Qishloq xo‘jaligi vaziri Toshkent shahri va Toshkent viloyatining qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish va qayta ishlash sohasidagi yirik tadbirkorlari bilan uchrashib, ularning korxonalarida bo‘ldi.
O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov 2023-yilni agrar sohada mahsulotlarni qayta ishlovchi korxonalar rahbarlari — tadbirkorlar bilan uchrashuvdan boshladi.
Ma‘lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti 2023-yilda agrosanoat majmuasida qo‘shilgan qiymat zanjirini yaratish tashabbusini ilgari surdi. Qayd etilishicha, joriy yilda mazkur yo‘nalishda 1 milliard dollar miqdorida mablag‘ yo‘naltiriladi. Shu munosabat bilan 7-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi vakillari qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish va qayta ishlash korxonalarida bo‘lib, Aziz Voitov korxona rahbarlari bilan muloqot o‘tkazdi.
Tashrifning birinchi manzili “PROMEAT GROUP CORP” MChJ bo‘ldi. 2003-yilda tashkil etilgan mazkur korxona faoliyatining asosiy yo‘nalishi go‘sht mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘lib, unda 96 kishi mehnat qilmoqda.
Korxona yiliga 1 800 tonna go‘shtni qayta ishlash quvvatiga ega, oxirgi uch yilda uning ishlab chiqarish quvvati oshdi. Xususan, 2020-yilda 1 260,90 tonna go‘sht qayta ishlanib, 1490,6 tonna kolbasa va go‘sht mahsulotlari ishlab chiqarildi.
“PROMEAT” MChJ 2018-yilda tashkil etilgan bo‘lib, asosiy faoliyati chorvachilikdan iborat.
2021-yilda esa “PROMEAT AGRO” MChJ faoliyati yo‘lga qo‘yildi. U asosan sut ishlab chiqarishga ixtisoslashgan.
Keyingi ob’yekt qishloq xo’jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish, qayta ishlash, saqlash va eksport qilish uchun mo‘ljallangan 4 ta kompaniya (“Gold Dried Fruits Export”, “Gold Agro Fresh”, “Gold Fresh Fruits”, “Agro Prodex Group”) faoliyatini muvofiqlashtiruvchi “Agro Prodex Group” bo‘ldi.
Korxona qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish, quritish, muzlatish va saqlash bilan shug‘ullanadi, shuningdek, o‘zining logistika markazini qurmoqda. Кorxona tomonidan eksport salohiyati 3,4 million dollarga ega bo‘lgan o‘rik bog‘i loyihasi amalga oshirildi.
“Agro Prodex Group” da 3 000 nafar ishchi faoliyat yuritmoqda.
Qishloq xoʻjaligi vaziri tashrif buyurgan uchinchi obʼyekt “SUNNY LAND PRODUCTS” Masʼuliyati cheklangan jamiyati boʻldi. Korxona “BonaF” savdo belgisi ostida muzlatilgan va quritilgan mahsulotlar ishlab chiqaruvchi zavod hisoblanib, AQSH, Turkiya va Xitoyning zamonaviy uskunalari bilan jihozlangan. Bu yerda 40 dan ortiq turdagi meva, sabzavot, go‘sht va sut mahsulotlari ishlab chiqariladi.
Tashriflar yakunida Aziz Voitov korxonalar rahbarlari bilan muloqot o‘tkazdi. Suhbat davomida mamlakatimiz agrosanoat majmuasini rivojlantirish istiqbollari, tadbirkorlarning fikricha, joriy yilda e’tibor qaratish lozim bo‘lgan masalalar muhokama qilindi.
Spelling error report
The following text will be sent to our editors: