Davlatimiz rahbarining hududlardagi ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi bilan tanishish maqsadida Surxondaryoga tashrif buyurgani haqida xabar bergan edik. Tashrif davomida Prezidentimiz xalq deputatlari Surxondaryo viloyati kengashining navbatdan tashqari sessiyasida ishtirok etdi. Sessiyada Ulug‘bek Qosimov Surxondaryo viloyatining hokimi etib tasdiqlandi. Shuningdek, davlatimiz rahbarining hududdagi sanoat va qishloq xo‘jaligi rivoji bilan tanishishi, yangi korxonalarni ishga tushirishda ishtirok etishi ommaviy axborot vositalarida keng yoritilmoqda.
Shu bilan birga Prezidentimizning tashrif dasturi doirasida Qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov bugun vazirlik huzuridagi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar Milliy markazining Ingichka tolali paxtachilik ilmiy-tadqiqot institutiga tashrif buyurdi. Dastlab, ushbu institut to‘g‘risida aytadigan bo‘lsak, bu mamlakatimizning janubiy hududlarida yetishtiriladigan ingichka tolali paxta navlari seleksiyasini olib borishda juda katta ilmiy salohiyatga ega. Bu yerga tashrif asnosida institutda amalga oshirilayotgan ishlar, seleksiya, navlarning havoga chidamliligi, janubiy hududlarning ob-havo sharoitida ularni yetishtirish kabi masalalar yuzasidan atroflicha fikr almashildi.
Shu bilan birgalikda institutning moddiy texnik bazasi, ilmiy imkoniyatlari, mavjud salohiyati hamda ingichka tolali paxtalarni yetishtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
O‘z navbatida vazir Aziz Voitov institut jamoasi bilan bugungi kunda ularning oldiga qo‘yilgan vazifalar nimalardan iborat ekanligi to‘g‘risida fikr almashdi. Shu bilan birgalikda institut jamoasi oldidagi vazifalarni bajarish barobarida bugun qilinayotgan ishlar va yangi navlar yaratish borasida olib borilayotgan ilmiy izlanishlar bo‘yicha o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi. Shu yerning o‘zida Aziz Voitov aynan institut jamoasidan yangi navlarni yaratish va ilmiy yo‘nalishda yangiliklar qilish uchun qanday ishlarni hal etish bo‘yicha fikrlarini so‘radi. Suhbat davomida yangi laboratoriya, ilmiy izlanuvchilarning o‘zaro tajriba almashishi haqidagi fikrlar ham yaqqol o‘rtaga tashlandi.
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, davlatimiz rahbarining Misr Arab Respublikasiga amalga oshirgan davlat tashrifi doirasida aynan qishloq xo‘jaligidagi hamkorlik masalasiga alohida e’tibor qaratilgan edi. Misr Arab Respublikasi esa ingichka tolali paxtani yetishtirish bo‘yicha dunyoda yetakchi o‘rinlarda turadi. Uni qayta ishlash va tayyor mahsulotni eksport qilishda ham bu davlat yetakchilardan hisoblanadi. Shu nuqtai nazardan Surxondaryo viloyatining ob-havo sharoitida ingichka tolali paxta yetishtirish va undan qo‘shimcha qiymat hosil qiluvchi mahsulotlar ishlab chiqarish borasidagi fikrlar ham bu yerda tilga olindi. Bugungi kunda yetishtirilayotgan paxtalar aynan yangi ishlab chiqarish quvvatlari hamda yangi ish o‘rinlarini yaratishga zamin bo‘ladi. Eng asosiysi jahon bozorida ingichka tolali paxta eng xaridorgir hisoblanadi.
Misr Arab Respublikasida Qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov aynan ushbu paxtani yetishtiruvchi va qayta ishlovchi bir qancha korxonalar va yirik ishbilarmon doiralar vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazib, ilk kelishuvlarga ham erishgan edi. Amalga oshirilayotgan ushbu sa’y-harakatlar aslida Surxon zaminida har tomonlama jahon bozorlariga kirib bora oladigan va xalqaro talablarga javob beradigan mahsulot yetishtirish bilan birgalikda yangi ishlab chiqarish quvvatlariga asos bo‘luvchi ingichka tolali paxtaning seleksiya orqali yangi navlarini tezroq dehqon va fermerlarga yetkazib berishdek fikrlar ham suhbat davomida o‘rtaga tashlandi.
Tashrif davomida erishilgan barcha kelishuvlar amalga oshirilishi bilan ham ahamiyatli hisoblanadi. Demak, Aziz Voitovning mazkur institutga tashrif buyurib olimlar va soha mutasaddilari bilan fikr almashishi mana shu oldimizga qo‘yilgan vazifalarni tez amalga oshirishda o‘ziga xos yechim bo‘lib xizmat qiladi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: