Yurtimizda bahor. Fasllar kelinchagi qir-u adirlarga, shahar-u qishloqlarga o‘z sepini yoygan. Yangi kunning, yangi yilning, yangi mavsumning kelishini intiqlik bilan kutgan bobodehqonlar dalada allaqachon bahorgi yumushlarni boshlab yuborgan bo‘lsa, shahar va tumanlarda, bozorlar-u yirik savdo markazlarida Navro‘zi olam shodiyonalari xursandchilik bilan nishonlanmoqda.
Bunday bayramlar arafasida ichki iste’mol bozorini asosiy turdagi oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan kafolatli to‘ldirish va narx-navolar barqarorligini ta’minlash maqsadida shahar va tumanlardagi dehqon bozorlari, yirik savdo majmualari hamda mahalla guzarlarida arzonlashtirilgan savdo yarmarkalarining o‘tkazilishi xayrli an’anaga aylanib ulgurgan. Mamlakatimiz aholisi ham bu kabi tadbirlarni yuqori kayfiyat bilan kutib olmoqda. Shu bois bu xayrli an’ana bu yil ham davom ettirildi.
Navro‘z – umumxalq bayrami munosabati bilan joriy yilning 5-martidan 25-martiga qadar yurtimiz bo‘ylab barcha shahar va tumanlardagi dehqon bozorlari va yirik savdo markazlarida asosiy turdagi oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining arzonlashtirilgan savdo yarmarkalari tashkil etildi. Yaqinda Savdo yarmarkalari faoliyatini muvofiqlashtirish va ularning faoliyati bilan bog‘liq masalalarni tezkor hal etilishida amaliy yordam ko‘rsatish bo‘yicha Respublika ishchi guruhi rahbari Aziz Voitovning poytaxtimizdagi dehqon bozorlarida bo‘lib arzonlashtirilgan savdo yarmarkalarining faoliyati bilan tanishganligi to‘g‘risida xabar bergan edik.
Arzonlashtirilgan savdo yarmarkalari faoliyati davomida Qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov bayram kunlari aholi kayfiyatini ko‘tarish, joylarda chinakamiga bayramona shukuh kasb etilishi uchun zarur bo‘ladigan barcha ishlar bajarilishi yuzasidan mutasaddilar ishini muvofiqlashtirib bormoqda.
Bugun biz yurtimizning barcha viloyatlaridagi dehqon bozorlari va yirik savdo markazlarida tashkil etilgan oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining arzonlashtirilgan savdo yarmarkalaridagi haqiqiy holat bilan yaqindan tanishish maqsadida poytaxtimizning Yunusobod dehqon bozorida bo‘ldik.
Muhabbat Ahadova: Mana bugun bahor bayramida ro‘zg‘orga kerakli narsalarni xarid qilish uchun bozorga chiqqandik. Allohga shukur, hamma narsa arzonlashtirilgan juda yaxshi narxlarda sotilyapti. Sumalaklar pishib turgan ekan. Mana hozir go‘sht oldim arzonlashtirilgan narxda 65 000 so‘mdan oldim. Unga kelgan edim. 5 000 so‘mdan ekan. Elga xizmatda 5 500 so‘mdan sotilayotgandi. Bu yerda undan ham arzonroq ekan. Shuning uchun un ham oldim. Piyoz 8 000-9 000 so‘mdan edi. Hozir 5 000 so‘mdan oldim. Barchamiz bahoriy ko‘tarinki kayfiyatdamiz. Berganiga shukur. Yaqinlashib kelayotgan Navro‘zi olam bayrami bilan va Ro‘za Ramazon oyi bilan butun O‘zbekiston xalqini chin dildan samimiy tabriklayman. Yurtimizga tinchlik osoyishtalik qut-baraka, yangi yilimiz mo‘l-ko‘lchilik bilan kelishini tilab qolaman.
Sofiya Ovsyannikova: Biz nafaqat bayram kunlari balki boshqa paytlarda ham bu bozordan savdo qilamiz. Narxlar bizni qoniqtiradi. Ona yurtim O‘zbekiston ahlini Navro‘z bayrami bilan tabriklayman. Barchaga baxt-saodat, yuqori marralarga erishishini tilayman. Yurtimiz gullab yashnasin.
Ko‘rib turganingizdek Yunusobod dehqon bozorida hozirdan Navro‘zi olam shodiyonalari boshlab yuborilgan. Barchada ko‘tarinki kayfiyat hukmron. Yoshi ulug‘larimizning yuzlarida bugungi kunlarga yetkazganiga, bozorlarimiz noz-u ne’matlarga to‘la ekaniga shukronalik hissi sezilib turgan bo‘lsa, ko‘zlarida o‘t chaqnab turgan yoshlarimizning chehrasida kelajakdagi ulkan orzulari hozirdanoq ushalayotgani aks etib turganini sezish qiyin emas.
Alisher Azimov Yunusobod dehqon bozori rahbari o‘rinbosari: Ko‘rib turganingizdek bayramga yaxshi tayyorgarlik ko‘rganmiz. Bozorimizda oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining savdo yarmarkalarini ham mana ko‘rib turganingizdek tashkil etdik. 14 turdagi sifatli qishloq xo‘jaligi mahsulotlari Samarqand viloyatidan keltirilgan. Bundan tashqari bayram kunlari sumalak ham tarqatyapmiz. Go‘shtlarimiz 50 ming-60 ming so‘mdan sotilyapti. Kartoshkalar 3500 so‘mdan, sabzi 2500 so‘mdan, piyoz 4500 so‘mdan, pista yog‘lari 16500 so‘mdan sotuvga chiqarilgan. Bu kabi qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini uzluksiz olib kelyapmiz. Bozorga kelayotgan xaridorlarimiz ham ushbu narxlardan xursand.
Yelena Ugay: Bugun bozorimizda musiqa sadolari, hammada bahoriy, ko‘tarinki kayfiyat. Yarmarkada sifatli oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari mavjud. Sabzavot mahsulotlari va go‘sht sotib oldim. Narxlari ham hamyonbop. Juda ajoyib Yurtdoshlarimiz hech qachon dard ko‘rmasin. Bozorlarimizda oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ko‘p va arzon bo‘lishi uchun bobodehqonlarimizning ishlariga omad tilayman.
Jami 32 turdagi oziq ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari savdosi bo‘yicha arzonlashtirilgan savdo yarmarkalarida qishloq xo‘jaligi mahsulotlaridan go‘sht, kartoshka, sabzi, piyoz o‘zining sifati va maqbul narxlari bilan xaridorlarni o‘ziga jalb etmoqda.
Dilnavoz Isabekova: Bozorning narx-navosi menga yoqdi. O‘z vaqtida biz kartoshkani 6 000 so‘mdan olardik. Mana hozir 3 500-4 000 so‘m. Menga juda ham yoqdi. O‘zbekiston xalqini kirib kelayotgan navro‘z bayrami bilan chin qalbimdan tabriklayman. Ilohim yurtimiz tinch bo‘lsin. Xonadonlarimiz obod bo‘lsin. Keyingi bayramlarga ham o‘ynab-kulib yetishlik hammamizga nasib etsin. Bobodehqonlarimizning ishlariga rivoj tilayman. Ilohim dehqonlarimiz kasal bo‘lishmasin. Har doim xalq uchun elimiz uchun, yurtimiz uchun xizmat qilib yurishsin.
Lyudmila Garshina: Shunday yarmarkani tashkil etgani, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini keltirishgani uchun katta rahmat. Go‘sht juda yaxshi ekan xarid qildim.
Oziq ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining arzonlashtirilgan savdo yarmarkalarida mahsulotlarni uzluksiz ta’minlash maqsadida ta’minotchi korxonalar, agrofirmalar, klasterlar va fermer xo‘jaliklari mas’ul etib belgilangan. Bu kabi tashabbuslar aholiga arzon va sifatli mahsulotlarni yetkazish bilan birga narxlar sun’iy va asossiz ravishda oshirilishining oldini olishga xizmat qilmoqda.
Alouddin Tangriqulov: Mana yurtimizda katta bayram. Bozorda Sumalak deysizmi, ko‘k somsa-yu milliy taomlar deysizmi barchasi bor. Hamma yerda xursandchilik. Mana konsert tashkillashtirilgan. Rastalar toza-ozoda. Bozor ma’muriyatiga katta rahmat. Hamma yurtdoshlarimizni kelayotgan Navro‘z ayyomi bilan tabriklayman. Hammaga sog‘lik, tinchlik, omonlik tilayman.
Komiljon Sultonov Samarqand viloyati “Samarqand” agroklasteri rahbari: Hammani Navro‘zi olam bilan tabriklayman. Mana yurtboshimizning, hukumatimizning tashabbusi bilan Navro‘z bayramiga Yunusobod dehqon bozoriga Samarqand viloyatidan oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini olib kelib poytaxtimiz ahliga arzon narxlarda sotishni tashkil etdik. Bunda asosan sabzi, piyoz, kartoshka, karam, go‘sht, tuxum kabi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan xalqimiz dasturxonining to‘kinligiga o‘z hissamizni qo‘shayapmiz. Barchani Yunusobod dehqon bozoridagi arzonlashtirilgan savdo yarmarkalariga taklif qilaman. Keling savdo qiling. Doimo oilamizda, yurtimizda mana shunday xursandchilik, har kuni Navro‘z bo‘lsin.
Aholiga qulaylik yaratish bilan birga, xalqimizning bayram kayfiyatini ko‘tarishga xizmat qilayotgan arzonlashtirilgan savdo yarmarkalari nafaqat poytaxtimizda balki yurtimizning barcha shahar va tumanlaridagi dehqon bozorlari va yirik savdo markazlarida tashkil etilgan. Maqsad bitta. U ham bo‘lsa mamlakatimiz aholisiga saxovatli zaminimizda yetishtirilgan sifatli qishloq xo‘jaligi mahsulotlari va o‘zimizda qayta ishlangan oziq ovqat mahsulotlarini maqbul narxlarda yetkazib berish orqali har bir oila dasturxoniga fayz kiritish va bayram kayfiyatini ulashishdir.
Spelling error report
The following text will be sent to our editors: