Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda 2023-yil hosili uchun suvli maydonlarda 1 mln 186,3 ming gektarga kuzgi boshoqli don ekinlari ekish rejalashtirilgan. Shundan, sug‘oriladigan maydonlarning 452 ming gektari (38%) ochiq va 737,5 ming gektari (62%) g‘o‘za qator orasiga kuzgi g‘alla ekish belgilab olingan.
O‘zbekiston Respublikasining tuproq va iqlim sharoiti turli tumanligi bois, kuzgi bug‘doy yetishtirish texnologiyasi har bir mintaqaning o‘ziga xos. Ilmiy izlanishlarning ko‘rsatishicha, mamlakatimizda sug‘oriladigan maydonlarda bug‘doy hosildorligini 80-90 sentnerga yetkazish va undan ham oshirish imkoniyatlari mavjud.
Yerga ishlov berish. Tuproqqa ishlov berish qishloq xo‘jalik ekinlarini yetishtirishdagi eng asosiy tadbirlardan hisoblanadi. Kuzgi bug‘doy ekiladigan yerlarni ishlash tizimi undan oldin shu maydonga qanday ekin turi ekilganligiga bog‘liq. Boshoqli don ekinlari, makkajo‘xori yoki sabzabot ekinlaridan keyin yer odatda qurib qolishi natijasida haydalganda palaxsa kesak ko‘chadi. Ushbu kesaklarni maydalash uchun yer maydonlari dastlab yengil sug‘oriladi va tuproq yetilishi bilan diskli yumshatkich yoki chimqirqar yordamida 10-12 sm chuqurlikda yuza yumshatiladi va undan keyin 20-22 sm chuqurlikda ag‘darib haydaladi. Bunday chuqurlik kuzgi bug‘doy yetishtirishda eng maqbul hisoblanadi.
Kuzgi bug‘doy sabzavot ekinlaridan keyin ekiladigan bo‘lsa, yerga yengil 18-20 sm chuqurlikda ishlov berish kifoya.
O‘zbekistonda kuzgi bug‘doy uchun o‘tmishdosh ekin sifatida g‘o‘za, ko‘k massa uchun makkajo‘xori, don uchun makkajo‘xori va oxirgi yillarda kungaboqar ekiladigan maydonlar ham kengayib bormoqda. Asosiysi, bug‘doydan keyin bug‘doy ekishga yo‘l qo‘yilmasligi kerak.
O‘zbekistonning sug‘oriladigan yer sharoitida ekiladigan kuzgi bug‘doyning 68-70 foizi, hatto undan ortiqrog‘i g‘o‘za qator oralig‘iga ekiladi.
Kuzgi bug‘doy ekiladigan dala qancha notekis bo‘lsa, uni sug‘orish qiyinlashadi, suv ko‘llab, eroziya hosil bo‘ladi. Urug‘ unib chiqishi bir xilda tekis bo‘lmasdan, ko‘chat siyraklashadi. Shu sababdan, g‘o‘za qator oralarini ekishga tayyorlash oldidan fosforli va kaliyli o‘g‘itlarni yillik meʼyori berilib, begona o‘tlar urug‘i tarqalmasligi uchun ular yulib olinadi. Shundan keyin g‘o‘za qator oralariga ishlov beriladi.
Ekish oldidan o‘g‘itlash. Tahlillarga ko‘ra, fosforli va kaliyli o‘g‘itlar bilan o‘g‘itlanmagan maydonlarda vegetatsiya davrini gullash, sut, mum pishish davrida fosfor tanqisligi tufayli boshoqlar to‘liq shakllanmasdan boshoqdagi donning 20-30 foizi puch bo‘lib qolishini ko‘rsatdi va hosildorlikni 10-15 sentnerga kamayishiga olib keladi.
Urug‘ni ekishga tayyorlash. Davlat andozalari talabiga javob beradigan, bir xil yiriklikda va tekis, sog‘lom, begona o‘tlar urug‘idan toza, unuvchanligi 92-95 foiz va unib chiqish kuchi 80 foizdan kam bo‘lmagan urug‘likdan foydalanish, hosildorlikni gektaridan kamida 3-4 sentnerga oshiradi. Urug‘likni turli xil zamburug‘ kasalliklaridan zararsizlantirish, jumladan, qorakuya, ildiz chirish va boshqa kasalliklarga qarshi urug‘ ekish oldidan fungitsidlar bilan ishlov berish ijobiy natija beradi.
Kuzgi bug‘doy navlari. Respublikaning sug‘oriladigan yerlarida boshoqli don ekinlarini mintaqalar tuproq-iqlim sharoitlaridan kelib chiqib, ekish muddat va meʼyorlarini belgilash bilan navlardan yuqori va sifatli don hosili olishga erishiladi. Bunda kuzgi bug‘doyni o‘rta kechpishar “Durdona”, “Yuka”, “Perevitsa” navlarini erta muddatlarda ekishni amalga oshirish maqsadga muvofiq. Kuzgi bug‘doyning o‘rtapishar “Andijon-2”, “Asr”, “Davr”, “Drujba”, “G‘azg‘on”, “Elomon”, “Alekseich”, “Bezostaya-100”, “Antonina”, “Grom”, “Vassa”, “Axmat”, “Tanya”, “Lebed” navlarini o‘rta muddatlarda ekishni belgilash lozim.
Ochiq maydonlarda— g‘alla ekishda birinchi navbatda ekish ishlarini maxsus g‘alla ekish seyalkalarida ekishga eʼtiborni qaratish kerak. Ana shunda urug‘ bir xil chuqurlikka tushadi va tekis unib chiqadi.
G‘o‘za qator oralariga ekishda — maxsus moslamalar yordamida amalga oshirilishi va bu moslamalarning ishga yaroqliligi hamda urug‘ni bir tekisda tashlashiga eʼtibor qaratiladi.
Ekish muddati. Kuzgi bug‘doy ekishni har bir mintaqada tuproq iqlim sharoitidan kelib chiqqan holda maqbul muddatlarda o‘tkazish lozim. Kuzgi boshoqli don ekinlari mintaqa uchun maqbul muddatlarda ekilgandagina urug‘ni tekis unib chiqishi, o‘simlikni kuchli rivojlanishi, yaxshi tuplanishi, qishga yaxshi tayyorgarlikni o‘tishi va qattiq sovuqqa bardoshli bo‘lishini taʼminlaydi.
Afsuski, kechki muddatda ekilganda bug‘doy ildiz tizimi yaxshi rivojlanmaydi, tuplanish mahsuldorligi kam bo‘ladi, sovuqqa chidamliligi pasayadi, tinim davri qisqa bo‘ladi. Bunday holda bug‘doyni bir qismini sovuq oladi va qolganlari esa qor tagidan kuchsiz va nozik holda chiqib tashqi muhitni noqulay omillariga chidamsiz bo‘ladi. Haddan tashqari kech ekilgan urug‘ umuman unib chiqmasligi ham mumkin.
Bug‘doy parvarishi. Sug‘oriladigan yer sharoitida kuzgi bug‘doy parvarishi: urug‘ ekilgandan keyin uni bir tekisda undirib olish uchun urug‘ suvi berish, organik va maʼdan o‘g‘itlar bilan oziqlantirish, begona o‘tlar, kasallik va zararkunandalarga qarshi kurashish hamda yetishtirilgan hosilni o‘z vaqtida yig‘ishtirib olishdan iborat. Kuzgi parvarishdan asosiy maqsad g‘alla ekin maydonlarida maqbul ko‘chat unuvchanligini saqlash, unib chiqmagan dala qismlarida qo‘shimcha urug‘ ekish yo‘li bilan ko‘chat qalinligini shakllantirishdir.
Kuzda boshoqli don ekinlari ekilgan maydonlardagi bug‘doy holati to‘la tahlil qilinib, bug‘doy tuplanishi va qishga tayyorgarlik holatini kuchaytirish maqsadida eng birinchi navbatda bug‘doy maysalari sarg‘aygan va endigina unib chiqqan, unumdorligi past maydonlarni gektariga sof holda 30-35 kg azotli o‘g‘itlar bilan qo‘shimcha oziqlantirib sug‘orish yaxshi samara beradi.
Boshoqli don ekinlarini oziqlantirish kuzda, erta bahorda va undan keyingi rivojlanish fazalarida o‘tkaziladi.
Kuzgi oziqlantirish. Bu bug‘doy rivojlanishining boshlarida o‘simlik uchun azot talab qilinadi. Shuni hisobga olgan holda, kuzda azotli o‘g‘itlar yillik meʼyorini 15 foizini berilishi, o‘simlik generativ organlarini shakllanishiga, boshoqdagi don miqdoriga, tuplanish jarayoniga ijobiy taʼsir etadi. Nihollarni qishga, sovuqqa chidamliligini oshiradi. Kuzda sutkalik o‘rtacha havo harorati +5 darajadan past bo‘lgan kundan boshlab o‘simlik tinim davriga, yaʼni qishlashga kiradi. Ammo kuzgi bug‘doy o‘simligini tinim davriga kirishi bilan o‘suv davri erta bahorgacha to‘xtab qolmasdan havo harorati ko‘tarilganda o‘sish davom etadi, pasayganda o‘sishdan to‘xtaydi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: