Joriy yil aprel oyining dastlabki kunlarida Respublika bo‘yicha ob-havo seryog‘in kelib, ayrim hududlarda jala va do‘l ko‘rinishida bo‘lib o‘tmoqda.
Bunda chigit ekilgan maydonlarda tuproqda namlikning me’yordan oshib ketishi, natijada yerning yuza qismida qatqaloq hosil bo‘lishi va ko‘chat unib chiqqan maydonlarda nihollarga ma’lum darajada zarar yetkazishiga olib keladi.
Ayniqsa, o‘rta va og‘ir qumoqli tuproqlarda kuchli yoqqan yomg‘irdan keyin tuproq yuzasida 2-3 sm dan 4-5 sm gacha, ba’zan 6-8 sm gacha qalinlikda qatqaloq hosil bo‘lib, ekilgan chigitlarni unib chiqishiga qiyinchilik tug‘diradi.
Unib chiqqan maydonlarda g‘o‘zani ildizi sust rivojlanadi, nihollar o‘sishdan to‘xtaydi, ildiz chirish va gommoz kasalliklari ko‘payadi va qatqoloq ostida qolgan nihollar nobud bo‘ladi.
Bunday paytlarda qatqaloqni yumshatish, bir tekis va sog‘lom ko‘chat olishda ko‘p yillik tajribaga ega bo‘lgan dehqon va fermerlar, olim va mutaxassislar tavsiyalariga tayangan holda ishlarni tashkil qilish lozim.
Bunda yer obi-tobiga kelishi bilanoq tuproqning ustki qismini bir-ikki kun ichida darhol yumshatish lozim. Bu namlikning ko‘tarilib ketishini kamaytiradi, tuproqning issiqlik rejimini yaxshilaydi va chigitni sog‘lom undirib olish imkonini beradi.
Qatqaloqqa qarshi kurashni birinchi imkoniyat bo‘lishi bilanoq boshlash zarur, aks holda paydo bo‘lgan nishlar qatqaloqni yorib chiqolmay ko‘pincha nobud bo‘ladi, unib chiqqan nihollar esa nimjon bo‘ladi va ko‘chat siyrak bo‘lib qoladi.
Tarkibida chirindi kam bo‘lgan tuproqlarda qatqaloq paydo bo‘lishi juda xavfli hisoblanib, qalin qatqaloq hosil bo‘ladi.
Agar u o‘z vaqtida yumshatilmasa tuproq qotib ketadi, uni yumshatish juda qiyin bo‘ladi. Bunday tuproqli yerlarda nam ham tez ko‘tarilib ketadi.
Ushbu xavfning oldini olish va yosh nihollarni saqlab qolish uchun tuproqning yuza qismini 1-2 kun ichida zudlik bilan yumshatish va qatqaloqni bartaraf etish talab etiladi.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, to‘liq hamda sog‘lom ko‘chat olish uchun yog‘ingarchilikdan keyin quyidagi tadbirlarni zudlik bilan amalga oshirish talab etiladi.
Birinchidan, barcha hududlarda ishchi guruhlari tashkil etib, har bir konturdagi paxta maydoni holatini to‘liq xatlovdan o‘tkazilib, amalga oshiriladigan agrotexnik tadbirlarni aniq belgilab olish zarur.
Ushbu tadbirlarni zudlik bilan bajarish maqsadida barcha hududlarda ommaviy safarbarlik e’lon qilish lozim.
Ikkinchidan, erta muddatlarda ekilgan va nihol olingan maydonlarda (Surxondaryo, Andijon, Farg‘ona, Samarqand, Buxoro viloyatlari) kultivatorga rotatsion motiga o‘rnatilib, mayin kultivatsiya qilinadi.
Shuningdek, erta va plyonka ostiga chigit ekilib, nihol olingan maydonlarda “Buxoro viloyati tajribasi” asosida qator orasiga ishlov beradigan TASCANO KTFCAC-03 frezerli kultivator bilan mayin kultivatsiya qilib qatqaloq to‘liq bartaraf etiladi.
Uchinchidan, tuproqning mexanik tarkibi og‘ir maydonlarda ekilgan chigitlar nish qadagan bo‘lsa qatqaloqni yumshatish uchun qo‘l kuchi bilan va rotatsion motigalardan foydalaniladi.
To‘rtinchidan, qatqaloq paydo bo‘lganligi sababli chigit unib chiqmagan dalalarda zig-zag baronalar bilan ko‘ndalangiga, rotatsion yumshatgichlar bilan uzunasiga qarab 4-5 sm chuqurlikda yumshatish tavsiya etiladi.
Qatqaloqni yumshatish ishlari 1 kunga kechiktirilsa 2-3 s/ga, 2 kunga kechiktirilsa 4-5 s/ga, 3 kunga kechiktirilsa 6-7 s/ga hosil yo‘qotilishiga olib keladi.
Chigit unib chiqqandan keyin qatqaloq paydo bo‘lsa boronadan foydalanish mumkin emas. Bunday hollarda rotatsion yumshatgichlardan hamda rotatsion yulduzchalardan foydalanish zarur.
Beshinchidan, qatqaloqni yumshatish ishlarini sifatli va zudlik bilan o‘tkazish uchun har bir klaster va fermer xo‘jaligida nazoratchilar bo‘lishi lozim. Joylarda qatqaloqni yumshatish bo‘yicha bajariladigan agrotexnik tadbirlarni tushuntirish uchun olim va mutaxassislardan iborat ishchi guruhlarini tashkil etib, har bir hududda seminarlar o‘tkaziladi.
Oltinchidan, qatqaloq hosil bo‘lgan maydonlarda ishchi guruhlarning ruxsatisiz buzib qayta ekish ishlariga aslo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Dalaning holatidan kelib chiqib, amalga oshiriladigan agrotexnik tadbirlar faqat mutaxsassislar tomonidan belgilanadi.
Hurmatli paxta-to‘qimachilik klasterlari va fermer xo‘jaliklari agronomlari, mexanizator va ishchilari!
Chigit ekilgan maydonlarda noqulay ob-havo sharoitlari natijasida yuzaga kelgan qatqaloqni yumshatish, to‘liq va sog‘lom ko‘chat olish bo‘yicha amalga oshiriladigan eng muhim agrotexnik tadbirlarni o‘z muddatida sifatli bajarilishi ko‘p jihatdan Sizlarga bog‘liq. Shundan kelib chiqib, ushbu tadbirlarni amalga oshirishga o‘ta mas’uliyat bilan ilmiy asosda yondashishni talab etadi.
Ushbu tavsiyalar – Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va yetishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti olimlari tomonidan tayyorlandi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: