So‘nggi vaqtlarda nafaqat mamlakatimizda, balki Markaziy Osiyo davlatlarida suv tanqisligi muammosi yildan-yilga jiddiy tus olmoqda. Yurtimiz iqtisodiyotining yetakchi tarmoqlaridan biri bo‘lgan qishloq xo‘jaligida esa suvning o‘rnini hech narsa bilan o‘lchab bo‘lmaydi. Chunki mamlakatimiz hududidagi sug‘oriladigan ekin maydonlari 4 million 300 ming gektarni tashkil etadi. Shunday ekan, kelgusida suv tanqisligi yurtimiz agrar tarmog‘ida qanday muammolarni keltirib chiqarishi mumkin? Bunday muammolarning oldini olishda soha mutaxassislari tomonidan qanday ishlar amalga oshirilmoqda? Ushbu maqolamizda mana shu haqda so‘z yuritamiz.
Mutaxassislarning maʼlumotlariga ko‘ra, 33 ta mamlakat dunyo miqyosida eng suv tanqis bo‘lgan davlatlar ro‘yxatiga kiritilgan. Bugungi kunda ushbu ro‘yxatga yurtimiz kirmaydi. Lekin hukumat darajasida zarur chora-tadbirlar ko‘rilmasa, mana shu ketishda yaqin 8-10 yilning ichida O‘zbekiston ham bu ro‘yxatdagi mamlakatlar qatoridan joy olishi mumkin. Nega deysizmi? Keling bir boshdan tahlil qilamiz.
Yurtimizdagi ichki daryolar qishloq xo‘jaligidagi suvga bo‘lgan ehtiyojimizni qondira olmasligini hammamiz yaxshi bilamiz. O‘zbekiston ichki daryolarining o‘rtacha ko‘p yillik suv resurslari 11,5 ming m3 bo‘lib, bu respublika suv ehtiyoji umumiy miqdorining 18 foizini tashkil qiladi. Transchegaraviy daryolar hisoblangan Amudaryo va Sirdaryo o‘zanidagi suv manbai esa qo‘shni davlatlar hududida. Sirdaryo Qirg‘izistondan, Amudaryo esa Afg‘oniston va Tojikistondan boshlanadi. Bu daryolarning suvi xalqaro kelishuvlarga ko‘ra, asosan Markaziy Osiyo davlatlari va Afg‘oniston orasida taqsimlanadi. Bu har yili suvning qanday shakllanishiga bog‘liq.
Ayni paytda ichki va transchegaraviy daryolardan olinayotgan suv maqsadli sarflanyaptimi?
Suhbatdoshimiz TDAU “Dehqonchilik va melioratsiya” kafedrasi professori, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori Usmon Norqulov.
– Suv olish tarmoqlarimizning o‘zidayoq yo‘qotilayotgan suv hajmi juda katta. Umumiy suv hajmining 40 foizgacha bo‘lgan qismi kanallar va ariqlarda filtratsiya (suvning yerga singib ketishi), bug‘lanish, maqsadsiz oqib ketish jarayonida yo‘qotiladi. Chunki bizda kanallarning bor-yo‘g‘i 12 yoki 15%i betonlashtirilgan. Bundan tashqari hududlarda ko‘p suv talab qiladigan ekinlar ekilishi ham mavjud vaziyatni yanada og‘irlashtiradi.
Hozir O‘zbekiston olayotgan suvi 1980-yillardagi miqdorning 79 foizini tashkil qiladi. Qurg‘oqchilik yillarida Amudaryo va Sirdaryodan suv olish hajmi 8-10 ming m3 ga kamayadi va sug‘orishda 40-45 ming m3 miqdorigacha suvdan foydalanamiz. Suv tanqisligi tufayli qurg‘oqchilik yillarida dehqonchilik hosildorligi ancha kamayadi. So‘nggi hisob-kitoblarga ko‘ra, mamlakatimiz Markaziy Osiyo davlatlari orasida transchegaraviy daryolardan eng ko‘p suvni olmoqda. Ayni paytda ushbu daryolardan olayotgan suvimiz 50 km3 bo‘layapti.
– Shunday bo‘lsa-da, baʼzi viloyatlarda ekinlarga suv yetishmasligi haqidagi gaplar quloqqa chalinib qoladi. Xo‘sh, yurtimiz hududlarida suv sarfi qanday?
– Men o‘zim Toshkent davlat agrar universitetining “Dehqonchilik va melioratsiya” kafedrasida talabalarga dars beraman. Bizda «Dehqonchilik va agrotexnologiyalar” fanidan tashqari “Melioratsiya” va “Ekinlarni sug‘orish” degan fanlarimiz bor. Suvdan foydalanish, sohada zamonaviy texnologiyalarni qo‘llash bo‘yicha dars berish bilan birga bu yo‘nalishda ilmiy ishlar ham olib boramiz. Xususan, suv sarfini aniqlash bo‘yicha, sizot suvlarning joylashish chuqurligi, tuproqlarning tarkibi va minerallashganlik darajasi, ekiladigan ekinlarning suvga bo‘lgan ehtiyoji kabi 10 ga yaqin omillardan kelib chiqib, yurtimizdagi sug‘oriladigan hududlarni 9 ta gidromulti hududlarga ajratib chiqishgan. 1-2-3 gidromulti hududlarda yer osti sizot suvlari 3 metr va undan chuqur joylashadi. Shu bois, ekinlarning ildiziga sizot suvlarning namligi yetib kelmaydi. Bu hududlarda ekinlarni sug‘orish uchun oqar suvlar ko‘p sarflanadi.
4-5-6 gidromulti hududlarda esa sizot suvlar 2 metrdan 3 metrgacha bo‘lgan chuqurlikda joylashadi. Bu hududlarga ekilgan ekinlar suvga bo‘lgan ehtiyojning bir qismini, yaʼni 15-20 foizini sizot suvlardan olishga muvaffaq bo‘ladi. Shuning uchun bunday joylarda oqar suv sarfining hajmi biroz qisqaradi.
7-8-9 gidromultli hududlarimizda sizot suvlar yer yuzasiga yana ham yaqin, yaʼni yer yuzasidan 1-2 metr chuqurlikda joylashgan bo‘ladi. Sizot suvlar ko‘tarilgan paytlari yer yuzasiga 1 metrgacha yaqinlashib qoladi. Eng chuqur tortilgan paytlari 2 metrgacha bo‘ladi. Bunday hududlardagi yerlarda ekinlar suvga bo‘lgan ehtiyojining 50-60 foizini mana shu sizot suvlardan oladi. O‘sha hududlarda ekinlarga beradigan oqar suv miqdori ekin turiga
qarab yiliga 2-2,5 ming metr kubni tashkil qiladi. 1-2-3 gidromultli hududlarda esa ekinlar uchun suv sarfi 5,5-6 ming metr kubni tashkil qiladi.
Ko‘ryapsizmi, yurtimizning o‘zida hududlardagi suv sarfi deyarli uch baravargacha farq qiladi.
– Mavjud muammolardan hamda mutaxassislarning xavotirli hisob-kitoblaridan kelib chiqqan holda yurtimizda suv taʼminotini yaxshilash, mavjud suv resurslaridan oqilona va tejamkor foydalanish, ilmiy asoslangan yangi texnologiyalar bazasida tashkil qilinishi kerak. Bu borada mutaxassislar qanday tavsiyalar beradi?
– Asosiy kanallardan dalagacha bo‘lgan masofada filtratsiya, bug‘lanish va yana bir qancha omillar hisobiga yo‘qolayotgan suv hajmini hech bo‘lmasa 10-15 foizga tushirish taklifini berganmiz. Buning uchun o‘sha suv tarmoqlarida zarur muhandislik ishlarini amalga oshirish kerak. Birinchidan, suv oqimini to‘g‘rilash kerak. Ikkinchidan, kanallarni betonlashimiz zarur. Uchinchidan, kanallardan dalagacha bo‘lgan masofada suv haydash uchun lotoklardan foydalanishimiz lozim. Yana bir taklifimiz esa ko‘p suv talab qiladigan ekin maydonlarini qisqartirish. Shuning uchun keyingi yillarda paxta ekiladigan maydonlar ancha qisqardi. Biroq paxta dalalarini bundan ortiq qisqartirib bo‘lmaydi. Chunki yurtimizda to‘qimachilik korxonalari soni ham yildan yilga oshib bormoqda.
Suv tejovchi texnologiyalarni qishloq xo‘jaligiga joriy etish bo‘yicha
hukumat darajasida ham qator ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, qishloq xo‘jaligida suv tejovchi texnologiyalardan foydalanishni yo‘lga qo‘yish, shuningdek, fermerlarga suv tejovchi texnologiya joriy etgan har bir gektar yeri uchun subsidiyalar berish to‘g‘risida Prezidentning «Qishloq xo‘jaligida suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi (PQ-144-son) qarori qabul qilingan. Bunda paxta maydonlari uchun 8 mln so‘m — Qoraqalpog‘iston va Xorazmda 12 mln so‘m, sabzavot va poliz ekinlari uchun 1,5
mln so‘mdan 2,5 mln so‘mgacha, mevali ekinlar uchun 6 mln so‘m, uzum maydonlari uchun esa 8 mln so‘mdan ajratilishi ko‘zda tutilgan. Zero, tomchilab sug‘oriladigan maydonlarni ko‘paytirish orqali minimum 40% suvni tejash mumkin. Agar bu texnologiyadan samarali foydalanilsa 50% gacha suv tejaladi.
– Biroq, ijtimoiy tarmoqlarda o‘rnatilgan suv tejovchi texnologiyalarning ko‘ngildagidek ishlamayotgani yoki bunday texnologiyalarni keltirib o‘rnatib berishni zimmasiga olgan tadbirkorlar tomonidan dehqonlarning aldanib qolayotgani kabi holatlar haqida ko‘p o‘qiyapmiz. Demak, tizimda qandaydir kamchilik borki, bunga o‘tish fermerlar uchun yangi muammolarni keltirib chiqaryapti.
– Mamlakatimiz hududida suv tejovchi texnologiyalardan foydalanish bo‘yicha ilmiy tavsiyalarimizni ishlab chiqqanmiz. Shu ilmiy tavsiyalarga joylarda rioya qilinmasligi natijasida mana shu muammolar kelib chiqayapti. Fermer yoki bo‘lmasa, klaster loyihachilarni topib, jihozlarni olib keltirayapti va o‘zlari montaj qilib texnologiyani ishga tushiryapti. Ko‘ryapsizmi, bu yerda tuproqning tarkibini, suv sig‘imini, yerning meliorativ holatini, sizot suvlarning joylashgan o‘rnini yaxshi biladigan qishloq xo‘jaligi mutaxassislari deyarli ishtirok etayotgani yo‘q. Bundan tashqari, baʼzi yurtdoshlarimiz narxining arzonligiga qiziqib tomchilatgich moslamalari har 50 sm.da joylashgan qurilmalarni keltirishayapti. Bu esa ekinlarni suv bilan to‘liq taʼminlay olmaydi. Aslida hamma gap yerning holatidan kelib chiqib unga mos texnologiyalarni tanlashda. Ularni to‘g‘ri montaj qilib, to‘g‘ri foydalanishda. Bundan tashqari agar tuproqning mexanik tarkibi og‘ir bo‘lsa, har 25-30 sm.da tomchilatgich joylashgan quvurlarni ikki qatorning o‘rtasiga, tuproqning mexanik tarkibi yengil (qumoq) bo‘lsa, bu quvurni ekinlar yaxshi suv ichishi uchun har bir qatordan tashlash kerak bo‘ladi. Afsuski baʼzi fermerlarimiz bunga ham rioya qilishmaydi.
– Yurtimizda hududlarda yerning sho‘rlanish darajasi kuchli. Shu bois oqar suvlarning maʼlum bir qismini yerning sho‘rini yuvishga sarflanishi hech kimga sir emas. Hatto suvni yerning sho‘rini yuvish uchun saqlab qolish tufayli, ayni takroriy ekin ekiladigan paytda suv yetishmasligi kelib chiqayapti. Natijada takroriy ekin ekilmasdan bo‘sh qolib ketayotgan yer maydonlari juda ko‘p.
– Bunday maydonlarda issiq natijasida tuproq namligi yo‘qoladi va yer yanada ko‘proq sho‘rlanadi. Keyin shu maydonlarning sho‘rini yuvishga ikki barobar ko‘p suv sarflaymiz. Buning oldini olish maqsadida qish faslida sho‘r yuvish uchun beriladigan suvning bir qismini yozda takroriy ekinlar ekishda sarflashimiz kerak. Shunda ekinlar yerning yuzasini yopib qolganligi bois bug‘lanish kamayadi. Faqat transpiratsiya ketib turadi. Bunda ham takroriy ekindan qo‘shimcha hosil olamiz. Ham yerning sho‘rlanishiga yo‘l qo‘ymaymiz. Yerlarning sho‘rini yuvish jarayonida hamda sizot suvlari yer yuzasiga yaqin joylashgan hududlarda sug‘oriladigan ekin dalalaridan zovurlar, kollektorlar orqali katta miqdordagi suv chiqariladi. Ularning miqdori yiliga 28,0-33,0 km3 ni tashkil etadi. Bu sug‘orishda ishlatilayotgan suvning yarmidan ko‘proqdir. Ushbu kollektorlar orqali chiqariladigan suvlarning sho‘rligi 4 g/l dan 12 g/l gacha bo‘lib ular sug‘orishga yaroqsiz hisoblanadi. Lekin ushbu katta miqdordagi suvning tuzlarini kamaytirish texnologiyasi ishlab chiqilsa, ushbu suvdan foydalanib yana 2 million gektarga yaqin yerlarni o‘zlashtirish mumkin.
Toshkent davlat agrar universitetining Marketing bo‘limi bilan hamkorlikda tayyorlandi
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: