Dorivor o‘simliklar inson salomatligini mustahkamlashda bezarar vositadir. Shu bois ham bugun respublikamizda dorivor o‘simliklarni yetishtirishga, ular ekiladigan maydonlarni kengaytirishga eʼtibor qaratilmoqda. Qishloq xo‘jaligidagi yer maydonlariga ekilayotgan dorivor o‘simliklar tadbirkorlar tomonidan qayta ishlanib, ham daromad, ham salomatlik vositasiga aylanmoqda.
Garchi nomi ko‘pchilikka notanish bo‘lsa-da, amarant o‘simligining davo xususiyatlari tibbiyotda maʼlum. Asli Amerika, Yevropa, Afrika, Osiyo va Rossiyaning ayrim viloyatlarida o‘stiriladigan ushbu o‘simlikni respublikamizda ham sinov tariqasida ekilmoqda. Buxoro viloyati Romitan tumani Qalaychorbog‘ qishlog‘ida istiqomat qiluvchi tadbirkor Nargiza Ahmedova ushbu o‘simlikning foydalilik jihatlaridan xabar topib, uni 20 sotix yer maydonida yetishtirishga va shu orqali yurtdoshlarimizning salomatliklarini mustahkamlashda o‘z hissasini qo‘shishni lozim topdi. Sinov tarzida ekilgan amarant bugun hududning tuproq iqlim sharoitiga moslashib, kutilgan natijani bermoqda. Amarantni ekish yurtimizda qimmatbaho dorivor mahsulotlarni arzon narxda o‘zimizda yetishtirish, agrar sohani siderat va serhosil yem-xashak ekin turi bilan boyitish, qishloq xo‘jaligi va farmatsevtika sohalarida yangi yo‘nalishlarni ochish, asosiysi, tuproqning tabiiy unumdorligini oshirish imkoniyatini yaratadi. O‘zbekiston florasida ham ushbu o‘simlikning bir avlodi va 10 turi o‘sadi. Ya’ni o‘simlikning manzarali turi sifatida gultojixo‘roz (Celasia va Comfrena) ko‘p tarqalgan.
Amarantning bargida 30 foizgacha oqsil modda va 270-350 mg/kg koratin mavjud. Ularning tarkibida riboflovin, vitaminlar, askorbin kislota, K, E, D va boshqa vitaminlar bor. Amarant moyi me‘da va ichak yaralarini davolash xususiyatiga ega bo‘lib, teri kasalliklari, qirqilgan yaralarni bitishini tezlashtirish uchun va nur kasalligi bilan og‘rigan bemorlarni davolashda qo‘llaniladi. Uning moyi oblepixa moyidan qolishmaydi. Amarant o‘simligining bargi, urug‘i hamda poyasi shifobaxsh hisoblanib, uni kamqonlik, ateroskeleroz, adenoma, gemorroy hamda yurak-qon tomirlari zararlanishida, jigar va buyrak faoliyati buzilishida dorivor vosita sifatida ishlatish mumkin. Ayniqsa, amarant organizmni yaxlit sog‘lomlashtirish, yashartirish va quvvatlantirish maqsadida keng qo‘llaniladi. Bundan tashqari, amarant urug‘i soch to‘kilishi va oqarishiga qarshi samarali hisoblanadi.
Ekinning agrotexnikasi. Amarant issiqsevar va yorug‘sevar o‘simlik. U ekiladigan maydonlar kuzda 25-28 santimetr chuqurlikda haydab qo‘yiladi. Haydash oldidan yer organik va mineral o‘g‘itlar bilan oziqlantiriladi. Erta bahorda yerlar tekislanib, begona o‘tlardan tozalanadi. Amarantni barqaror iliq ob-havoda (aprel-may oylarida), tuproqning urug‘ tushgan chuqurligi 10-12 darajagacha qizigan paytda ekish tavsiya qilinadi. Urug‘ tushgan tuproqda uning unib chiqishi uchun issiqlikdan tashqari yetarli miqdorda namlik bo‘lishi kerak. Amarantning urug‘i qattiq parda bilan qoplanganligi uchun unga yetarli miqdorda suv talab etiladi. Uni qator oralari 30, 45, 60 santimetrli, urug‘ini olish uchun ekiladigan maydonlarda esa, 70 santimetrli egatlar olib ekilishi maʼqul. Amarantni urug‘ini ekish uchun sabzavot ekadigan seyalkalardan foydalaniladi.
Ushbu o‘simlik bir yillik hisoblanib, bo‘yi 2-3 metr keladi. Poyasining yo‘g‘onligi 8-10 santimetr, bargi cho‘ziq va ellipssimon bo‘lib, poyaga uzun bandi bilan ketma-ket joylashgan. Gullari mayda, ko‘rimsiz bo‘lib, yirik yarim metrgacha boradigan supurgisimon gul to‘plamini hosil qiladi.
Urug‘i mayda sharsimon qo‘ng‘ir yoki sariq rangda, 1000 donasining vazni atigi 0,4-0,6 gramm keladi. Bir tup o‘simlikdan 0,5 kilogrammgacha urug‘ olish mumkin. O‘simlik iyun oyida gullab, urug‘i iyulda yetiladi.
Mavsum davomida amarant 3-4 marta sug‘oriladi va gektariga 90-100 kg azot, 70 kg fosfor, 50 kg kaliy bilan oziqlantiriladi. Uning bo‘yi 70-80 santimetrga yetganda azotli va kaliyli o‘g‘itlar berish bilan oxirgi oziqlantirish tugallanadi. O‘suv davri ertapishar navlarida 80-90 kunni, o‘rtapishar navlari 100-110 kun, kechpishar navlari 120-125 kungacha bo‘ladi. Mahalliy sharoitda barcha agrotexnik tadbirlar o‘z vaqtida sifatli qilib o‘tkazilganda, undan 70-75 kunda ham to‘liq pishib yetilgan don olinishi kuzatilgan.
Amarant o‘simligining “Lera”, “Bogryanniy”, “Xarkovskiy-1”, “Voronejskiy”, “Ultra” va “Gelios” navlari respublikamiz sharoitida qator yillar ekilib, yaxshi natijalar berdi. U 3,5-4 metrgacha o‘sishi barobarida 200 va hatto 300 tonnadan ortiq ko‘k massa berishi bilan bir qatorda chorvachilikda muhim vitaminlarga boy ozuqa manbai ekanligini ko‘rsatdi.
Amarantni parvarish qilish unchalik murakkab jarayon emas. Uning agrotexnikasi boshqa dorivor o‘simliklarnikiga o‘xshash. Shu bois, amarantni yetishtirish fermer va tadbirkorlar uchun qiyinchilik tug‘dirmaydi va ko‘zlangan foydani beradi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: