Bugun O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov Niderlandiya Qirolligining Markaziy Osiyodagi Favqulodda va muxtor elchisi Andre Karstens boshchiligidagi delegatsiya vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Muloqotda O‘zbekiston va Niderlandiya qishloq xo‘jaligi sohasida hamkorlikning kun tartibidagi istiqbolli masalalari ko‘rib chiqildi. Shuni aytib o‘tish kerakki, Aziz Voitov joriy yilning yanvar oyida Germaniyaning Berlin shahrida bo‘lib o‘tgan “Yashil haftalik-2023” xalqaro qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sohasidagi ko‘rgazma doirasida Niderlandiya qishloq xo‘jaligi tabiat va oziq-ovqat sifati vaziri Pit Adema bilan uchrashib hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlarini yo‘lga qo‘yish haqida muzokaralar olib borgan edi.
Tadbirda aynan ushbu hamkorlik yo‘nalishlarini amalga oshirish, agrar sohadagi masalalarni muntazam muhokama qilish uchun O‘zbekiston-Niderlandiya qo‘shma ishchi guruhini tashkil qilish va bu ishchi guruhning birinchi yig‘ilishini o‘tkazish masalalariga alohida to‘xtalib o‘tildi.
Shuningdek, suhbat chog‘ida Niderlandiya issiqxona xo‘jaligiga ajratilgan maydonlar bo‘yicha dunyoda birinchi o‘rinda turishi, issiqxona loyihalari energiya tejamkor texnologiyalar, aniq dehqonchilik tizimlariga asoslangani ta’kidlanib, texnologik ishlab chiqarish tizimini yo‘lga qo‘ygan, elektr energiyasi va o‘g‘it bilan to‘liq ta’minlagan issiqxona majmualarining ilg‘or tajribasini o‘rganish bo‘yicha hamkorlik yo‘nalishlari ham muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida Vageningen universiteti bilan Toshkent davlat Agrar universiteti o‘zaro talabalar almashinuvini, o‘qituvchilar malakasini oshirish yuzasidan tajriba almashishni yo‘lga qo‘yishda yaqindan hamkorlik qilishga kelishib olindi.
Spelling error report
The following text will be sent to our editors: