda O‘zbekistonda 112 turdagi dorivor o‘simliklardan rasmiy tibbiyotda foydalanishga ruxsat berilgan. Ularning 80% ini tabiiy holda o‘suvchi giyohlar tashkil etadi. So‘nggi yillarda katta maydonlarda madaniy plantatsiyalari tashkil etilmoqda. Butunjahon Sog‘liqni Saqlash tashkilotining maʼlumotiga ko‘ra, zamonaviy tibbiyotda qo‘llanilayotgan dori-darmonlarning 60 foizi dorivor o‘simliklar xomashyolari asosida yaratiladi va ishlab chiqarishga joriy etiladi.
“Chortoq agro farm” MCHJ klasteri va “Shuhrat” fermer xo‘jaligida naʼmatak o‘simligi yetishtirilib, qadoqlash ishlari olib boriladi. Kelgusida klaster tomonidan o‘zlashtirilgan yangi maydonlar hisobiga naʼmatak dorivor ekini ko‘paytirilib, undan sirop olish rejalashtirilmoqda. Fermer xo‘jaligi esa eksport geografiyasini kengaytirish harakatida.
Naʼmatak yetishtirish haqida
Itburun yoki naʼmatak asosan Toshkent, Farg‘ona, Samarqand, Qashqadaryo, Surxondaryo viloyatlarining quyi va o‘rta tog‘ tizmalarida daryo va soylarning qirg‘oqlarida, bog‘larda, yong‘oqzor va archazorlarda uchraydi.
Agrotexnik tadbirlar. Naʼmatakning serdarmondorili navlari faqat jinssiz, 5-15 sm uzunlikdagi novda qalamchalaridan ko‘paytiriladi. Urug‘dan ko‘paytirilganda ular o‘zining nav afzalligini yo‘qotadi. Aniqlanishicha, bir yillik novdaning o‘rta va yuqori qismlaridan rivojlanish to‘xtagan davrda tayyorlangan qalamchalarning ildiz otishi kuchli bo‘ladi. Ildiz ottirish uchun naʼmatak qalamchalari noyabr oyi boshlarida tayyorlanadi. Qalamchalar 5-15 sm uzunlikda qirqilib, aprelga qadar 0,5 metr chuqurlikda qumga ko‘mib qo‘yiladi. Bahorda qalamchalar qazib olinib, plyonkali issiqxonalarga o‘tqaziladi. Chirigan go‘ng bilan o‘g‘itlangan (1 m² ga 2 chelak miqdorida) va yaxshilab chopilgan, tekislangan, ustiga 15 sm qalinlikda daryo qumi to‘shalgan tuproq qalamcha ekish uchun maqbul joy hisoblanadi. Sug‘orish uchun ariqdan olingan yoki bir oz tindirib qo‘yilgan ichimlik suvi bo‘lishi kerak.
Kuzda naʼmatak ekishga ajratib qo‘yilgan ochiq maydondagi yer 25-30 sm chuqurlikda haydaladi. Bahorda tekislanadi va molalanadi. Ekish oldidan issiqxonadan chiqqan ko‘chatlarga ishlov beriladi. Ekib bo‘linganidan keyin “okuchnik” – chopiq asbobi yordamida naʼmatak ekilgan uyachalar yaqinidan sug‘orish egatlari olinadi. Birinchi yili 10 martagacha sug‘oriladi. Har 2-3 sug‘orishdan keyin kultivatsiya qilinadi, chuqurlardan o‘sib chiqqan yirik begona o‘tlar qo‘lda yulib tashlanadi. Shuni yodda tutish kerak, ildizi zararlangan yerda bachkilari ko‘payib ketadi, u o‘simlik tupining rivojlanishiga xalal beradi, tup hosili kamayadi. Shu sababdan hosil bo‘lgan ildiz bachkilari asta olib tashlanishi kerak. Agrotexnik chora-tadbirlarga qatʼiy amal qilinganda, navli naʼmataklar ekilganidan keyingi ikkinchi yiliyoq mevaga kiradi. Ko‘chatlar 3-4-yili va undan keyingi yillarda yalpi mevaga kiradi. Naʼmatak poyalari 5 yilgacha o‘sib turadi, keyin ular yangi o‘sib chiqqani bilan almashtiriladi. Eski poyalar vaqti-vaqti bilan qirqib tashlanadi. Yoki har 6-7 yilda ekinzordan barcha poyalar olib tashlanadi. Yoshartirilgan ekinzor bir yildan keyin gulga va mevaga kiradi. Hosildorligi gektar hisobiga 10-12 sentnerni tashkil etadi.
Kasallik va zarurkunandalariga qarshi kurash
Naʼmatakning asosiy kasalligi yaproq, yosh poyalari va shoxchalariga kulsimon zamburug‘ tushishidir. Unga qarshi kurashish uchun o‘simlik oltingugurt kukuni bilan changlatiladi. Zararkunandalardan naʼmatakda ko‘proq uchraydigani o‘simlik biti va o‘rgimchak kanadir. Ularga qarshi o‘simlikka oltingugurt kukuni bilan “sevin qorishmasi” (2:1) vositasida ishlov beriladi. Shuningdek, “Meyer orexotvorkasi” ham meva hosildorligini kamaytirib ancha zarar keltiradi. May boshlarida bu hasharot yosh urug‘donga tuxum qo‘yadi. Tuxumdan chiqqan qurtlar urug‘dondagi ozuqa bilan oziqlanadi. Natijada mevalar o‘rnida bujg‘un hosil bo‘ladi. Bunga barxam berish uchun may oyining boshlarida o‘simlikka 2 % antio eritmasidan purkash yo‘li bilan kurashiladi. Hasharot chiqib ketishidan oldin bujg‘un qirqib olinib yo‘q qilinadi.
Tavsiyalar. Ixtisoslashtirilgan xo‘jaliklarda ko‘p yillar mobaynida olib borilgan tadqiqotlar asosida tog‘ etagi, tog‘ mintaqasidagi lalmi yoki shartli lalmi yerlarda sug‘ormay 5×3 metr o‘lchamda, tekislik, tog‘ etagi va tog‘li yerlarda sug‘orilganda 8×3 yoki 7×3 metr o‘lchamda ekish sxemasi tavsiya etiladi. Plantatsiya tashkil etilgan maydonlarda 2-3-yilda qator oralariga tirnoqgul, moychechak va boshqa bir-ikki yoshli yoki ko‘chat qilib ekiladigan ekinlar ekish mumkin. Naʼmatak bilan ish olib borilganda qalin qo‘lqop kiyish zarur. O‘stiruvchi moddalar va zaharli kimyoviy moddalardan foydalanib ishlov berishda maxsus ko‘nikma va bilimga ega bo‘lgan ishchilargina shug‘ullanishlari lozim.
Foydasi. Tabobatda va zamonaviy tibbiyotda foydalaniladigan naʼmatak mevasi C vitaminiga boy bo‘lib, insonning immun tizimini mustahkamlash xususiyatiga ega. Shuningdek, u tomirlardagi qonni suyultirib, qon bosimini tushiradi, shamollash va grippni davolashda asqotadi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: