Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida yiliga 200 mln tup daraxt va buta ko‘chatlarini ekish belgilangan edi. Bunday keng ko‘lamli tashabbusning amalga oshirilish natijasida shaharlarimizdagi yashil maydonlar hududi bir necha barobarga oshadi.
Bu yil muqaddas Ramazon oyining Navro‘z umumxalq bayrami kunlarida kirib kelishi kam uchraydigan holat hisoblanadi. Buning ham o‘ziga xos ramziy ma’no bor. Zero 21 martda kun-bilan tun tenglashib, tabiatda butun borliq uyg‘onishi, tevarak atrof yashillikka burkanishi kuzatilsa, Ramazon oyida insonlar ko‘proq ezgu amallarni qilish orqali qalblarini poklashga, bir-birlarining holidan xabar olib, yo‘qlashga, og‘irini yengil qilishga harakat qilishadi.
Shu bois bayram arafasida, ya’ni 18-mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli farmoyishiga muvofiq yurtimiz bo‘ylab “Obod va fayzli mahalla – yurt ko‘rki” shiori ostida umumxalq hashari bo‘lib o‘tdi.
Unda yurtimizdagi barcha davlat va nodavlat tashkilotlari vakillari faol ishtirok etishdi. Jumladan O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi tizimidagi boshqarma va tashkilotlar ishchi xodimlari hamda ilmiy tadqiqot institutlari va oliy o‘quv yurtlarining ilmiy mutaxassislari, o‘qituvchi va talabalar ham Akademik Mahmud Mirzayev nomidagi bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot instituti hududini obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish hamda mevali va manzarali daraxt ko‘chatlarini ekishda faol ishtirok etdilar.
O‘tkir Ochildiyev Akademik Mahmud Mirzaev nomidagi Bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy tadqiqot instituti bo‘lim boshlig‘i:
Bungungi umummiliy hasharimizga qishloq xo‘jaligi tizimidagi 500 nafardan ortiq professor-o‘qituvchilar va talabalar qatnashmoqda. Tadbirning asosiy maqsadi barchada bahorgi kayfiyat bo‘lganligi uchun daraxt ko‘chatlarini ekish uslublari bo‘yicha amaliy tajriba almashish va bahor bayramini uyushqoqlik bilan o‘tkazishga qaratilgan. Hashar davomida ishtirokchilarga institutimiz faoliyati bilan ham tanishtirishni maqsad qilganmiz.
Shuningdek, Akademik Mahmud Mirzayev nomidagi bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot instituti va unga yondosh hududlarni obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlarida vazirlik tizimidagi boshqa ilmiy tadqiqot institutlar vakillari ham munosib ishtirok etishdi.
Abdullo Mansurov Qishloq xo‘jaligi vazirligi g‘allachilik va dukkakli-don ekinlar boshqarmasi boshlig‘i:
Bugun Qishloq xo‘jaligi vazirligi ishchi xodimlari birdamlikda umummiliy hasharda faol qatnashmoqda. Jamoamiz bugungi tadbirda manzarali daraxt ko‘chatlari ekishga o‘z hissalarini qo‘shishdi. Bu ekilgan ko‘chatlar kelajakda shahrimizni ekologik muhitini yaxshilashga, atrof-muhitni ko‘kalamzorlashtirishga xizmat qiladi.
Hashar davomida Toshkent davlat agrar universiteti talabalari ilmiy tadqiqot institutlarining yetakchi ilmiy xodimlari bilan yonma yon ko‘chat ekishda ishtirok etish bilan birga ularning amaliyot jarayonida as qotadigan qimmatli tavsiyalarini ham olishdi. Ayniqsa, oq qayin, Damashq atirguli, yapon safforasi, olma, gilos kabi ko‘plab noyob mevali va manzarali daraxt hamda gul ko‘chatlari ekildi.
Daraxtlar hududning iqlim sharoitidan kelib chiqib, bog‘lar hosil qilish va ko‘kalamzorlashtirishni nazarda tutgan holda tanlab olindi. Endi ular agrotexnik talablar asosida parvarish qilinadi, mineral va organik o‘g‘itlar bilan oziqlantirilib, zararkunandalardan himoya qilib boriladi.
Spelling error report
The following text will be sent to our editors: