Nok olmadan keyin eng ko‘p tarqalgan meva ekini bo‘lib, mevasining mazaliligi bilan qadrlanadi. Nok mevalari yangiligicha isteʼmol qilinadi, ulardan qoqi, konserva, sukat, povidlo, murabbo, sharbat, vino, bekmes (nok asali) tayyorlanadi. O‘zbekistonda yetishtiriladigan nok tarkibida 10,8-12,7% gacha shakar, 0,13-0,30% kislotalar, 0,35% ga yaqin pektin va 0,31% kul bor.
Respublikada barcha toifadagi xo‘jaliklarda jami 8,2 ming gektar maydonda nokzorlar mavjud. Ulardan 111,9 ming tonna nok yetishtirish kutilmoqda. Shundan, fermer va qishloq xo‘jaligi korxonalarida 4,7 ming gektardan 52,2 ming tonna hamda aholi tomorqa maydonlarida 3,5 ming gektardan 59,7 ming tonna hosil olinadi. 2022-yilda 1,0 ming gektarga yaqin yangi nokzorlar tashkil etilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi hududida ekish uchun tavsiya etilgan qishloq xo‘jaligi davlat reestriga nokning 17 ta navi kiritilgan.
Nok olma kabi moʻtadil iqlim o‘simligi bo‘lsa-da, issiqlikni ko‘p talab qiladi, sovuqqa kamroq chidamli va olmaga nisbatan uzoq yashaydi, 100-150 yil, baʼzan esa 200 yilgacha umr ko‘radi. Bizning sharoitimizda 10 ga yaqin mahalliy navlari o‘stiriladi. Nokning 60 ga yaqin yovvoyi turlari uchrab, shundan mevachilikda: jaydari nok, O‘rta Osiyo noki, turkman noki, ussuri noki, nashvati, tol bargli nok va regel noki ahamiyatga ega.
Foydali xususiyatlari
Barcha meva mahsulotlari kabi nok ham inson organizmi uchun katta ahamiyatga ega. Uning tarkibida arbutin, pektin, foliy kislotasi, beta-karotin mavjud bo‘lib, A, B1, B2, B5, B6, B9, C, E, K, N va PP vitaminlari hamda inson organizmi uchun kerakli minerallar – kaliy, kalsiy, rux, mis, marganes, temir, yod, oltingugurt, ftor, fosfor va natriy mavjud. Shuningdek, oqsil, yog‘ va uglevodga boy. Mazkur meva yurak-qon tizimini yaxshilash, buyrak va qovuq yallig‘lanishining oldini olish, organizmni turli zahar va xiltlar (xolestrin) dan tozalash xususiyatiga ega.
Navlari
“Vilyams” – G‘arbiy Yevropada yaratilgan. Respublika bo‘yicha Davlat reestriga kiritilgan. Mevasi avgustning birinchi o‘n kunligida pishadi. Daraxtning bo‘yi o‘rtacha 5,4 m, to‘rtinchi yili hosilga kiradi. Hosildorligi – 138,9 s/ga, eng yuqori hosildorligi – 232,9 s/ga ni tashkil etadi. Mevasi uzunchoq bo‘lib, yuzasi g‘adir-budur, po‘stlog‘i yupqa, yaltiroq, yetilganda mum tusli sariq, mayda nuqtalari bor. Mevasining o‘rtacha vazni – 140 g. Eti mayin, sershira, mazasi juda ham yaxshi.
“Zimnyaya nashvati 2” – Akademik M.Mirzayev nomli bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot institutida yaratilgan. Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Buxoro, Navoiy, Qashqadaryo, Samarqand, Surxondaryo, Toshkent, Jizzax, Sirdaryo, Xorazm viloyatlari bo‘yicha Davlat reestriga kiritilgan. Nav qishki, mevasi oktyabrning birinchi o‘n kunligida pishadi. Hosildorligi – 228,5 s/ga, eng yuqori hosildorligi – 310,8 s/ga ni tashkil etdi. Nok daraxtining bo‘yi baland bo‘lib, 10,3 m, shox-shabbasi keng soyabonsimon, oltinchi yili hosil bera boshlaydi. Mevasi bochkasimon, ustki qismi silliq, rangi sariq, mevasining o‘rtacha vazni – 177 g. Eti oq sershira, sarg‘ish juda qumoq, zich, sal nordon.
“Lesnaya krasavitsa” – Belgiyada yaratilgan. Respublika bo‘yicha Davlat reestriga kiritilgan. Yozda isteʼmol qilinadigan xo‘raki nav. Mevasi iyulning ikkinchi o‘n kunligida pishadi. Hosildorligi – 228,3 s/ga, eng yuqori hosildorligi – 299,2 s/ga ni tashkil etadi. Nok daraxtining bo‘yi o‘rtacha 5,8 m, shox-shabbasi qalin va keng piramidasimon. Ekilgandan keyin to‘rtinchi yili hosilga kiradi. Mevasi tuxumsimon-noksimon, tilla rang sariq, yaqqol qizg‘ish g‘uborlari bor, mevasining o‘rtacha vazni – 125 g. Eti sarg‘ish oq, sershira, mayin, moyli, mazasi shirin.
“Levovasser navi” – Fransiyada yaratilgan. Qashqadaryo viloyati bo‘yicha Davlat reestriga kiritilgan. Nav qishki, mevasi oktyabrning birinchi o‘n kunligida pishadi. Nok daraxtining bo‘yi baland – 7,1 m bo‘lib, yettinchi yili hosilga kiradi. Hosildorligi – 83,6 s/ga, eng yuqori hosildorligi – 145,2 s/ga ni tashkil etadi. Meva bandi tomoni juda toraygan, po‘stlog‘i sariq rangda bo‘lib, ko‘p sonli zangsimon nuqtalari bor. Mevasi yirik, o‘rtacha vazni – 180 g. Eti oq, zich, sershira, mazasi nordon-shirin.
“Sariq go‘zal” – Akademik M.Mirzayev nomli bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot institutida yaratilgan. 2003-yildan Buxoro, Toshkent va Farg‘ona viloyatlari bo‘yicha Davlat reestriga kiritilgan. Yozda pishadi. Mevasi iyul oyida yetiladi. Mazkur navli nok daraxtining bo‘yi o‘rtacha balandlikda, yaʼni 5,5-6,0 m bo‘lib, shox-shabbasi keng yumaloq shaklda, bargi yirik ellipssimon, rangi yashil qirrali, silliq. Oltinchi-yettinchi yili hosilga kiradi. Hosildorligi – 486,4 s/ga ni tashkil etadi. Mevasi yirik, rangi och-yashil, ayrim joylari qizg‘ish, o‘rtacha vazni 230 g. Eti oq-sarg‘ish, sersuv, mevasi nordon-shirin.
“Raʼno” – Akademik M.Mirzayev nomli bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot institutining Samarqand ilmiy-tajriba stansiyasida yaratilgan. Namangan viloyati bo‘yicha Davlat reestriga kiritilgan. Nav kuzgi, mevasi avgustning uchinchi o‘n kunligida pishadi. Nok daraxtining bo‘yi o‘rtacha, keng shox-shabbalidir. Daraxti ekilgandan so‘ng beshinchi yili hosil bera boshlaydi. Hosildorligi – 200 s/ga, eng yuqori hosildorligi – 375,6 s/ga ni tashkil etadi. Mevasi uzunchoq, sariq, qizil g‘ubori bor, yirik, mevasining o‘rtacha vazni – 153 g. Eti o‘rtacha sershira, zich, mazasi nordon-shirin.
Nok mevasini terib olish va saqlash
Mevalarning yig‘ib-terib olish muddati ularning turi va nav xususiyatlariga, mahsulotga qo‘yiladigan talabga va ular qanday maqsadlarda foydalanilishiga qarab belgilanadi.
Nok navlarining pishish muddati iyul oyining oxirlaridan boshlanib oktyabr oyining boshlarigacha davom etadi. Odatda, ertaki muddatlarda pishgan noklar qisqa muddat saqlanadi, ular bir terimda yig‘ishtirib olinadi. O‘rtaki va kechki navlarda terim bir necha marta o‘tkaziladi. Har bir nav pishgan paytida o‘ziga xos rang va tusga kiradi. Buni hosilni terishda inobatga olish kerak. Uzoq joylarga jo‘natiladigan yozgi va kuzgi navlar juda pishib yetilmasidan (texnik yetilganda) terib olinadi. Quritish va qayta ishlash uchun mo‘ljallangan mevalar isteʼmol qilishga yaroqli bo‘lib, pishgan davrda, yaʼni mevaning taʼmi, rangi shu navga xos bo‘lgan vaqtda yig‘iladi. Nokning uzoq joylarga jo‘natishga mo‘ljallangan yozgi navlari to‘liq pishishidan 5-7 kun oldin, kuzgi navlar 10-15 kun, qishki navlar esa, ob-havoga qarab 5-10 sentyabrdan oldin terib olinadi.
Oktyabr oyida pishib yetilgan kechki nok mevalarini terishda terimchilar hosilni terib olish qoidasini yaxshi bilishi talab etiladi. Eng avvalo, yerga to‘kilgan mevalar terilib, keyin daraxtdagi mevalar uziladi. Terilgan mevalar saralanib, katta-kichikka ajratiladi va yashiklarga taxlanadi. Yorilgan, shikastlangan mevalar tezda sotuvga yoki qayta ishlashga yuboriladi. Sog‘lom, saralangan mevalar uzoq muddat saqlash uchun olib qo‘yiladi.
Nok mevasini saqlash. Nokning saqlashga chidamliligi uni pishib yetilish xususiyati bilan aniqlanadi. Nokning o‘rtapishar navlari kam muddat, kechki navlari esa 7-8 oygacha saqlanishi mumkin. Nok saqlash uchun odatda yashiklarga joylashtiriladi. Bunda nok qog‘ozga o‘ralsa, yaxshiroq saqlanadi. Nok yashiklarga joylashtirilganda ular orasiga qog‘oz yoki qirindi solinsa ham bo‘ladi. Nokni saqlashda harorat 0 dan +2°C gacha bo‘lishi maqbul hisoblanadi. Ko‘pincha bu haroratda o‘ta kechpishar navlardan terilgan mevalar juda sekin yetiladi va saqlash muddatining oxirigacha rangini yo‘qotmay qattiq holda bo‘ladi. Bunday noklarni savdoga jo‘natishdan avval 4-7 kun davomida 15-20 °C da saqlab, yetiltirish lozim. Omborda havoning nisbiy namligi 85-90 % bo‘lishi kerak. Omborda havo haroratining tez-tez o‘zgarib turishiga yo‘l qo‘ymaslik lozim, aks holda, mevalar tez yetilib qolishi mumkin, bunday nokni uzoq vaqt saqlab bo‘lmaydi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: