Qishloq xo‘jaligi vazirligi ko‘magida Xalqaro qishloq xo‘jaligi universitetining bir guruh talabalari Sirdaryo viloyatida faoliyat yuritayotgan “Bek klaster” korxonasi faoliyati bilan tanishdi.
Xalqaro qishloq xo‘jaligi universitetining 2 bosqich talabalari dastlab Mirzaobod tumanidagi zamonaviy issiqxona faoliyati bilan tanishdi. Bulg‘or qalampiri, baqlajon va boshqa sabzavot mahsulotlarini gidroponika usulida yetishtirish va ularni mahalliy bozor hamda eksportga yo‘naltirish jarayoni haqida tashrif buyurganlarga yetarlicha ma’lumot berildi.
Nuriddin Faromuzov, “Bek klaster” MChJ agronomi.
– Issiqxonamiz 30 gektar bo‘lib, 26 gektar bulg‘or qalampiri, qolgani qismida baqlajon yetishtirilmoqda. Issiqxona Koreya texnologiyasi asosida barpo etilgan. Sug‘orish tizimi esa Ispaniya qishloq xo‘jaligida keng qo‘llanilayotgan samarali texnologiyaga asoslangan. Bu yerda yetishtirilayotgan “Marinella” navli bulg‘or qalampiri 1 gektar maydonga 16 ming tup ko‘chat ekilsa, undan olinadigan hosil 100 tonnagacha yetadi. Biz barcha poliz ekinlarini tabiiy ravishda, ya’ni xorijdan keltirilgan asalarilar bilan changlantirishni yo‘lga qo‘yganmiz. Bu avvalo hosilning mo‘l bo‘lishiga, shuningdek tabiiy ekologik toza, yuqori sifatli bo‘lishida muhim hisoblanadi.
Issiqxonada yetishtirilayotgan mahsulotlarning qadoqlanish jarayoni ham tashrif buyurganlarda katta taassurot qoldirdi. Bu yerda eng sifatli bulg‘or va baqlajon mahalliy bozorlar va supermarketlar tarmog‘iga tarqatish uchun saralanadi va qadoqlab jo‘natishga tayyorlanadi.
Zafar Qudratov, “Mirzaobod klaster” meva-sabzavot klasteri rahbari:
– Hozirgi kunda qishloq xo‘jaligidagi eng ilg‘or texnologiyalar asosida faoliyatimizni yo‘lga qo‘yganmiz. Jamiyatimizda 200 gektardan ortiq intensiv uzumzorlarimiz mavjud. Bu yerda “Husayni”, “Rizamat ota” va “Kelin barmoq” kabi uzum navlari yetishtirilmoqda. Zamonaviy tomchilatib sug‘orish tizimi ishimizni yengillashtiribgina qolmasdan, suv sarfining bir me’yorda bo‘lishini ta’minlaydi. Shuningdek, bu tizim uzum novdasi uchun zarur bo‘lgan mineral o‘g‘itlar va biologik qo‘shimchalarni qo‘l mehnatisiz, elektron boshqaruv paneli orqali bir maromda sug‘orishga yordam beradi.
Qishloq xo‘jaligi vazirligi va Xalqaro qishloq xo‘jaligi universitetidan kelgan mutaxassislar, xorijlik professor hamda talabalar “Bek klaster” MChJga qarashli paxta maydonlari va chigit ekish uchun tayyor turgan qishloq xo‘jaligi texnikalari bilan tanishdi. Bu yerda barcha texnikalar yerni chigit ekishga tayyor. Urug‘lik uchun o‘rta tolali “Samarqand”, “Sulton”, “Afsona” va ilk bor sinov tariqasida “SSB-Klaster-1” navlari tanlab olingan. Bug‘doy ekilgan hududda esa agrotexnikalar biologik qo‘shimchalar va zararli hashoratlardan asrovchi aralashmalarni sepishga tayyorlab qo‘yilgan.
Muxlisa Xayrullayeva, Xalqaro qishloq xo‘jaligi universiteti 2-bosqich talabasi:
– Bugun Qishloq xo‘jaligi vazirligi Xalqaro qishloq xo‘jaligi universiteti bilan birgalikda amaliyot loyihalari yo‘lga qo‘yilgan. Bugun Sirdaryoga “Bek klaster” MChJ faoliyati bilan tanishish uchun keldik. Bu bizga nima beradi. Eng avvalo xorijlik o‘qituvchilardan olayotgan nazariy bilimlarimizni amaliyot bilan uyg‘unlashtirish, yerga urug‘ qadashdan tortib uni tayyor mahsulotgacha bo‘lgan jarayonidan xabardor bo‘lmoqdamiz. Bu esa kelgusida qishloq xo‘jaligi sohasida ilm va innovatsiya uyg‘unlashishiga o‘z hissamni qo‘shishimga yordam beradi.
Shundan so‘ng mehmonlar “Bek klaster” MChJga qarashli 12 gektarda joylashgan paxta tozalash korxonasi faoliyati bilan tanishdi. Korxonada paxta qayta ishlanib, to‘qimachilik korxonalariga yuboriladi. Shuningdek, bu yerda chigitdan yog‘ olish sexi ham mavjud. Bu jarayon ham mehmonlarga manzur bo‘ldi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: