“Oziq-ovqat xavfsizligi deganda nimani tushunamiz o‘zi? Mahsulotlarini ko’p miqdorda ishlab chiqarish oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlaydimi? Sog‘lom oziqlanish atamasi qanchalik to‘g‘ri?”
Qishloq xo‘jaligi vazirligida bo‘lib o‘tgan “Oziq-ovqat va sog‘lom oziqlanish xavfsizligi tushunchasi: konsepsiya va siyosat talqini” mavzusidagi o‘quv-seminarida Yevropa Ittifoqi ASK dasturi xalqaro eksperti Tugrul Temel tomonidan shu kabi savollarga javob berildi.
Davlat rahbarining 2019-yil 23-oktyabrdagi PQ-5853-son Farmoni bilan tasdiqlangan O‘zbekiston qishloq xo‘jaligini rivojlantirish strategiyasida aholi uchun oziq-ovqat ta’minoti barqarorligini ta’minlash birinchi ustuvor vazifa sifatida belgilangan.
Mazkur dolzarb yo‘nalish maqsadlariga erishishda soha mutaxassislarini xalqaro ilg‘or tajribalar bilan muntazam tanishtirish hamda salohiyatlarini oshirish muhim ahamiyatga ega bo‘lib, o‘tkazilgan treningda Qishloq xo‘jaligi, Moliya va iqtisod, Investitsiya va tashqi savdo vazirliklari, Karantin agentligi, Chorvachilik qo‘mitasi, Sanitariya epidemiologiya xizmati, ISCAD markazi mas’ul mutaxassislari ishtirok etdi.
«Oziq-ovqat xavfsizligini biz – turli sektor vakillari bir xil tushunmasligimiz mumkin. Qaysidir sektor bu masalani mahsulot ishlab chiqarishni ko‘paytirish bilan bog‘lasa, boshqa sektor mahsulotlar sifati va xavfsizligini ta’minlash, yana boshqa uchinchi sektor esa oziq-ovqat mahsulotlarining narxlarini nazorat qilish sifatida tushunib, ish olib boradi. Bu o‘rinda, tushunishimiz kerak bo‘lgan birinchi narsa – biz oziq-ovqat xavfsizligini emas, balki “Oziq-ovqat va sog‘lom-oziqlanish xavfsizligini ta’minlashimiz, ya’ni oziq-ovqatning faqat miqdoriga emas, balki nutrologik sifati mavjudligiga ham ahamiyat qaratishimiz kerak. Bu esa, siyosat darajasida, aholining barcha qatlami uchun keng turdagi, sog‘lom va xavfsiz oziq-ovqat mahsulotlaridan jismoniy va iqtisodiy jihatdan foydalanish imkoniyatini ta’minlash bilan o‘lchanadi. Sektorlararo kesishgan ushbu vazifa ijrosi yo‘lida barcha tegishli tashkilotlar bir xil tushunchaga ega bo‘lishi va ish faoliyatini faqat o‘z yo‘nalishida emas, balki umumiy yo‘nalishda olib borishi juda muhim.” – deydi Tugrul Temel konsepsiyani tushuntirar ekan.
Trening davomida ko‘tarilgan asosiy savollardan biri bu “Sog‘lom oziqlanish xavfsizligi” atamasi bilan bog‘liq bo‘lib, soha mutaxassislari tomonidan ushbu atama odatda insonlar iste’moli emas, balki chorva mollariga nisbatan qo‘llanishini ta’kidlandi. Janob Temel javobiga ko‘ra, “… xalqaro qabul qilingan atama inglizcha “Food and nutrition security” bo‘lib, bu yerda, “nutrition” so‘zi o‘zbekcha ekvivalenti yo‘qligi bois, “sog‘lom oziqlanish” deb tarjima qilingani, chunki gap “ovqatlanish, ovqat yeyish” haqida emas, “hayotiy ozuqa moddalarini iste’mol qilish” haqida…” ekanini tushuntirib, ushbu atamani o‘zbekchalashtirish masalasi zudlik bilan ko‘rib chiqilishini tavsiya qildi.
Mavzuga oid qizg‘in munozaralarga boy bo‘lgan ushbu trening kun tartibi kadrlar salohiyatini oshirish, oziq-ovqat va sog‘lom oziqlanish konsepsiyasining sektorlararo izchil anglashuvini ta’minlashga xizmat qildi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: