Surxon dalasi. Quyosh taftidan nafas olayotgan tuproq dehqonning, fermerning mehriga, ishloviga ko‘z tikkan mahal. Bir tomonda zamonaviy agrotexnikalar bir-biridan o‘zayotgan bo‘lsa, yerga urug‘ qadashni diliga tukkan dehqon va fermerlar g‘imirlagan. Ha, bahor ana shunday uyg‘onishi bilan zavqli, mehnatda shahdam bo‘lganlar fasli. Surxondaryo dehqonlari esa har kunning hisobini olib dalaga chigit qadashga shoshilgan.
Vohaning issiq iqlimi, unumdor tuprog‘i ingichka tolali g‘o‘za yetishtirish uchun ayni muddao. Nega aynan ingichka tolali paxta. Chunki, bu navli paxta juda issiq ob-havo sharoiti, suvsizlik, garmsel va zararkunanda hasharotlarga chidamlidir. Shu bilan birga, uzun tolaligi, pishiq-puxtaligi hamda to‘qimachilik sanoatida nafis sifati bilan ajralib turadi. Ingichka tolali paxta yetishtirish samaradorligi boshqa navlarga nisbatan 60 foiz yuqoridir.
Eksportbopligi, yuqori narxga baholanishi va jahon bozorida talabgorligi, to‘qimachilikda esa pishiq ip-kalava, sifatli mato tayyorlashdagi ahamiyati sabab ingichka tolali paxta yetishtirishga bo‘lgan qiziqishning ortishiga sabab bo‘lmoqda.
Bugungi kunda Surxondaryo viloyatida Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazining Ingichka tolali paxtachilik ilmiy-tadqiqot instituti olimlari nafaqat paxtaning yangi xususan, Surxon vohasi iqlimiga mos ingichka tolali paxtaning bir nechta yangi navlarini yaratdi. Ijodiy jamoamiz instutitga tashrif buyurib, olimlarning ishlanmalari haqida suhbatlashdi.
O‘zbekistonda ingichka tolali paxta yetishtirishga katta e’tibor berilyapti, buning sababi nimada deb o‘ylaysiz?
Mardonqul Tojiev, Ingichka tolali paxtachilik ilmiy-tadqiqot instituti maslahatchisi, qishloq xo‘jadigi fanlari nomzodi, dotsent.
– Ingichka tolali paxta juda qimmat turadi. Misoli uchun 1 tonna oddiy paxta narxi 10 million so‘m bo‘lsa, ingichka tolali paxta narxi 15 million so‘m turadi. Ingichka tolali paxta issiqsevar o‘simlik hisoblanadi. Atrof-muhit havosi, irsiy kasallik va hashorotlarga chidamli hisoblanadi. Hozirda institutimizda bir necha yangi navlar yaratilgan. Jumladan, yangi yaratilgan SP 1 607 navli paxta viloyatimizda 6 800 gektar maydonga ekilyapti. Bundan tashqari, Termiz 2 navi 4 600 gektarga, Surxon 14 navi 3 500 gektarga ekilyapti, yangi Termiz 28, ST 1 651 navlarini ham katta yer maydonlarida yetishtirish mo‘ljallanyapti. Joriy yilda yaratilgan paxtaning yangi navlarini 18 ming gektar maydonda yetishtirish mo‘ljallanyapti.
Umringizning katta qismini paxtaning yangi navlarini yaratishga sarflaganingiz ko‘rinib turibdi, hayotingizdan mamnunmisiz?
– Men hayotimdan judayam mamnunman, 6 ta farzandim, 18 ta nevaram, 12 ta chevaram bor. Farzandlarimning barchasi oliy ma’lumotli bo‘ldi. Eng katta farzandim ota izidan borib, men bilan birga faoliyat yuritmoqda va qishloq xo‘jaligi fanlari doktori bo‘ldi.
Mardonqul aka qilayotgan zahmatli mehnatingiz qadrli. Aytingchi, bugun soha olimlari dehqonga, fermerga yordam berishga tayyormi, qishloq xo‘jaligiga ilm kirib kelishga tayyormi?
– Qishloq xo‘jaligida judayam zarur. Juda murakkab sharoitda yashayapmiz. Ob-havo keskin o‘zgarib, harorat yildan-yilga oshib, zararkunanda hashorotlar ko‘payib bormoqda. Tuproq unumdorligi ham pasayib, suv tanqisligi ham kuzatilyapti. Shuning uchun fermerlar, klasterlar va olimlar hamkorlikda ishlashi kerak. Busiz ijobiy natijaga erishib bo‘lmaydi va hamkorlikka tayyormiz.
Hilola Chorieva,
Ingichka tolali paxtachilik ilmiy-tadqiqot instituti Intensiv seleksiya navlari bo‘limi boshlig‘i.
– Bu institutda 50 yildan beri ishlayman. Bor umrimni paxtachilikka bag‘ishlaganman. So‘nggi yillarda paxtaning o‘rta tolali navlaridan ko‘ra, ingichka tolali yangi navlarini yaratish kabi ustavor vazifa zimmamizda edi. Bu yillar davomida bir necha duragay va yangi “Termiz-202”, “Termiz-208”, “SP-1607” hamda o‘rta tolali “O‘zPITI-1604” kabi navlar yaratdim. Mana shu navlarga yangi patent oldim va doktorlik dessertatsiyasini himoya qildim. Yaratilgan yangi navlarni keng yetishtirishda “Klaster Sherobod”, “Angor Zamin” hamda “Jarqo‘rg‘on Jayhun” klasterlari bilan hamkorlikda ishlab kelyapmiz. Tolasi sanoatbop, zararkunandalarga va tashqi muhitga chidamli navlar fermer va klasterlarga ma’qul keldi. Jumladan, 6080 gektar maydonga SP-1607 hamda 5060 gektar yerga “Termiz-202” navlarini ekish mo‘ljallanyapti.
Ilm va oila, bir so‘z bilan aytganda ayol kishining qishloq xo‘jaligida o‘rni qanday bo‘lishi kerak?
– Adashmay, qiziqish bilan o‘z ishini astoydil o‘rganish va natijasini kutish kerak. Allohga shukr, natijasiga erishdim. Ayol kishi sifatida ushbu murakkab sohada yoshligimdan seleksioner ustozlar bilan birga ishladim. Ilk ustozlarim rus millatiga mansub seleksionerlar edi. O‘zimcha o‘ylardim, jaydari gap bo‘lsa ham aytay, yangi navlarni faqat ruslar chiqaradi, o‘zbeklar ham yangi nav yarata olarmikan deb. Betinim harakat, izlanishlarim samara berdi. Ustozlarim nafaqaga chiqqach yangi navlar ustida ishlay boshladim. Ustozlarim 1 yoki 2 ta nav yaratishgan bo‘lsa, men 4 ta nav yaratdim. Bu bilan to‘xtamoqchi emasman. Manbalarim yetarli va yana bir qancha yangi navlarni yaratmoqchiman. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning Misr Respublikasiga tashrifi davomida paxtachilik bo‘yicha bir qancha loyihalarni amalga oshirish yuzasidan hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yishga kelishib olindi. Bu ham albatta, bejizga emas. Ilm-fan va innovitsiya yutuqlaridan foydalangan holda Misrda yetishtiriladigan paxta navlarini mahalliy navlar bilan chatishtirib, duragay va yangi turlarni yaratishni reja qilganmiz.
Shogirdlaringiz bormi va ularning faoliyatini qanday baholaysiz.
– Ha, albatta shogirdlarim bor. Bir paytlar bu sohaga e’tiborning kamligi, moddiy jihatdan yetishmovchilik va laboratoriyadagi sharoitning yo‘qligi sabab yoshlar kamdan-kam kelar, yoki umuman kelmasdi. Hozir esa bir nechta shogirdlarim bor. Sohaga berilayotgan yuksak e’tibor, iml-fan va qishloq xo‘jaligidagi samarali hamkorlikning yo‘lga qo‘yilishi yoshlarning ham ushbu sohaga qiziqishiga sabab bo‘lyapti.
Bugun dunyodagi yirik paxta ishlab chiqaruvchilari qatorida O‘zbekistonimiz ham bor. Xo‘sh aytingchi, paxta yetishtirishda ingichka tolali navni yetishtirishning afzalliklari nimada?
Abdimurod Donoboev,
Ingichka tolali paxtachilik ilmiy-tadqiqot instituti laboratoriya mudiri.
– Yurtimizda bu navli paxtani yetishtirish uchun qulay sharoit bor. Xususan, Surxondaryo, Qashqadaryo va Buxoro viloyatlarida ingichka tolali paxtaning yangi, nafis sifatlisini yetishtirish uchun iqlimi juda mos keladi. Bugun institutimizda yurtimizdagi to‘qimachilik korxonalarini sifatli tola bilan ta’minlash borasida ilmiy izlanishlar olib borilmoqda va yangi g‘o‘za navlari yaratilmoqda. Ayni paytda institutimiz jamoasi tomonidan paxtaning 10 ta yangi navi yaratilgan bo‘lib, ulardan 5 tasini joylarda ekish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Rejalar ulkan, g‘o‘zaning hosildor, sifati juda yuqori va tashqi ta’sirga chidamli navlarni 18 ming gektar yerga ekish uchun bosh urug‘larini shu yerda tayyorlab, fermer va klasterlarimizga yetkazib beryapmiz. Misol uchun Angor tumanida to‘liq, ya’ni 5 ming gektar yerga ingichka tolali paxta ekishni rejalashtiryapmiz. Shuningdek, Sherobod tumanidagi sho‘r yerlarda ham ingichka tolali paxta yetishtirmoqchimiz. Suv tanqisligi keskinlashgan hududlarga mos g‘o‘za navlarini ekamiz.
Jahon bozorida o‘zbek paxtasiga bo‘lgan e’tibor qanday va u boshqalaridan nimasi bilan farq qiladi?
– Jahon bozorida ingichka tolali yetishtiruvchi ilg‘or mamlakatlar, jumladan Misr paxtasining sifati yuqori baholanadi. Sababi ushbu paxta navi tolasining o‘ta pishiqligi sababli nafaqat to‘qimachilikda, balki avtomobilsozlik va aviasozlikda ham talab yuqori bo‘lgan mahsulotligi bilan ajralib turadi. Kimyo sanoati va innovatsion texnologiyalar ishlab chiqarishida ham yurtimizda yetishtiriladigan pishiq va uzun tolali paxtaga bo‘lgan talab ortmoqda.
Misrlik hamkasblaringiz paxtaning yuqori sifatli navlarini yetishtirishda ilg‘orlar qatorida sanaladi. Bizda ham bunga sharoit yetarlimi, asoslar yaratilganmi.
– Prezidentimizning Misrga tashrifi jarayonini kuzatib borish jarayonida ko‘rdikki, misrlik hamkasblarimiz paxta yetishtirishda ulkan yutuqlarga erishgan. Biz ularning eng yaxshi tajriba va innovatsion yechimlarini o‘rganish orqali iqlimimizga mos yangidan yangi navlarni yaratishimiz mumkin. Bizning o‘zgaruvchan, haroratli iqlimimizda yuqori hosildorlik ko‘rsata oladigan va sifati o‘zgarmaydigan navlarni yaratganmiz. Ayni paytda 10 ming gektar maydonga elita va super elita chigitlari ekiladi.
Ta’kidlash kerakki, ushbu yuqori sifatli paxta navidan olinadigan nafis tolaga nafaqat MDHga a’zo davlatlar, balki Xitoy va Yaponiyaning to‘qimachilik korxonalari yuqori baho beryapti va biz bilan hamkorlikka tayyor. Bundan tashqari, Hindiston va Pokistonlik seleksioner olimlar ingichka tolali paxtaning yangi navlarini yaratishda hamkorlik taklif etayotir. Xorijlik mutaxassislar paxta dalalarimizni kelib ko‘ryapti, e’tirof etyapti. Ularning ilmiy-innovatsion ishlanmalari haqida biz ham ma’lumot va ko‘nikmaga ega bo‘layotgan bo‘lsak, shuning barobarida yutuqlarimizni ham o‘rganayotganini aytib o‘tish lozim.
Albatta, seleksiyasiz nafaqat paxta yetishtirishni, balki qishloq xo‘jaligini ham rivojlantirib bo‘lmaydi. Iqlim sharoitimiz, agrotexnikamiz va tuprog‘imizga mos navlar yaratilsa bundan dehqonlarimiz, fermerlarimiz va eng muhimi sanoatimiz yutadi.
Bugun biz tuproqni, iqlimni o‘rganadigan, yerga kimyoviy ishlov beradigan va shu orqali mahsulot yetishtiradigan olimlar bilan hammaslakmizmi?
– Aytish kerakki, bizda bu jarayon doimiy hamkorlikda amalga oshmoqda. Buning uchun agroximiya laboratoriyasi tashkil etildi. Biz tuproqning ishlov qatlamidagi mineral o‘g‘itlarni aniqlab, shunga qarab fosfor, kaliy yoki azotni qanchalik keraklagini aniqlab o‘g‘itlashni tavsiya qilyapmiz. Iqlim o‘zgarishlari ham kuchaymoqda. Bir yil keyingisiga o‘xshamay qolayotir. Xususan, Surxondaryoda anomal harorat tez-tez kuzatilib, 20 kundan 35 kungacha davom etyapti. Mana shunday haroratda o‘rta tolali paxta yetishtirishda muammolar kuzatilayotgan bo‘lsa, institutimiz olimlari tomonidan yaratilgan yangi navli g‘o‘zalarda barqarorlik kuzatilmoqda. Biz iqlimni o‘rganish ishlarini dalaning o‘zida olib borib, tuproq va havo haroratini, namlik darajasini aniqlab, o‘sha haroratda g‘o‘zaning holatini kuzatgan holda yana qanday ishlarni amalga oshirishimiz lozimligini o‘rganib boramiz. Agrometrologik stansiyalar bilan birgalikda ma’mulotlar almashinuv bazasiga ulangan holda olingan namunalarda tadqiqot ishlari olib borish yo‘lga qo‘yilgan.
Najim Ochildiev,
Ingichka tolali paxtachilik ilmiy-tadqiqot instituti direktori
– Bizning institutimiz Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning tashabbuslari bilan 2022-yilda tashkil etilgan. Institutimizning tashkil etilishidan asosiy maqsad ingicha tolali g‘o‘zaning yangi navlarini yaratish va birlamchi urug‘ini ko‘paytirishdan iborat. Bunda biz avvalo Surxondaryoning iqlim sharoitini inobatga olgan holda hamda fermer va klasterlar talabidan kelib chiqib yangi navlarni yaratish ustida ish olib boramiz. Shuningdek, paxta yetishtiruvchilarning sohaga oid bilim va ko‘nikmalarini oshirishdan iborat. Buning uchun ilmiy xodimlarimiz va olimlarimiz jalb etilgan bo‘lib klasterlar bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Viloyatning 8 ta tumanida jami 18 ming gektar maydonda ingichka tolali paxtaning yangi navlarini ekish va yetishtirish rejalashtirilgan. Yana bir narsani ta’kidlashni xohlar edim. Bugun institutimiz olimlari xorijiy ilmiy-tadqiqotchilar bilan hamkorlik aloqalarini ham yo‘lga qo‘ymoqda. Jumladan, misrlik tadqiqotchilar bilan birgalikda yurtimiz iqlimiga mos, suv tanqisligi va garmsel sharoitiga bardoshli navlarni yaratish, hosildor va pishiq tolali g‘o‘zalarni sinovdan o‘tkazish hamda eng yaxshi ishlanmalarni fermer dalalariga yetkazib berish borasida ishlar boshlangan.
Ingichka tolali paxtachilik ilmiy-tadqiqot instituti olimlari, tadqiqotchilari bilan suhbat qizg‘in va mazmunli o‘tdi. Anglaganimiz, bugun olimlarimiz nafaqat mahalliy sharoitga mos yangi navlarni yaratishda tashabbus ko‘rsatmoqda, balki o‘zbek paxtasining nufuzini oshirish, to‘qimachilikdan tortib, avtomobil sanoati hamda aviatsiya sohasi uchun maqbul bo‘lgan paxta yetishtirish, eksportbop mahsulot yetishtirishda innovatsion usullardan keng foydalanmoqda. Bu esa tez fursatlarda samarasini berishi shubhasiz.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: