Respublikamizda 1800 ta uzum navi mavjud. Boshqa
mamla katlarda yo‘q uzum navlari serquyosh zaminimizda yetishtiriladi. Akademik M.Mirzayev nomidagi bog‘dorchilik uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot institutida esa hozirgi kunda uzum navlarining 244 ta navi ro‘yxatga olingan. Ushbu ilmiy-tadqiqot in
stitutida bo‘lib o‘tgan dеgustatsiya jarayonida aynan uzumning 10 ta navi tanlab olindi va soha olimlari tomonidan ularga baho berildi. Tanlab olingan navlarning rangi, mazasi, shiradorligi belgilangan me’yorlarga ko‘ra baholandi.
“Ushbu degustatsiyani o‘tkazishimizdan maqsad, yo‘qolib borayotgan uzum navlarini o‘zimizning to‘plamimizga kiritishdan iborat. Tanlab olingan uzum navlari tarkibida glyukoza, fruktoza miqdori qandayligi, eksportga tavsiya etish mumkinmi yoki faqat ichki bozor uchun yetishtiriladimi, shu kabi savollarga navlarni totib ko‘rish va baholash orqali javob topishga harakat qildik. Bu degustatsiya jarayonidan keyin uzum navlarini laboratoriyalarimizda sinovdan o‘tkazamiz. Degustatsiya natijalari bilan laboratoriyadagi tahlilarni solishtirib ko‘rish orqali inson va texnologiya orasidagi tafovutni taqqoslaymiz va so‘nggi xulosaga kelamiz, — deydi Akademik Mahmud Mirzayev nomidagi bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot instituti Uzumchilik va mikro-vinochilik bo‘limi boshlig‘i, q.x.PhD O‘tkir Ochildiyev.
Shuningdek, degustatsiya tadbirida uzumchilik seleksiyasiga ham eʼtibor qaratish, yo‘qolib ketish arafasida turgan navlarni saqlab qolish va ularni yetishtirishga yo‘naltirish bo‘yicha fikr-mulohazalar bildirildi. Uzumning seleksiya jarayoni uzoq muddat talab etadigan yaʼni kamida sakkiz yillik mehnat mahsuli hisoblanadi. Agar ushbu jarayondan so‘ng nav ijobiy natija bersa, u Davlat reestriga tatbiq etiladi va uni ishlab chiqarishga joriy etish mumkin bo‘ladi. Uzum seleksiyasini barqaror rivojlantirish respublikamizda yangi navlarni yaratish va uni eksportga yo‘naltirishga xizmat qiladi.
Tadbirning navbatdagi mavzusi nok degustatsiyasiga bag‘ishlandi. Mamlakatimizda ham nokning bir nechta navlari mavjud. Yo‘qolib borayotgan navlarni topish va uni ishlab chiqarishga yo‘naltirish maqsadida ushbu ilmiy-tadqiqot instituti olimlari Jizzax viloyatining Baxmal, Samarqandning esa Toyloq, Namangan viloyatining To‘raqo‘rg‘on tumanlarida bo‘lishdi. O‘rganishlar mobaynida ushbu hududlarda 60 dan ortiq navlar va 150 ga yaqin gibridlar borligi maʼlum bo‘ldi. Bu navlarning barchasi ham to‘liq holda saqlanib qolmagan va ularning o‘rnini to‘ldirish, yo‘qolib borish arafasidagilarni saqlab qolish soha olimlarining maqsadli rejasiga aylandi. Ekspeditsiya aʼzolarining eʼtiborini tortgan yana bir nok — ajoyib taʼmga ega bo‘lgan “mahalliy “Zuhra” navi bo‘ldi. Uni respublikamizning turli hudularidan yig‘ish uchun ilmiy tadqiqotlar tashkil etilib, ularni sog‘lomlashtirish va ko‘paytirish bo‘yicha izlanishlar olib borilmoqda. Loyihaga ko‘ra, mahalliy seleksiyaga mansub nokning “Zuhra” navini tiklash va uning ko‘chatchiligi asosida ilmiy asoslangan ko‘rgazmali onalik bog‘larini yaratish ko‘zlangan. Olimlar tomonidan ushbu navning hududlarga, tuproq-iqlim sharoitga moslashuvchanligi, uni yetishtirish agrotexnologiyasi o‘rganildi. Modul ona bog‘larida aprobatsiya o‘tkazib, qalamcha olish, eng muhimi, nokning ona bog‘laridan aprobatsiya va virusologik tahlil o‘tkazib qalamchalar tayyorlash, ularning ildiz ottirish va sog‘lomlashtirish bo‘yicha tajribalar olib borish maqsad qilindi.
Bo‘lib o‘tgan degustatsiya tadbirida uzum va nok navlarining o‘ta sifatli, hosildorligi yuqori bo‘lganlarini tanlab olish, uni yetishtirish va ishlab chiqarishga joriy etish va shu orqali mamlakatimizda meva navlarini yanada ko‘paytirish maqsad qilingan.
Spelling error report
The following text will be sent to our editors: