Bugun mamlakatimizda ayollarga, ularning tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlashga katta eʼtibor qaratilmoqda. Natijada bugun ayollarimiz ham tadbirkorlik qilib oilaviy daromadni oshirish hamda xonadonidagi farovonlikni ta’minlashga o‘zlarining munosib hissalarini qo‘shib kelmoqda.
13-mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar Milliy markazida “Aholi tomorqalarida bog‘dorchilik va uzumchilikni tashkil etish” mavzusiga bag‘ishlangan 5 kunlik seminar-trening xuddi mana shu maqsadda tashkil etildi. Vazirlik huzuridagi Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligida strategik rivojlanish va tadqiqotlar markazi (ISСAD), O‘zbekiston “Agrar soha ayollari” uyushmasi, Xalqaro taraqqiyot va tiklanish banki hamda Xalqaro taraqqiyot assotsiatsiyasi hamkorligida tashkil etilgan ushbu seminar-treningda asosan Toshkent viloyatida istiqomat qilayotgan 30 nafarga yaqin xotin-qizlar ishtirok etishmoqda.
Maʼlumki, respublikamizda meva-sabzavot yetishtirishda tomorqa xo‘jaliklarining ulushi salmoqli o‘rinni egallaydi. Jumladan, Toshkent viloyatida sug‘oriladigan 384,5 ming gektar yerning 57,4 ming gektarini tomorqa xo‘jaliklari tashkil etadi. Xonadonlarda faoliyat olib borayotgan ushbu tomorqa xo‘jaliklari mamlakat oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash bilan bir qatorda, keng aholi qatlamlari, birinchi navbatda ayollarni agrobiznesga jalb etishga xizmat qiladi. Aynan O‘zbekistonning 2020-2026-yillarga mo‘ljallangan Taraqqiyot dasturining vazifalaridan biri ham aholining tomorqa maydonlaridan yanada samarali foydalanish uchun shart-sharoit yaratish hisoblanadi.
Seminar treningni O‘zbekiston “Agrar soha ayollari” uyushmasi raisi Adiba Ahmadjonova kirish so‘zi bilan ochib berdi va ayollarimizni yaratilayotgan bunday imkoniyatlardan samarali foydalanishga chaqirdi:
“Bugun respublikamizda 80 mingdan ortiq fermer xo‘jaliklari faoliyat olib borayotgan bo‘lsa, shuning 6 foizdan ortig‘iga xotin-qizlar rahbarlik qilmoqda. Tomorqa xo‘jaliklarini tashkil qilish va boshqarishda ko‘nikmalarni oshirish, yangi texnologiyalarni o‘zlashtirish, ularni amaliyotga joriy qilish va yangi, yuqori rentabelli urug‘ va ko‘chatlardan foydalanish muhim ahamiyat kasb etadi. Bugungi boshlangan seminar-trening ayollarimizning tomorqa maydonlaridan yanada samarali foydalanishlarida va daromadlarini oshirishda muhim qadam bo‘ladi. Bizning maqsadimiz ishtirokchilarimizni faqatgina o‘qitish emas, keyinchalik ushbu yo‘nalishdagi faoliyatida muloqotlar asosida ularni qo‘llab-quvvatlash, ularni yutuqlarga erishishida ko‘makdosh bo‘lishdan iborat“.
O‘quv-seminarda ishtirokchilarga “O‘zbekistonda yovvoyi holda o‘sayotgan hamda madaniy holda yetishtirilayotgan meva turlarining tavsifi”, “Tok o‘simligining biologiyasi, uning turlari” “Yong‘oqmevali va rezavor mevalarning, urug‘li va danakli mevalarning navlari”, “Tomorqalarda tok va meva ko‘chatlarini yetishtirish asoslari, ularni sug‘orish, tuprog‘iga ishlov berish, oziqlantirish, kasallik va zararkunandalarga qarshi kurashish tadbirlari” kabi ko‘plab mavzularda mashg‘ulotlar o‘tilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, ishtirokchilar seminarning 3-kunida Akademik Mahmud Mirzayev nomidagi bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot institutida bo‘lib, amaliy mashg‘ulotlarda qatnashishadi.
Seminarning 5-kunida esa ishtirokchilarga sertifikatlar topshirish va eng faol 3 nafar tinglovchiga Turkiya davlatining Antaliya shahriga tajriba oshirish uchun yo‘llanmalar taqdim etiladi. Biz 5-kun haqida keyingi maqolalarimizda yoritamiz.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: